O‘zbekiston | 13:01 / 17.02.2022
25848
5 daqiqa o‘qiladi

Taqiqlangan tashkilotga a’zolikda ayblangan ayol afv qilindi. U 16 yildan so‘ng Shvetsiyadan vatanga qaytdi

O‘zbekiston hududida faoliyati taqiqlangan diniy ekstremistik oqim faoliyatiga aloqadorlikda ayblanib 2004 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Malikaxon Sodiqova, prezident farmoniga asosan afv etilib, 12 fevral kuni Shvetsiyadan O‘zbekistonga qaytib keldi.

2018 yilda qabul qilingan “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 5542-sonli prezident farmoni asosida, O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tganlarga vataniga, oilasi bag‘riga qaytish imkoni berilmoqda.

Jumladan, 2021 yil 22 dekabr kuni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida bo‘lib o‘tgan Respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan 14 nafar fuqaroning jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida taqdim etilgan murojaatlari ko‘rib chiqilgan edi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida o‘tkazilgan komissiya yig‘ilishi. 2021 yil 22 dekabr / Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Oliy sud, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Tashqi ishlar vazirliklari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi rahbar-xodimlari, DXX va Bosh prokuraturaning tegishli boshqarma va tarmoq boshliqlari qatnashgan ishchi guruh yig‘ilishida taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan 9 nafar fuqaroni jinoiy javobgarlikdan ozod etish hamda 5 nafar fuqaroni jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni rad qilish bo‘yicha xulosa berilgan.

Malikaxon Sodiqova ham afv etilgan 9 nafar fuqaro qatorida javobgarlikdan ozod qilinib, O‘zbekistonga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.

“Bugun men uchun tarixiy va hayajonli kun. 16 yildan keyin Toshkentga birinchi marotaba kelishim. Allohga shukr, avvalo, bunga sababchi bo‘lgan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yurgizayotgan siyosatlaridan ham mamnunman. Prezident farmoni asosida oqlanib kelyapman, men bundan judayam baxtliman. Onam va yaqinlarim meni shuncha yil kutib yashadi. Buning uchun prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman. Yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatib boraman, rivojlanishga men ham o‘z hissamni qo‘shishni niyat qilganman.

Malikaxon Sodiqova / Foto: Kun.uz

Men afv qilishlarini so‘rab Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgandim, menga javob yuborishdi, hammasi juda oson bo‘ldi. Xorijdagi boshqa vatandoshlarimizga ham o‘zlariga yaqin joydagi O‘zbekiston vakolatxonalariga murojaat qilib, oqlanib vatanga qaytishlariga tilakdoshman», – deya Malikaxon Sodiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshkent xalqaro aeroportida Malikaxon Sodiqovani kutib olgan yaqinlari ham xursandchilik ko‘z yoshlarini yashira olmadi va minnatdorchiliklarini izhor qildi.

Malikaxon Sodiqova va yaqinlari / Foto: Kun.uz
Malikaxon Sodiqova va yaqinlari / Foto: Kun.uz

Ma’lumot uchun, «Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 5542-sonli prezident farmoni asosida, bosh prokuror boshchiligida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgan.

Ushbu komissiya quyidagi hollarda taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish bo‘yicha xulosa beradi:

  • aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lsa;
  • jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan bo‘lsa;
  • taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yo‘li bilan jalb etilgan bo‘lsa;
  • taqiqlangan tashkilotlarning g‘oyaviy yoki ma’naviy rahnamosi bo‘lmagan bo‘lsa;
  • jangovar harakatlarda va qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan bo‘lsa;
  • terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda o‘quv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan bo‘lsa;
  • terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan bo‘lsa;
  • xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etmagan bo‘lsa;
  • terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lgan materiallarni adashib yoki axborot-kommunikatsiya vositalarida tarqatishga qasd qilmagan va bunday maqsadni ko‘zlamagan holda saqlagan bo‘lsa.

Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari barcha davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi. Shuningdek, hujjatda “ushbu Farmon fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish uchun asos hisoblanishi” ham belgilab qo‘yilgan.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid