Andijon shahar hokimining jurnalistlarga qarshi “tan qo‘riqchisi” bormi?
Murojaatlar ortidan Andijon shahriga borgan yoki shahar hokimi Bahrom Haydarovdan izoh olmoqchi bo‘lgan jurnalist ehtiyot bo‘lgani ma’qul. Sababi, surishtiruv o‘tkazayotgan jurnalist yoki bloger hokimning qo‘shtirnoq ichidagi yollangan “tan qo‘riqchi”si hujumiga uchrashi mumkin.
Tushunishimizcha, hokim Bahromjon Haydarov mazkur “quroli”ni “do‘ppi tor kelgan payt”da qo‘llaydi.
Uning ayol qo‘riqchisi sizni beparda so‘zlar bilan haqoratlab, to‘polon ko‘tarib sharmanda qilishga urinishi, suratga olish ishlariga xalaqit berishi, o‘zingizga va uskunalaringizga zarar yetkazishi mumkin. Kuni kecha Andijon shahar hokimidan izoh olmoqchi bo‘lgan “Vodiy 24” nashri jurnalistlari ana shunday “hujum”ga uchrashdi va ularni hokim qabulxonasidan quvib chiqarmoqchi bo‘lishdi.
Qizig‘i, Kun.uz ijodiy jamoasi ham to‘rt oy oldin shahar hokimining noqonuniy qaroriga ko‘ra qurilayotgan inshoot yuzasidan surishtiruv o‘tkazayotib ana shunday ayol qarshiligiga uchragandi. Bu haqda keyinroq. Keling, kechagi voqeaga to‘xtalsak.
Shahar hokimining “spetsnaz” guruhi nima uchun kerak?
YouTube tarmog‘idagi Shuhrat Esonov kanalidagi videolavhalarga ko‘ra, Andijon shahar hokimi qabulxonasida qiziq holat yuz bergan.
Videotasvirlarda murojaat ortidan Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovdan intervyu olish uchun kelgan “Vodiy 24” nashri jurnalisti Shuhrat Esonov qabulxonada navbat kutib o‘tirganida bir ayol (Donoxon Rejapova) kelib, tasvirga olish guruhiga bosim o‘tkaza boshlaydi. Ayol ularga “Hokim oldiga kirmaysanlar!” deya baqirib, beparda so‘zlar bilan haqoratlaydi.
Ayol blogerlarni turtib tashqariga chiqaradi va ularning fotouskunalarini tashqariga uloqtirib zarar yetkazadi. Ayolga: “Opa, jurnalistik surishtiruvimizga qarshilik qilyapsiz. Hozir IIBni chaqiramiz”, deb aytishganida ayol unga IIB ham hech narsa qila olmasligini aytib, yana nojo‘ya so‘zlar bilan so‘kina boshlaydi va jurnalistlarni qabulxonadan turtib quvib chiqaradi.
Yetib kelgan hudud profilaktika noziri ham to‘polonga aralashmaydi va jurnalistlarga: “Sizlarni kim pul to‘lab yolladi?! Bahodirmi? O‘sha qani?” deya murojaat qiladi. Tasvir so‘ngida ikki ayol haqoratli so‘zlar bilan tasvirga olish guruhi a’zolaridan birini bo‘g‘ib, do‘pposlashga urinayotganini ko‘rish mumkin.
Andijon shahar hokimligining munosabati
“Jurnalistlar qabulxonada shahar hokimini kutib o‘tirgan vaqtda binoga hokim qabuliga kirish uchun kelgan murojaatchi ayol telefon orqali suratga olinayotganiga ko‘zi tushgan. Shunda ayol ularning jurnalist ekanini payqagan va ehtirosga berilib janjal ko‘targan. Bunga sabab qilib ayol hayotida bloger bilan bog‘liq noxush holat bo‘lganini ta’kidlamoqda. Buni videolavha davomida ko‘rishingiz mumkin”, deyiladi unda. Shu so‘zlarni yozgan kotibni o‘zi ham munosabatga ishonmagan bo‘lsa kerak.
Savol tug‘iladi: Aslida ayol yollanganmidi?
Bu kabi holat Kun.uz jurnalisti bilan ham sodir bo‘lgan
Shu joyda bundan to‘rt oy oldin Kun.uz ijodiy guruhi bilan ro‘y bergan voqeaga to‘xtalamiz. Biz Andijon shahar Mashrab ko‘chasi 44-ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi aholi murojaatiga ko‘ra, hududda tadbirkorga yer maydoni noqonuniy berilganini o‘rganayotganimizda aynan o‘sha, o‘zini Donoxon Rejapova deya tanishtirgan ayol bizga ham qarshilik qilishga uringandi.
Ayol qo‘limizdagi mikrofonni tortib olishga urinib, shahar hokimining qarori to‘g‘ri ekanini, “kattakonlar” qarori doim haq ekanini baqirib-chaqirib bizga tushuntirmoqchi bo‘lgan. 44-uyda yashovchilar uning fikriga qarshi chiqishganida ularni ham baqirib qo‘rqitishga uringandi. Biz jurnalistik nuqtayi nazardan maqolada uning ham fikrini berganmiz.
U hokimning himoyasiga hozir-u nozir
Andijon shahri O‘rikzor mahallasi 40-uyda yashovchi aholi vakillari ayol hokim Bahromjon Haydarov chiqargan har qanday qarorni himoya qilish uchun muammo tug‘ilgan joyda doim paydo bo‘lishini aytishdi. Donoxon Rejapova o‘tgan yili O‘rikzor mahalla, ko‘p qavatli uylar oldidagi “Yashil hudud” o‘rniga noqonuniy ravishda savdo do‘koni qurilayotgan paytda ham to‘polon qilib, shahar hokimligi qarorini bor kuchi bilan himoya qilganini videolavhalarda ko‘rdik.
Donoxon Rejapova shahar hokimining qaroriga qarshi chiqqan aholi vakillarini so‘kib, masxara qilib do‘konlar qurilishi tepasida o‘zi turishini aytadi.
Yakun
Menimcha, to‘polonchi ayolning shahar hokimligiga tasodifan kelib qolmagani bo‘yicha boshqa izoh berishning hojati qolmadi hisob.
Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish o‘rniga ularga qarshi kurashda nomardlarcha jirkanch usuldan foydalanayotgani taajjubga soladi.
Shaharda qonunsizlik shu darajaga yetganki, IIB xodimlari ko‘r-ko‘rona hokimlik tarafini olib, qonunsizlikni o‘zlari ko‘rmaganday tutishmoqda. Buni jurnalistlarga qilingan bosim paytidagi hudud profilaktika inspektorining harakatlarida ko‘rdik.
Andijonda bunday holat davom etmasligi kerak! Biz esa Andijon viloyat va shahar prokuraturasidan “qo‘riqchilarni” yollagan hokim va jurnalistlarni haqorat qilgan qonunbuzar ayollar bo‘yicha aniq harakatlar kutib qolamiz.
Elmurod Ermatov,
Kun.uz maxsus muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi –
Azizbek Ismoilov
Mavzuga oid
18:09 / 13.09.2024
Andijonda o‘quvchilarni jazo sifatida o‘tirib-turg‘azgan xodimga chora ko‘rildi
14:38 / 12.09.2024
Andijonda darsga kech kelgan qizlar jazo sifatida o‘tirib-turg‘azildi. Bu mumkin emas
12:19 / 10.09.2024
Andijonda homilador ayolning vafoti bo‘yicha prokuratura tekshiruv o‘tkazadi
16:06 / 09.09.2024