Jamiyat | 12:40 / 04.03.2022
57026
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek migranti: Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi murosani shunchalik kutyapmanki, to‘yimni bunchalik kutmagandim

Foto: Kun.uz

Rossiyadagi o‘zbek migrantlari orasida Baxtiyor Tursunov ancha mashhur. O‘zi oddiy usta bo‘lish bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda juda faol, hayotiy hikoyalari Kun.uz’da ham e’lon qilingan. Moskvada ishlovchi samarqandlik hamyurtimiz bilan bugungi vaziyat, migrantlar orasidagi fikrlar haqida suhbatlashdik.

— Baxtiyor aka, keling, suhbatimizni Rossiyadagi bugungi umumiy kayfiyat qandayligidan boshlaylik.

— Jiddiy tushkunlikni kuzatyapman. O‘zimizning musofirlar misolida aytsam, tabiiyki kayfiyat yaxshi emas, har bir kunimiz «ertaga nima bo‘lar ekan?» degan xavotirda o‘tyapti. Urushga sababchi bo‘lganlarni so‘kib-so‘kib ishlayapmiz. Bola vaqtimizda bobom aytardi, urush bizdan minglab kilometr olislarda bo‘lgan, ammo jabrini biz ham tortganmiz, deb.

Hozirda biz musofirlar ham xuddi shunday holatdamiz. Agar bu urush cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, Rossiyada ishlayotgan millionlab musofirlarga ham og‘ir bo‘ladi. Har doim urushdan eng ko‘p jabr ko‘rganlar oddiy xalq bo‘lgan.

Bilasizmi, ikki davlat o‘rtasida muzokaralarda murosaga kelishlarini shunchalik intiq bo‘lib kutdimki, uylanishda to‘yim bo‘ladigan kunni ham bunchalik kutmaganman.

Ishdan chiqib kechqurun ovqatlanib o‘tirsak, tanish-bilish bo‘lgan musofirlarimiz telefon qilib «Nima bo‘ldi aka, urush tugaydigan bo‘libdimi? Muzokaralar natijasini eshitdingizmi?» deya so‘rashyapti. Ya’ni menga o‘xshab tinchlik bo‘lishini intiq kutayotganlar juda ko‘pchilik.

— Dollar qiymati keskin oshyapti, tabiiyki migrantlar daromadlarining salmoqli qismini yo‘qotadi. Ish beruvchi maoshni oshirishi yoki dollarda berish haqida biror rejalardan xabardormisiz?

— Haqiqatan ham dollar kursi oshib ketishi biz uchun juda ham yomon xabar bo‘ldi. Chunki biz ish haqlarimizni rublda hisoblab olamiz. Ish haqlari ko‘tarilishi haqida hech qanday gap-so‘z yo‘q. Aksincha, kecha bir tanish ukam telefon qildi, ular qurilish firmasida ishlashadi. «Kattalarimizdan biri agar bu holat uzoq cho‘zilsa, ish haqlaringni berish muammo bo‘ladi, deyapti, endi nima qilsak ekan?» deydi.

Agar bu gaplar rost bo‘lsa, migrantlarni oldinda juda jiddiy muammolar kutib turibdi.

— Rossiya bozorlaridagi iste’mol mollarining narx-navosida o‘zgarish sezildimi?

— Narx-navo oshgani hozircha sezilmadi. O‘zim har ikki kunda oziq-ovqat mahsulotlarini olish uchun yonimizdagi do‘konga chiqaman, hammasi oldingidek.

Ammo chetdan keladigan mahsulotlarda taqchillik sezilyapti. Qurilish mollari narxlari ham avvalgidan biroz oshgani haqida ish beruvchimiz aytdi.

— Bu vaziyatda ilojsizlikdan qaytish haqida o‘ylayotganlar bormi?

— Qaytish haqida hamma o‘ylayotgan bo‘lsa kerak, ammo hammasi joy-joyiga tushib, tinchlik bo‘lishini kutayotganlar ko‘proq.

Chunki millionlab odamlar bir vaqtda qaytishi o‘zimizda ishsizlik muammosini yanayam chigallashtiradi. Borganimiz bilan nima ish qilamiz, yoki boshqa qayerga boramiz, deganlar ko‘p.

— Ko‘pchilikni migrantlar qurolli tuzilmalarga kirib qolishi haqidagi xabarlar tashvishga solyapti. Sizga yoki yaqinlaringizga shunday taklif bo‘ldimi, umuman, kimdir shunaqa yo‘l tutganidan xabaringiz bormi?

— Bu haqida men ham ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topdim. Ammo atrofimizda, tanish-bilishlar orasida bunaqa taklif olganlarni eshitmadim.

Bunaqa xabarlarning ko‘pchiligi yolg‘on, menimcha. Chunki yaqinda qaysidir bir telegram kanalida bir o‘zbek yigiti pasport nusxasi qo‘yildi va Ukrainada urushda halok bo‘libdi, yollanib borgan ekan, degan xabarlar tarqaldi. Keyingi kuni o‘sha yigit o‘zi videomurojaat qilib chiqdi va bu xabarlar yolg‘onligini tasdiqladi.

Bir amaki ham «Afg‘onda xizmat qilganman, hozir Ukrainada urushdaman, o‘zbek-tojiklar bu yerda ko‘p» deb chiqdi-yu, keyin gaplaridan tondi.

— Rossiyada ishlayotgan ukrainlarga munosabat o‘zgarmadimi?

— Oddiy odamlar bir-biriga yomonlik tilamaydi, hamma o‘z tirikchiligi bilan band. To‘g‘ri, xoxol, moskal deb hazil-huzul qilishadi, ayrimlari balki shu so‘zlar bilan bir-birini kamsitar ham. Lekin bola-chaqa deb yurganlar bundan ziddiyat yaratmaydi. Millatchilar boshqa masala, ular hamma joyda bor afsuski.

Sizga bir voqeani aytib bersam: Bir hafta «Bakovka» degan joyda ishladim. O‘zini Yura deya tanishtirgan, yoshi 55-60 atrofida bo‘lgan ukrain millatiga mansub bir kishi va uning Yuliy ismli 20 yoshlardagi nevarasi ham o‘sha yerda edi. Ular polga parket qilish bilan shug‘ullanishardi.

Yura bilan tez til topishib ketdik, ochiqko‘ngil odam ekan. Bitta kamchiligi rosa ko‘p so‘kinar ekan.

Televizor ko‘rib o‘tiribdi, Rossiya bilan Ukraina munosabatlariga bag‘ishlangan allaqanday ko‘rsatuv bo‘lyapti. Besh-oltitasi aylana bo‘lib turib olishgan, bir boshlovchi qiz faqat baqirib gapiradi, Ukrainani yomonlaydi. Qachon qarasam shu ko‘rsatuvni ko‘rib o‘tiradi Yura, hadeb so‘kinadi.

– Kimni so‘kyapsan? Bularnimi yoki Ukrainanimi? – deya so‘rayman.

– Hammasini so‘kaman, ikki xalqni bir-biriga dushman qilayotganlarni, urush chiqarayotganlarni so‘kaman. O‘zim Ukrainada tug‘ilganman, yigirma yildan oshdi bu yerda yashayapman, Rossiya fuqaroligini olganman, shu joyda nonimni topib yeyapman. Menga tinchlik bo‘lsa deyman, – deydi.

Demoqchimanki, millatning yomoni bo‘lmaydi, lekin yomon odamlar bo‘ladi va ziddiyatlar yaratishadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid