Jahon | 14:39 / 28.02.2022
16877
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina mudofaa vazirligi: rossiyaliklarning yo‘qotishlari - 5300 kishi atrofida

Foto: Getty Images

Ukraina mudofaa vazirligi harbiy harakatlar boshlanganidan buyon Rossiya harbiylarining yo‘qotishlari 5300 nafarga yaqinlashgani haqida xabar qildi. Xabarda bu miqdor ichiga jarohatlanganlar va asirlar ham kirish-kirmasligiga aniqlik kiritilmagan. Bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Vazirlik ma’lumotlar hali yangilanishi mumkinligini ta’kidladi. «Biz ma’lumotni faqat jang oxirida olishimiz mumkin, janglar esa juda uzoq davom etadi. Ma’lumotlar ertasi kuni, ba’zan indiniga kelib tushishi mumkin», deyiladi xabarda.

Ukraina mudofaa vazirligi o‘z yo‘qotishlarini taqdim etmagan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan buyon tinch aholi vakillaridan kamida 102 kishi qurbon bo‘lgan, kamida 302 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

  • Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainadagi «maxsus amaliyot» davomidagi yo‘qotishlari soni bo‘yicha ma’lumot bermayapti. Ukrainada rossiyalik harbiy xizmatchilar halok bo‘layotganini harbiy rahbariyat urushning to‘rtinchi kuniga kelib tan oldi, unda ruslarning yo‘qotishlari soni ukrainlarnikidan «ko‘p marta kamligi»ga urg‘u qaratilgandi.
  • Ukraina Mudofaa vazirligi 27 fevral kungi ma’lumotida, Rossiya yo‘qotishlari soni 4,3 mingga yetgani, 4—26 fevral kunlari Rossiya armiyasi 27 ta samolyot, 26 vertolyot, 146 ta tank, 706 ta zirhli texnika, ikkita dron, ikkita kema va kater hamda boshqa texnikalaridan ayrilgani haqida xabar bergandi.
  • 26 fevral kuni Dog‘iston rahbari Sergey Melikov Ukrainadagi «maxsus operatsiya» vaqtida halok bo‘lgan rossiyalik zobit Nurmagomed Gadjimagomedovning o‘limini tasdiqlagan edi.

Mavzuga oid