O‘zbekiston | 22:21 / 19.02.2022
7186
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent avtobuslarida interval 2-3 barobar qisqaradi, har ikkita avtobusdan biri elektrobus bo‘ladi

2025 yilgacha Toshkentda katta hajmli yo‘lovchi tashish harakat tarkibi ulushi hozirgi 47 foizdan 75 foizga, elektrobuslar ulushi 49 foizgacha oshiriladi. Avtobuslarning o‘rtacha oraliq intervali 20-25 daqiqadan 5-10 daqiqaga tushiriladi. Bu – shahar jamoat transportini rivojlantirish strategiyasida belgilangan.

18 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda transport vaziri o‘rinbosari Abdusamad Mo‘minov o‘tgan oyda tasdiqlangan Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimini 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

“Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkentdagi yer usti jamoat transporti va metropoliten yo‘nalishlari kesishuv nuqtalarida qo‘shimcha 16 ta transport o‘tish bog‘lamalarini qurish mo‘ljallangan. Masalan, metroning “Turkiston”, “Paxtakor”, “Beruniy”, umuman, hamma bekatlarida mana shunday transport bog‘lamalarini tashkil etishni rejalashtiryapmiz.

Shaharning turli nuqtalaridan poytaxt markaziga kirib kelayotgan avtotransport vositalari oqimini kamaytirish maqsadida yo‘lovchi oqimi yuqori bo‘lgan Chilonzor, Yunusobod (“Shahriston”) va Yashnobod (“Rohat”) tumanlaridagi 6 ta metro bekatiga avtoturargohlar tashkil etiladi. Bu yaqinda ishlab chiqilgan Toshkent jamoat transporti konsepsiyasida ko‘zda tutilgan. Hisob-kitoblari qilingan.

Abdusamad Mo‘minov, transport vaziri o‘rinbosari / Foto: Kun.uz

Buning natijasi katta hajmli yo‘lovchi tashish harakat tarkibi ulushi hozirgi 47 foizdan 75 foizga, elektrobuslar ulushi 49 foizgacha oshiriladi. Avtobuslarning o‘rtacha tasarruf muddati 7 yildan 3,5 yilgacha kamayadi. Atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar 185 ming tonnadan 2 ming tonnagacha kamayadi.

Avtobuslarning o‘rtacha oraliq intervali 20-25 daqiqadan 5-10 daqiqaga, o‘rtacha qatnov vaqti esa 53 daqiqadan 37 daqiqaga hamda shahar markaziga yetib borish vaqti 42 daqiqadan 30 daqiqagacha qisqaradi”, – dedi Abdusamad Mo‘minov.

Foto: Kun.uz

Senat raisi Tanzila Norboyeva transport vaziri o‘rinbosaridan ma’ruzada sanab o‘tilgan ishlar qachon amalga oshirilishi, uning muddati, moliyaviy manbalari bilan qiziqdi.

“Chora-tadbirlar rejasi tayyorlanmoqda. Moliyaviy manbasiga keladigan bo‘lsak, bu masalani budjet va tadbirkorlarning zimmasiga yuklayapmiz. Bu yerda o‘ziga yarasha muammolarimiz ham bor. Avtobuslarning narxi 5 yil ichida ikki marta oshib ketgan, logistika bilan bog‘liq muammolar kuzatilyapti.

Shunga qaramay, yilning oxirida qabul qilingan ikkita qaror asosida yo‘lovchi tashuvchilarning xarajatlarini qoplash uchun ularga mahalliy budjetdan subsidiya qaytarishni boshlaymiz. Agarda shuni qo‘llaydigan bo‘lsak, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari avtobuslar xarid qilishni ko‘paytirishga va’da berishgan”, – deydi Abdusamad Mo‘minov.

Жамшид Ниёзов
Muallif Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid