O‘zbekiston | 14:00 / 21.02.2022
6365
9 daqiqa o‘qiladi

“Qiz bolani o‘qitmaslikka sabab bo‘ladigan barcha omillarni olib tashlash kerak” - yozuvchi xotin-qizlar ta’limi haqida

“Qo‘rqma” asari bilan kitobxonlar e’tiboriga tushgan yozuvchi Javlon Jovliyev xotin-qizlar ta’limidagi muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha fikrlari bilan bo‘lishdi.

Foto: KUN.UZ

O‘tgan yili respublika bo‘ylab o‘n mingdan ortiq kitobxonlar bilan uchrashdim. Ularning taxminan 70 foizga yaqini talaba qizlar edi. Kitobxonlar savollariga javob bergach, men ham bitta savol qo‘yardim. Ularning javobi mening keyingi asarlarim uchun juda muhim bo‘lib, turli viloyatlarda har xil sharoitda o‘qiyotgan qizlar bilan ko‘rishish imkoniyati menda har doim ham bo‘lmasdi.

“O‘zbek qizlarida ta’lim olish va muvaffaqiyatga erishish uchun qanday to‘siqlar bor, deb bilasiz?” Ular savolimni eshitgach, avval jim qolishadi, so‘ng birinchi fikr oqimi paydo bo‘ladi:

“Yaqinlarimizning qarshiligi”

– qizining o‘qishini istamaslik;

– ishonchsizlik;

– moddiy va ruhiy tomondan qo‘llamaslik;

– oilaning o‘ta qashshoqligi yoki o‘ta boyligi;

– qizning kelajagini to‘liq boshqarishga intilish;

– orzularning ham chegaralanishi;

– oilaviy an’analar.

“O‘zimizning qarshiligimiz”

– jur’at va kurashuvchanlik yetishmasligi;

– inson chindan xohlasagina, atrofidagilarga ta’sir o‘tkazishi mumkin;

– yalqovlik, ilmsizlik va mashaqqatlardan qochish;

– qizlardagi boqimandalik (otaga yo erga) kayfiyati bilan shaxsiy harakatni o‘ldirish.

“Tashqi qarshiliklar”

– o‘zbekchilik, urf-odatlar, an’analarni faqat qizlar taqdiri bilan bog‘lash;

– qizni o‘rab turgan jamiyat;

– siyosiy omillar;

– ta’limdagi nosozliklar;

– jamiyatning kelajak borasidagi tushkunlik kayfiyati yoki moddiyatga o‘chlikning ommaviy tus olishi.

Men bu fikrlarni talaba qizlardan eshitdim va sizga shundayligicha keltiryapman. Bu muammoning izohini bir so‘z bilan aytish qiyin, ammo oqibati tayin: millat kelajagini ham boy berish.

Onalar saviyasi xaroblashishi xavfi

Meni mamlakatning qashshoqligidan ham ko‘ra, onalar saviyasi xarobligi ko‘proq qayg‘uga soladi. Davlatdagi yo‘qchilik to‘g‘ri islohotlar bilan o‘zgarishi mumkin, ammo onalar tafakkurining torayishi, toraytirilishi kelajak borasidagi umidlarni ham o‘ldiradi, bunday yo‘qotishlarni to‘g‘rilab bo‘lmaydi keyin.

Fizika-matematika fanlari bo‘yicha juda yosh ilmiy ish (PhD) yoqlagan qiz bilan Milliy kutubxonada tanishgandik. Fikrlashi, ilmi va g‘ayratiga havasim kelardi. Erga tekkach, qaynonasi shu paytgacha mavjud fizikaning mukammal ishlangan tortishish qonunlaridan g‘olib keldi. Mehmondorchilikka istalgan paytda borish uchun kelinni avval doktorlik qilishdan qaytardi, keyin butunlay fandan “sovitdi”.

“Men ham quda-andaliman, orzu-havasliman, yolg‘iz yuraymi?” deb bir olimaning umrini xazon qilgan ona–qaynonalardan bir o‘zbek o‘laroq uyalaman. Kuni kecha sobiq “olima”ni Chorsu bozorida ko‘rib qoldim, zo‘rg‘a tanidim, qaynonasiga o‘xshab qolibdi – semirgan, tillaga burkangan, sekin odimlaydi, esnaydi... Ko‘zlar shishgan, yuzidan nuri qochibdi, uning chiroyi yagona – ilmda edi. Avval bu ko‘zlar chiroqsiz xonani charog‘on etadigan darajada yorug‘ edi, qadamlari shiddatli edi.

Chin orzu-havas – ilmli qiz o‘stirish, ilmli kelin olish va uni qo‘llash bilan o‘lchanishi kerak, bu qaynonaning vatan uchun ulug‘ xizmatidir. Bunday onalarimiz ham ko‘p.

Bir rassom, ilk ishi bilan respublikada birinchi o‘rinni olgandi. Buxoroning plakatlardan (o‘qlardan emas) vayron bo‘lgan masjidlari, o‘yiq minoralarini chizgan. Qoyil qolasiz yuragiga, ko‘rimiga! Bugun shu qiz, shu jur’at bilan hech nima “qilmay” yashayapti. Yo‘q, chizsa kerak, erining tuflisiga, har tong poyabzal krem bilan o‘z qismatin suratini beradi, kremni bo‘yoq kabi charm tufli ustiga siqadi... Uning hayoti – ko‘rgan ranglaridan hislar va tuyg‘ular olamini yaratishdir, shu hayot qafasda: ruxsat yo‘q!

Men uning o‘sha san’atkor qo‘llar bilan tozalangan tuflisini tadbirlarda ko‘raman, shunda erkaklar oyog‘i ostida xor etilgan ilmli o‘zbek qizlari kartinasi namoyon bo‘ladi.

Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasida o‘ta mutaassib Sayid Obidning o‘z qizi va butun ayol zotiga bergan shunday ta’rifi bor:

“Nima qipti u xohlasa? Qizlarning aqli

Ikki pashsha, uch kapalak fahmicha xolos”.

Bunday tor fikrlilarga, qizlar va xotinlarning o‘qishiga qarshi turganlarga Mirzo Ulug‘bekning qat’iyat bilan aytgan quyidagi fikri yangraydi:

“Sayid Obid, Buxoroga borganmisiz siz,

Ha, ko‘p borgansiz pirlar oldiga,

Va ko‘rgansiz madrasamning naq peshtoqiga

“Talabulilm Farizatun alo kulli muslimu muslimot”

Bu kalomning ma’nosini xo‘p tushunarsiz. Bu ne degani?

 – Ilm o‘qimoq farz erur birday, Musulmonning erlari-yu, ayollariga.

Siz bo‘lsa Ulug‘bekning madrasasini fisq-fasod uyi deysiz!

Qayerda vijdon!”

Qizlar o‘qimasligiga sabab bo‘ladigan barcha to‘siqlarni olib tashlash kerak

Ilm olmoq – ayol-u erkak uchun birday farz. Ammo ko‘pchilikning vijdon tarozisi faqat o‘z manfaati tomonga bosadigan qilib yo‘nalgan. O‘qigan qizlarni yomonotliq qiladi, o‘zining qizlarini esa hatto orzu qilishga qo‘ymaydi. Ammo nima bo‘lganda ham, shunday fikrli ota-onalar va qizlar ta’limi uchun tanlov imkoniyati bo‘lishi kerak. Ayrim oilalarga faqat qizlar o‘qiydigan ta’lim dargohi kerakmi (qizini o‘qitmaslik uchun shu bahona bo‘layotgan bo‘lsa), ochish kerak, hech qanday to‘sqinlik bo‘lmasligi, qiz bolani o‘qitmaslik uchun sabab bo‘ladigan barcha omillarni olib tashlash kerak.

Faqat qizlarni moddiy va ma’naviy qo‘llaydigan ijtimoiy tuzilma shart. Uyida xorlikka uchragan yo haydalgan, ota qabul qilmagan qiz yo kelin qayerdan madad oladi? Mahalla uni majburan yarashtirishdan boshqa narsaga yaramaydi.

O‘qishi uchun shartnoma pulini to‘lay olmayotgan qizlar, ishdan bo‘shatilgan ayollar, bolasini katta qilib o‘z ishiga qayta olinmaganlar – ularni qo‘llash uchun bir emas, bir nechta jamoat tashkilotlariga ehtiyoj yuqori.

Kitobxonlar bilan bo‘lgan uchrashuvlarning birida qashqadaryolik bir qizning yig‘lab aytgan quyidagi gaplari sira esimdan chiqmaydi:

“Men birinchi kursni Yodju texnika institutida (Yeoju Technical Institute In Tashkent) o‘qidim, ta’til payti turmushga chiqdim, to‘ydan bir hafta o‘tgach qaynonam: “Sen o‘qiyotgan institutning diplomi bizga o‘tmas ekan, o‘zimizning pedinstitutga ko‘chirasan”, deb turib oldilar. Davlat qarorlari, qo‘shma bitimlarni ko‘rsatdim, mahalladagi xotinlarning gapi barcha hukumat qonunlaridan ustun keldi. Men o‘qishimni o‘zim istamagan viloyat o‘quv yurtiga ko‘chirishga majbur bo‘ldim.

Men erimni yaxshi ko‘raman, farzand ham kutyapmiz, ammo men o‘zim istaganday ilm olishni ham, ko‘p o‘qishni, ko‘proq mehnat qilib, o‘zim bolalikdan istagan joylarda ishlashni istayman, nimaga bizda bunday? Ham oilaviy, ham o‘zim istagan ilm yo‘lida yaxshi yashashga haqqim yo‘qmi?”

Men uning savoliga javob bera olmayman. Oiladan kechish katta baxsizlik, ammo armonlar bilan ham to‘la baxtli bo‘la olmaydi-ku odam. Uning umidlarini gap-so‘zlar, turli keraksiz majburiyatlar o‘ldiryapti, shu o‘lgan ruh bilan u bola tug‘adi, shu siniq dil bilan uni tarbiya qiladi, millatning ko‘p bolalari yoshlikdan o‘lik ruh va kun o‘tar qismat programmasi bilan ulg‘ayadi. Katta orzular, maqsadlar to‘y va mashina olish bilan tugaydi. Keyin nimaga rivojlanmayapmiz, nimaga hammadan ortda qolaveramiz, deyaveramiz. Mamlakatning ikki qanoti bo‘la turib, birini bog‘lab, biri bilan parvoz qilaman, deb atrofni changga burkayotgan, pitirlayotgan qushga o‘xshaymiz. Qanotlarimizga ishonaylik, ularni qo‘llaylik, erkinlik beraylik!

Зилола Ғайбуллаева
Muallif Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid