O‘zbekiston | 19:12 / 04.03.2022
55670
15 daqiqa o‘qiladi

«Ochiqlik siyosati barchamizni o‘zgartirdi» - Zoir Mirzayev bilan kecha va bugungi faoliyati haqida suhbat

Zoir Mirzayev rahbar sifatida o‘zgarishi, qalampir yetishtirish loyihasidagi muvaffaqiyatsizlik va Islom Karimov davridagi xatolar haqida.

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev 12-13 fevral kunlari Bo‘stonliq tumanining tog‘li Pskom qishlog‘ida bo‘lib, aholi muammolarini o‘rganishga qaratilgan muloqotlar o‘tkazdi.

Shuningdek, muloqot davomida aholi uchun turli ko‘ngilochar tadbirlar, sport, intellektual o‘yinlari va bahoriy taomlar festivallari tashkil qilindi.

Tadbirga taklif qilingan Kun.uz muxbiri viloyat hokimi bilan uning ko‘p yillik rahbarlik faoliyati bo‘yicha intervyu uyushtirdi.

— Siz ko‘p yillardan buyon turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelyapsiz. Bu yillar davomida jamoatchilik Zoir Mirzayevni qattiqqo‘l rahbar sifatida bilgan. Ammo Qashqadaryo viloyatidagi faoliyatingiz davomida jamoatchilikka, OAVga yaqin, tanqidlarga ochiq hokimga aylangandeksiz...

Xo‘sh, qanday o‘zgardingiz va umuman, inson qanday o‘zgaradi?

— Hammasi vaqtning ta’siri. Insonning o‘tkazgan har bir kuni – bu maktab. Yashar ekansiz, kimdandir o‘rganasiz, xulosa qilasiz.

Albatta, ish yurishi uchun rahbarga qattiqqo‘llik ham kerak, lekin ayrim hollarda rag‘bat, muomala ish berishiga guvoh bo‘ldik.

O‘zi umuman, rahbarlik qattiqqo‘lliksiz bo‘lmaydi. Chunki bu keng ko‘lamli faoliyat va uni ozgina bo‘sh qo‘ysangiz, keyin  joyiga qaytarish vaqt talab qiladi. Agar atrofda hamma jon kuydirib ishlasa, rahbarga yengil bo‘ladi.

Umuman, ochiqlik siyosati barchamizni o‘zgartirdi. Davr talabi bizdan bu siyosatga moslashishni talab qildi.

Hozir shuningdek, rahbarlarning xalq oldidagi mas’uliyati ham umuman o‘zgargan.

— Intervyuga tayyorgarlik ko‘rish davomida siz bilan avvalroq birga ishlagan turli insonlar bilan ham gaplashdim. Ular siz haqingizda «juda qattiqqo‘l edi» degan ta’rifni berishdi.

Xo‘sh, Zoir Mirzayev chindan o‘zgardimi o‘zi? Umuman inson sifatida.

— Inson xarakteri o‘zgarmas. Faqat uning ayrim chiziqlari – temperamentlar o‘zgarishi mumkin. Men hamma narsamni o‘zgartirib, butunlay boshqa inson bo‘lib qololmayman. Lekin sharoitga moslashib, shunga qarab talabni qo‘yyapmiz. Oldinda turgan vazifalardan qay biri birlamchi-yu, qaysi biri ikkilamchi ekanini aniqlab olish va shunga qarab ishlash, bu zamon talabi.

Shu ma’noda 22 yillik tajriba bosqichma-bosqich bo‘layotgan o‘zgarishlarga moslashib borishimizni talab qiladi. Sharoit o‘zgartiryapti, lekin butunlay boshqa odam bo‘lib qolish mumkin emas.

— Sizni Samarqanddagi hokimlik faoliyatingizdan bilaman. Esimda, o‘sha paytda mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan selektorlarda hokimlar ichida faqat siz unga «Shavkat aka» deya murojaat qilardingiz.

Keyinchalik Mirziyoyev prezidentlikka kelarkan, sizni o‘z jamoasidan uzoqlashtirmadi. Turli lavozimlar berdi. Ayting-chi, o‘rtalaringizdagi bu yaqinlik qanday boshlangan va u qanday kishilarni yonida, jamoasida olib yuradi?

— Bu bir yoki ikki kunda shakllanib qolgan holat emas. Men shu paytga kelgunga qadar hurmatli prezidentimizning ko‘p tarbiyasini olganman.

Ikkinchidan, Shavkat Mirziyoyev insonni eshita oladi. Masalan, avvalgi faoliyatimizda ham ko‘p yig‘ilishlar bo‘lgan, lekin ular 1 soat 10 daqiqa yoki 1 soat 50 daqiqada tugar edi. Lekin hozirgi yig‘ilishlar 5-6 soatlab davom etadi. Mamlakat prezidenti kech soat 9gacha selektor o‘tkazadi. U kishining bu yig‘ilishlarni o‘tkazishdan maqsadi nima? Maqsad – joylardagi muammolarni eshitish. Prezident hozir joylardagi hisobotlarni emas muammolarni eshitadi.

Biz hozir muammolarimiz haqida prezidentga qo‘rqmasdan ayta olamiz. Selektorlarga hisobot emas, muammo bilan tayyorlanamiz.

Prezidentda qo‘l ostidagilarni yaqin olib, uning fikrini eshitib ishlatish qobiliyati juda kuchli. Mirziyoyev har qanday insonning ko‘ziga qarab, u nimaga loyiq yoki loyiq emas, degan masalani qo‘yadi.

Lekin u kishining arqonni uzun tashlab qo‘yaman, degan gapi ham bor. Mana shundan qo‘rqish kerak. Chunki har qanday kishi biror lavozimga qo‘yilar ekan, o‘tgan vaqt davomida nima qildim degan savolni o‘ziga berishi kerak.    

Shavkat Mirziyoyev mana shunday insonlarni yoniga to‘plashni yaxshi ko‘radi.

Shuningdek, yosh kadrlarga ishonch bildirilyapti. Bu juda to‘g‘ri yo‘l, chunki butun dunyoda shunday bo‘lyapti. Sababi yoshlarda shijoat ko‘p.

Tasavvur qiling, o‘tgan besh yillikda mamlakat rahbari boshchiligida qanday katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Bularning hech biri o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Sodda qilib aytsak, prezident hammasini qo‘lda boshqardi. Qo‘l boshqaruvi bo‘ldi. «Obod mahalla», «Obod qishloq», Xalq qabulxonalari ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmadi.

Avval shuningdek, hokimlarda moliyaviy mustaqillik ham yo‘q edi. Hozir esa hatto tuman hokimlarining qo‘lida eng kamida 4,5 mlrd, bo‘lmasa, 8 mlrd puli bor. Ilgari buncha pul viloyatning o‘zida bo‘lmasdi.

Lekin pulni sarflash ham san’at, buni endi eplash kerak. To‘g‘ri hisoblash kerak. Korrupsiya bo‘lmasin.

— Siz mehnat faoliyatingiz davomida 2-2,5 yil bosh vazir o‘rinbosari sifatida ham ishladingiz. Mana shu faoliyatingiz davomida muvaffaqiyatsizlikka uchragan qalampir yetishtirish tashabbusi ham bor. Xo‘sh, bu tashabbusga va uning muvaffaqiyatsiz tugashiga sabab nima bo‘ldi?

— Birinchidan, agar bu loyiha sidqidildan qilinganda, albatta samara beradigan loyiha edi. Buning uchun Indoneziyadan to‘rt nafar mutaxassis chaqirgandik. Ko‘chatlarning sarasini olib keldik. Ammo xatomiz shunda bo‘ldiki, biz bu ko‘chatlarni birinchi yildanoq juda katta maydonlarga va yana uning agrotexnikasini yaxshi bilmagan kishilarga berdik. Ular o‘qitilmadi. Ya’ni uni nomutaxassislarga topshirib qo‘ydik. Bu esa keyinchalik o‘z so‘zini aytdi.

Ikkinchidan, biz hali yangi sohaga birinchi yildanoq juda katta kreditlar ajratdik. Imtiyozli kredit yoki subsidiya degan narsalar endi-endi kelyapti. U paytda bu narsalar yo‘q edi.

Men hozir aynan Indoneziya texnologiyasini qo‘llab, qalampir yetishtirayotgan o‘nlab tadbirkorlarni bilaman.

Ayrim viloyatlarda yo‘q, menga qalampir kerakmas, paxtangni ek, deganlar ham bo‘ldi. 50 tonna qalampirni yig‘ib olgan dehqon uni qanday texnika bilan quritishni bilmay qolgan payti ham bo‘ldi. Pirovardida bu muvaffaqiyatsiz bo‘ldi.

— Asosiy muammo eksportda bo‘lmadimi?

— Biz qalampirimizni oladigan davlatlar bilan hosilning achchiqlik darajasini 5 bo‘lishi kerak deya kelishgandik, lekin biz yetishtirgan qalampirning achchiqlik darajasi 3,5 bo‘lib qoldi.

Bizning agrotexnikada qalampirning achchiqlik darajasi tushib ketdi.

Lekin yana aytaman, qalampir yetishtirish agrotexnikasini to‘g‘ri bajargan dehqonlar achchiqlik darajasi 7 balli qalampir ham yetishtiryapti.

Buning turlicha sabablari bor. Ulardan biri o‘sha paytlarda bizda paxta va g‘alladan boshqa ekinga mineral o‘g‘it beradigan fondning o‘zi yo‘q edi.

Bu muvaffaqiyatsizlikning sababi – tajribasizlik. Shuningdek, davlat tomonidan loyihani qo‘llab-quvvatlashga ko‘proq mablag‘ ajratilganida, natija yaxshiroq bo‘lardi.

— Siz avval Samarqand keyin Qashqadaryo va mana endi Toshkent viloyatida hokimsiz. Ayting-chi, bu viloyatlarda hokimlik qilish nimasi bilan bir-biridan farq qiladi?

— Biz bu savolni global miqyosda muhokama qilganda, Qashqadaryoda rivojlanish sekinroq, Samarqandda o‘rtacha va Toshkent viloyatida yuqori, deymiz. Lekin men bu viloyatlarda ishlash davomida ularning barchasini o‘zimcha tahlil qilib ko‘rdim.

Xo‘sh, Qashqadaryoda nega tadbirkorlik ko‘rsatkichi past? O‘zingiz o‘ylang, gaz qazib olinadigan yirik bir viloyatda ahvol bunday bo‘lmasligi kerak edi-ku. Asl holatda esa viloyatning 5ta tumanida tabiiy gaz umuman yo‘q. Bunday sharoitda tadbirkorlik qilib bo‘lmaydi. Elektr energiyasidan eng ko‘p aziyat chekadigan ham haligacha Qashqadaryo viloyati. Yaqinda butun respublikada ro‘y bergan elektr uzilishlarida ham eng so‘nggi bo‘lib elektrni olgan viloyat Qashqadaryo bo‘ldi.

Boshqa sohalar. Masalan, qishloq xo‘jaligi texnikalari 40 foizga ham yetmaydi. Qashqadaryo yillar davomida faqat paxtaga monopol bo‘lib qoldi. Fermerlarda daromad orttirib, ikkita texnika sotib olishga ham pul bo‘lmagan. G‘alla ham shunday.

Bir yil g‘alla yaxshi bo‘ladi, ammo yomg‘ir bo‘lmagan yilda hamma narsa to‘xtaydi. Chunki lalmi g‘alla viloyatning juda katta maydonlarida yetishtiriladi.

Lekin yana bir narsani aytishim kerak, xalqning intilishi, harakati bor. Odamlari mard. Tanti, borini boricha qabul qiladi. Kamchilikmi, yutuqmi hammasini odamning yuziga aytadi.

Samarqandda insonlar ziyoliroq. Odamlardan maslahat so‘rasangiz, hamma sohaga javob topa olasiz. Ikkinchidan, viloyat «Ipak yo‘li»da, uning markazida joylashgan. Shu sababli odamlarda tadbirkorlik qobiliyati tabiiy shakllangan. Tadbirkorlik odamlarning qonida bor. Ular tinchimaydi.

Toshkent viloyatidagi faoliyatim endi, sekin-sekin boshlanyapti. Albatta, Toshkent viloyatidagi holatdan butunlay yiroq emasman. Lekin ichiga kirib, muammolarni tanangizdan o‘tkazib ko‘rganingiz boshqa. Viloyatdagi holatni to‘la o‘rganish uchun biroz vaqt kerak. Ana shundan keyingina qandaydir kartinalar paydo bo‘ladi.

— Zoir Mirzayev yangi joyda ishlar ekan, jamoasini qanday tuzadi. Tarkibni to‘la yangilab, o‘z odamlarini olib keladimi yoki bor jamoa bilan ishni davom ettiradimi?

— Men o‘zim yangi bo‘lsam, yana u yerga yangi odam olib kelsam, u jamoa ishlamaydi. Toshkent viloyatida ham bor salohiyatdan foydalanib ishlayapmiz. Hokimlikda yaxshi kadrlar ko‘p.

Agar men shu yerning kadrlaridan qo‘pol qilib aytganda, mahalliy jamoa tuzmasam, xuddiki futbol klubga legioner olib kelganday bo‘lib qolaman. Bu tizimning xarajati ko‘p, samarasi kam bo‘ladi. Men Toshkentda legioner bilan ishlamoqchi emasman. Toshkent viloyatining mahalliy kadrlari bilan ishlamoqchiman, ularning salohiyati juda yuqori. Buni boshqa birorta viloyat bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ularni ishga solishda esa gap ko‘p.

Odamlar hozir ko‘p muammolarini hokimlikka emas vazirlik yoki boshqa tashkilotlarga borib aytadigan bo‘lib qolgan. Biz ularni hokimlikka yaqinlashtirishimiz kerak.

Hokimlik aholining najot so‘rab keladigan dargohi bo‘lishi kerak.

— Ekspertlar fikricha, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov va uning rahbarlik faoliyati haqida tugal bir xulosa aytish qiyin. Bu borada ayrimlar Karimovning siyosat yuritishdagi muvaffaqiyatlari haqida gapirsa, yana ayrim mutaxassislar uning iqtisodni yuritishdagi kamchiliklari haqida gapiradi. Chindan ham, Islom Karimov juda ziddiyatli va murakkab shaxs.

Xo‘sh, siz Karimov boshqaruv davri kadrlaridan biri sifatida uni mamlakat iqtisodiyotini yuritishda qanday xatolarga yo‘l qo‘ydi deb hisoblaysiz?

 — Keling, buni iqtisod rivojlanmay qolishi deylik. O‘ylashimcha, bunga sabab raqamlarga qarab xulosa berishga bog‘lanib qolinganida. Pastda vaziyat boshqacha edi-yu, raqamlarda boshqacha edi.

Ikkinchidan, u paytlarda O‘zbekistonda xususiy sektorga yo‘l yo‘q edi. U paytda bir tashkilot ochilsa, 27ta boshqa organ uni nazorat qilib turardi. Hech kim aytmasdiki, qo‘y, tegma unga, oyoqqa turib olsin, beradi o‘sha solig‘ini. Bugun ochilgan korxona ertaga tekshirilaverardi. Unga hech kim madad qo‘lini cho‘zmagan. Subsidiya, madad degan narsalar yo‘q edi.

Tasavvur qiling, o‘sha paytda tadbirkorlar to‘laydigan 21 turdagi soliq bor edi. Hozir 11 tur. Ya’ni pastdan faqat olaverish iqtisodni tanazzulga olib keldi.

Men o‘sha paytlarda hatto ikki yillik soliqlarini avvaldan to‘lab qo‘ygan korxonalarni bilardim. Lekin masalan, pensiyani vaqtida berolmasdik. Pensiyalar 3, 6 oylab kechikkan vaqtlari ham bo‘lardi. Naqd pul degan narsaga bog‘lanib qoldik.

Bu qaysidir ma’noda tizimni o‘zgartirishni xohlamaslik. Islohotlar zamondan kelib chiqib qilinmadi, chegaralanib qoldi.

— Islom Karimovda xususiy mulkka qarshilik, hamma narsa davlat qo‘lida, davlat boshqaruvi ostida bo‘lishi kerak degan qarash bormidi?

— Shunday. Umuman bu qarash hammamizda bor edi. O‘sha davrning siyosati shunday edi. Davlat boshqarishi kerak, tamom.

Bugun bunday emas. Soliq siyosati ham o‘zgardi. Kichik tadbirkorlikdan tushadigan soliq hozirgi kunda davlat korxonalaridan tushadigan soliqdan ko‘ra ko‘proq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hozir bekorga aytmaydi, agar shu ishlarni 20 yil avval qilganimizda edi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid