Jahon | 11:49 / 16.02.2022
50171
4 daqiqa o‘qiladi

«Siz bizga dushman emassiz». Bayden rossiyaliklarga murojaat qildi

Bayden rossiyaliklardan AQSh va NATOdan qo‘rqmaslikni so‘radi.

Foto: Reuters

AQSh va NATO rossiyaliklarga tahdid solmayapti va Rossiyani beqarorlashtirmoqchi emas. Bu haqda Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha chiqishida AQSh prezidenti Jo Bayden ma’lum qildi. Uning nutqi Oq uy matbuot xizmati tomonidan translatsiya qilindi.

«AQSh ham, NATO ham Rossiya uchun xavf solmayapti. Bizning harakatlarimiz Rossiya fuqarolariga qarshi qaratilmagan, Rossiyani beqarorlashtirishga urinmayapmiz. Rossiya fuqarolari, siz bizga dushman emassiz. Men sizlardan kimdir tarixiy va madaniy rishtalar mavjud bo‘lgan Ukrainaga qarshi qonli va vayronkor urush boshlanishini xohlashiga ishonmayman. 77 yil muqaddam bizning xalqlarimiz tarixdagi eng qo‘rqinchli urushga yakun yasash uchun yelkama-yelka jang qilgandi», — degan Bayden.

U AQSh va G‘arb Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritishga tayyor turganini aytdi. «Biz Rossiyani iqtisodiy va strategik plandagi raqobatbardoshlikdan mahrum qiluvchi uzoq muddatli oqibatlarga olib keladigan choralar ko‘ramiz», — deya ogohlantirgan va bosqin ro‘y bersa, «Shimoliy oqim-2» ishga tushmasligini qayd etib. Moskvaga qarshi choralar ruslar AQShga bilvosita tahdid solsa ham, masalan, Amerika kompaniyalariga qarshi kiberhujumlar qilinsa ham qo‘llanishi ma’lum qilingan.

Shu bilan birga AQSh prezidenti Rossiya Ukrainaga bostirib kirish ehtimoli saqlanib qolayotganini aytgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hamon Ukrainani 150 mingdan ortiq qo‘shin qurshab turibdi.

«Fakt faktligicha qoladi: hozirda Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida 150 ming qo‘shin bilan turibdi», — degan u.

RF mudofaa vazirligining rossiyalik harbiylarning bir qismi Ukraina chegaralari yaqinidagi mashg‘ulotlardan ortga qaytarilayotgani haqidagi bayonotiga izoh berarkan, Bayden AQSh hali bu ma’lumotni tekshirishi kerakligini aytgan. «Bu yaxshi bo‘lardi, ammo bunga hali ishonchimiz komil emas», — degan u.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Vashington voqealarning har qanday rivojiga tayyor: diplomatiyaga ham, hujum ro‘y bergan taqdirda unga qat’iy javob qaytarishga ham, jumladan sanksiyalar orqali. 

«Ukrainaga hujum o‘z oyog‘iga o‘q uzish bilan teng harakat. G‘arb birlashadi», degan Bayden.

U AQSh hamon diplomatiya tarafdori ekani va inqirozdan tinch yo‘l bilan chiqish mumkinligiga ishonishini qayd etgan.

«Rossiya va AQSh oldida tanlov bor. Urush emas, diplomatiya tanlovi. Muvaffaqiyatga erishish [vaziyatni barqarorlashtirishda] uchun biz barcha imkonni diplomatiyaga qaratishimiz kerak», — degan Bayden.

  • 2021 yil kuzidan Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida qo‘shin to‘play boshladi, shu tufayli G‘arb davlatlari bosqin ehtimoli haqida gapira boshladi. RF hukumati harbiylarning chegaraga surilishini mashg‘ulotlar bilan izohladi va kimgadir hujum qilish niyati yo‘qligini aytdi.
  • OAVning yozishicha, Amerika razvedkasi va harbiylar NATO davlatlarini ehtimoliy hujum 16 fevral kuni boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Shu bilan birga AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan AQSh hujum sanasini aniq ayta olmasligini bildirgan.
  • Inqiroz fonida AQSh, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va boshqa ko‘plab davlatlar o‘z fuqarolarini Ukrainaga bormaslik va u yerni tark etishga chaqirgan.

Mavzuga oid