O‘zbekiston | 18:44 / 26.02.2022
69924
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Amir Temur qabri ochilgani haqida mish-mish tarqaldi. Fanlar akademiyasi bu feyk ekanini ma’lum qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda joylashgan Amir Temur qabri ochilgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: KUN.UZ

Fanlar akademiyasining munosabatida yozilishicha, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yil dekabrida Fanlar akademiyasi Prezidiumining Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasida Amir Temur qabrini ochish bo‘yicha qarori qabul qilingani va 2022 yil 23 fevral kuni arxeologlar tomonidan maqbara ochilgani haqida xabar tarqalgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu xabar yolg‘on. Fanlar akademiyasida ushbu masala muhokama qilinmagan va kun tartibiga qo‘yilmagan. Arxeologlar tomonidan ham hech qanday qazishmalar olib borilmagan va rejalashtirilmagan.

«Shu bilan bir qatorda, xabarda keltirilgan qazishma rahbari deb aytilgan Toshmuhammad Qori-Niyoziy 1970 yilda vafot etgan bo‘lib, birinchi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti hisoblanadi. Umuman olganda, ushbu xabar 1941 yildagi ma’lumotlar asosida tayyorlangan.

Ma’lumot tarzida qayd etish lozimki, Amir Temur maqbarasi 1941 yilning 16-22 iyun kunlari hukumatning maxsus qarori bilan ochilgan bo‘lib, ekspeditsiyaga professor T.Qori-Niyoziy rahbarlik qilgan. Dastlab Amir Temurning o‘g‘illari Mironshoh, Mirzo Shohruh, nevarasi Mirzo Ulug‘bekning, 1941 yilning 19 iyunida esa o‘zining qabri ochilgan.

Undan so‘ng Amir Temurning nevarasi Muhammad Sultonning qabri ham ochilgan. Antropolog M.M.Gerasimov o‘zi yaratgan usul bilan Amir Temur, Mironshoh, Shohruh, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning hujjatli portretlarini yaratgan. 1942 yilning oxirlariga kelib, Amir Temur maqbarasidan qazib olingan suyaklar ilmiy jihatdan o‘rganib bo‘lingach, qaytadan o‘z joylariga dafn etilgan.

Hurmatli jurnalist va blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, bu kabi asoslantirilmagan yolg‘on xabar va ma’lumotlarni tarqatmasligingizni so‘rab qolamiz!» deyiladi munosabatda.

Ma’lumot uchun, 1941 yil 19 iyunda Amir Temur qabri ochilgan. Oradan ikki kun o‘tib, Germaniya sovet ittifoqiga hujum qilgan. O‘shanda xalq orasida «Amir Temurning qabri ochilgani uchun urush boshlandi», degan mish-mishlar tarqalgan.

Mavzuga oid