O‘zbekiston | 19:43 / 21.02.2022
2165
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 2021 yilda 38 ta tashkilotda 9 mlrd so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilingan

Navoiy viloyatida 2021 yilda 38 ta muassasada 9 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Foto: KUN.UZ

Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat prokurori Baxtiyor Ahmedovning 2021 yil hududda qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglangan.

Baxtiyor Ahmedovga ko‘ra, o‘tgan yilda viloyatda 385 nafar fuqaroga kechiktirilgan 830 mln so‘m ish haqi, 11 nafariga 6 mln so‘m pensiya va nafaqa pullari undirib berilgan. Shuningdek, davlat idoralarining mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan budjet mablag‘laridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlarida 38 ta tashkilotda 9 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Prokuror o‘z axborotida 2-sektor hududida ehtiyojmand oilalarga 781 mln so‘mlik oziq-ovqat, 14 mln so‘mlik dori-darmon, 923 mln so‘m mablag‘ tarqatilganini ham ta’kidlab o‘tgan.

Oldinroq viloyat prokurori Navoiyda korrupsiya va mansab mavqeyini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun ikki yilda 120 nafar mansabdor shaxs va davlat xizmatchisi jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid