O‘zbekiston | 19:35 / 02.03.2022
12804
2 daqiqa o‘qiladi

«Bunkerlarda qolish tavsiya etiladi» - Ukrainaning ayrim shaharlaridan evakuatsiya harbiy harakatlardan keyin amalga oshiriladi

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi faol harbiy harakatlar borayotgan Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilishda qiyinchiliklarga duch keldi. Hozircha ushbu hududlardagi o‘zbekistonliklarga bunkerlarda qolish tavsiya etildi.

Foto: Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobiljonov Ukrainaning qaysi shaharlaridan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani haqida ma’lumot berdi.

Fuqarolardan evakuatsiya qilishda qaysi shaharlarda muammolar kuzatilayotgani haqida savol kelib tushgan. 

«Faol harbiy harakatlar olib borilayotgan Ukrainaning ayrim aholi punktlaridan, xususan, Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan fuqarolarimizni evakuatsiya qilishda qiyinchiliklar yuzaga keldi.

Fuqarolarni yuqoridagi shaharlardan olib chiqish harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin tashkil etiladi. Ushbu davrgacha himoyalangan bunkerlarda qolish tavsiya etiladi. 

Fuqarolarimiz joylashgan boshqa shaharlarda ularning Lvovga poyezdda jo‘nab ketishini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Kiyevdan yurtdoshlarimizni olib ketish uchun o‘zbekistonlik ko‘ngillilar va Elchixonaning avtomashinalaridan foydalanilmoqda», deyiladi vazirlik javobida.

Bundan tashqari, TIV rasmiy vakili Kiyevda va ayniqsa, uning chekka hududlaridagi murakkab vaziyatga qaramay O‘zbekiston fuqarolarini vokzalga yetkazish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

«Kiyevdan g‘arbiy yo‘nalishdagi poyezd qatnovlari ham to‘xtatilmagan», deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 1 mart tongida Ukrainaning eng yirik ikkinchi shahri hisoblanmish Xarkovda oblast administratsiyasi binosi joylashgan maydonga raketa zarbalari yo‘llandi. Kun davomida shaharga zarbalar berilishi davom etdi, jumladan besh qavatli turar joy binosi o‘qqa tutilgan. So‘nggi ikki kunda ushbu shaharga hujumlar oqibatida jami 21 kishi halok bo‘lib, 120dan ortiq kishi yaralangani xabar qilingan. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid