Sport | 17:50 / 05.03.2022
27081
17 daqiqa o‘qiladi

APLda Manchester derbisi, Italiyada peshqadamlar to‘qnashuvi, «Real» va «Roma» uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

Mavsum oxiri yaqinlashgan sari, ayniqsa Italiya va Angliyada chempionlik kurashida intriga oshib, bosim ko‘tarilib bormoqda. Bu hafta ham katta uchrashuvlar ko‘p – «Milan» va «Napoli» turni liga peshqadami sifatida yakunlash uchun o‘zaro to‘qnashishsa, Angliyada bizni Manchester derbisi kutib turibdi. «Atletiko» esa «Betis» bilan o‘yinda to‘rtlikka qaytishga urinib ko‘radi.

A Seriya. 5 mart (shanba)

ROMA – ATALANTA

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

TV-translatsiya: SportTV

Mourino qo‘l ostidagi «Roma»ning eng yaxshi o‘yini Bergamoda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda rimliklar yirik 4:1 hisobida ustun kelishgandi. O‘tgan haftada top-4dan pastga tushib ketgan «Atalanta» ham o‘z o‘rniga qaytish, ham birinchi davradagi natija uchun qasos olishga harakat qilishlari tabiiy.

O‘z navbatida «Roma» ham muammolar girdobida qolgan – oxirgi to‘rt o‘yinida atigi bitta g‘alabaga erishishdi va u ham bir o‘yinchi kam bo‘lib qolgan autsayder bilan o‘yinda so‘nggi daqiqalarda penaltidan urilgan gol yordamida qo‘lga kiritildi. Qizig‘i, ushbu o‘yinda «Roma» raqib darvozasiga 31 marotaba zarba berdi, 7ta o‘ta qulay vaziyat yaratdi, ustunlik borasida chempionat rekordini qayd etdi. Ammo mavsum boshidan beri, «Roma» vaziyatlardan foydalanish borasida qiynalmoqda. Aslida vaziyatlar yaratish, aniq zarbalar borasida rimliklar kuchli to‘rtlikdan joy olgan. Lekin turnir jadvalida ancha ortda qolib ketgan.

Foto: Getty Images

Tarkiblar borasida «Roma» safida yosh hujumchi Afena-Gyan bir necha hafta sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Spinatssola va Oliveyralar ham to‘liq tiklanib ulgurishmadi. Mehmonlar safida esa Sapata va Ilichich o‘ynay olmaydi. Rafayel Toloi esa «Sampdoriya» bilan o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini oldi va diskvalifikatsiya tufayli Rimga bora olmaydi.

Yuqorida «Roma»ning safardagi ishonchli g‘alabasi tilga olindi, lekin so‘nggi yillarda aynan Rimda bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda «Atalanta» katta ustunlikka ega bo‘lmoqda. «Roma» mezbonlik qilgan oxirgi 7 o‘yinda g‘alaba qozona olmayapti, uch o‘yinda mehmonlar uch ochko olib ketgan. «Roma»ning «Atalanta» ustidan o‘z maydonida qo‘lga kiritilgan oxirgi g‘alabasi 2014 yilning aprelida sodir bo‘lgandi.

Darvoqe, Mourino ushbu o‘yinda hamyurtimiz Eldor Shomurodovning yordamidan foydalansa, yaxshi bo‘lardi. Shomurodov «Jyenoa» safida «Atalanta»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etgandi.

APL. 5 mart (shanba)

LIVeRPUL – VeST HEM

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Ikki oy oldin Angliya chempionligi «Manchester Siti»ga nasib qilishi vaqt masalasidek ko‘rinib qolgandi. Ammo «Liverpul» juda yaxshi sport formasiga kirib oldi va qatorasiga olti g‘alaba bilan intrigani qaytardi. Agar yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblasak, hozircha «Siti» va «Liverpul»ni atigi uch ochko ajratib turibdi xolos. Aprelda esa bu ikki jamoa o‘zaro o‘yinda ham maydonga tushadi. Demak barchasi «Liverpul»ning o‘z qo‘lida.

Bahorga jamoaning shu holatda yetib kelishi hatto Klopp uchun ham syurpriz bo‘lishi mumkin. Odatda jarohatlar va charchoqlar bilan o‘ralashib qoladigan jamoa Klopp davrida ilk marta barcha frontlarda kurash olib boryapti. Liga kubogi qo‘lga kiritildi, Angliya kubogida keyingi bosqichga chiqishdi, ChL va APLda asosiy da’vogar bo‘lib turganini e’tiborga olsak, «Liverpul» mavsumda to‘rt asosiy sovrinni yutgan ilk ingliz jamoasi bo‘lish imkoniyatiga ega.

«Vest Hem» yevrokubok o‘rinlari uchun kurashishda davom etmoqda. To‘g‘ri yaqqol favorit emas, ammo mavsum boshidagi inersiya bilan ham Moyyes shogirdlari kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishda davom etmoqda. Birinchi davrada londonliklar g‘alaba qozonganini eslasak, juda shiddatli va murosasiz bahs bizni kutib turibdi.

Yaqinda Klopp Liverpuldagi faoliyati davomida ilk marotaba tarkibda jarohatlanganlar yo‘qligi haqida aytgandi. Ko‘z tegdi shekilli, darhol lazaret yana to‘lib qoldi. Matip va Keytada jarohat bor, Firmino va Jonsning maydonga tushishi ham so‘roq ostida. Liga kubogi finalida esa Alkantara jarohat oldi va kamida ikki haftaga safdan chiqdi. Mehmonlarda esa himoya chizig‘ida muammolar yetarli. Soufal, Masuaku va Frederiks mashg‘ulotlarda qatnashishmayapti. Ogbonna mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Shuningdek, ukrainalik Yarmolenkoning holati ham vatanidagi vaziyat tufayli barchaga ma’lum.

5 mart (shanba)

ReAL MADRID – ReAL SOSeDAD

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: FutbolTV

«Real» La Liga peshqadami, «Sevilya» bilan o‘rtadagi farq saqlanib qolmoqda, lekin aytish mumkinki, so‘nggi o‘yinlar madridliklar uchun oson kechmayapti. Ayniqsa, gol urish borasida muammolar yetarli, «Alaves» bilan o‘yindagi yirik g‘alabani qo‘shmasak, oxirgi besh o‘yinda «Real» atigi 3ta gol urdi, xolos. «Granada» va «Rayo Valekano» bilan o‘yinlarda 1:0 hisobi qayd etildi. Tabiiyki, o‘ziga yarasha kuchli va qarshilik ko‘rsata oladigan raqiblarga qarshi muammo yanada kattalashishi turgan gap.

«Sosedad» aynan shunday jamoa. Basklar mavsumni yaxshi boshlashdi va bir muddat turnir jadvalini boshqarishdi ham. Orada bir muvaffaqiyatsiz seriyadan so‘ng, jamoa pasaygan bo‘lsa-da, hozir o‘ziga kelib oldi. «Sosedad» 26 o‘yindan so‘ng, 44 ochko jamg‘argan va YeChL yo‘llanmasini taqdim etadigan o‘rinlardan atigi 1 ochko ajratib turibdi, xolos.

O‘zaro o‘yinlarda madridliklarda ustunlik yaqqol – oxirgi 20 o‘yinda sosedadliklar atigi 4 marotaba g‘alaba qozongan. Birinchi davradagi uchrashuvda ham «qirollik klubi» 2:0 hisobida safarga ustun kelgandi. Ammo aynan Madridda kechgan to‘qnashuvlarga e’tibor qaratsak, basklar oxirgi ikki o‘yinda yaxshi natija qayd etgan. Mart oyidagi chempionat uchrashuvida faqat so‘nggi daqiqadagi gol mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan bo‘lsa, Ispaniya kubogida 4:3 hisobida basklar g‘alaba qozonib, «Real»ni turnirdan chiqarib yuborgandi. O‘sha mavsumda «Sosedad» yakunda Ispaniya kubogini ham qo‘lga kiritgandi.

Foto: Getty Images

Tarkiblarga kelsak, mehmonlarda yo‘qotishlar ko‘proq. Mezbonlarda Kross va Valverde maydonga tusha olmasa, basklar tarkibida Yanuzay, Barrenechea, Luna, Riko va Monreallarda jarohat bor. Xoseba Saldua esa virusga chalingan. Shunday bo‘lsa-da, madridliklar kelasi hafta «PSJ»ga qarshi o‘ta muhim o‘yinda maydonga tushishini ham unutmaslik lozim. Tabiiyki, bunday o‘yin bo‘sag‘asida Anchelotti bor kuchini La Ligaga jalb qilmasligi ham mumkin.

APL. 6 mart (yakshanba)

MANCheSTeR SITI – MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

Agar «Atletiko» bilan YeChLdagi o‘yinda e’tiborga olmasak, «Yunayted» bosh murabbiyi Ralf Rangnik Angliyada ilk bor top raqibga qarshi maydonga tushadi. Nemis murabbiyi haqida taassurotlar hali biroz mavhum, bir tomondan jamoa uning qo‘l ostida 18 o‘yinda atigi bir marotaba mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, boshqa tomondan juda ko‘p o‘yinlarda durang qayd etilib, ochkolar yo‘qotilmoqda. Endi esa nisbatan osonroq raqiblar tugab, mart oyining o‘zida «MYu» «Siti», «Tottenhem», «Liverpul» va «Atletiko»ga qarshi maydonga tushadi. «Qizillar» uchun juda mas’uliyatli palla.

Bosim Gvardiola shogirdlarida ham yetarli. «Liverpul» bir g‘alaba masofasigacha yaqinlashib oldi, demak har qanday ochko yo‘qotish «Siti»da kutilmagan muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. O‘yin nuqtai nazaridan hammasi joyida, lekin ortiqcha bosim odatda Gvardiola shogirdlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ham unutmaslik kerak. Buning ustiga, aynan derbilarda, ayniqsa, «Etihad»dagi o‘yinlarda mezbonlarga qiyin bo‘layotganini ta’kidlash kerak. Ushbu stadionda o‘tgan oxirgi uch o‘yinda mehmonlar g‘alaba qozonishgan. So‘nggi ikki o‘yinda «Manchester Siti» hatto gol ham ura olmagan. Gvardiola davrida «Etihad»da eng yaxshi natija qayd etayotgan raqib aynan «Manchester Yunayted» hisoblanadi – 6 o‘yinda 4 g‘alaba, 1 durang va atigi 1 mag‘lubiyat. Mehmonlarga kichik ustunlik beradigan yana bir faktor «shaharliklar» hafta o‘rtasida kubok o‘yinida maydonga tushdi, «Yunayted» esa derbiga tayyorlanish uchun yetti kunga ega bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Bo‘ldi, boshqa jihatlarda «Manchester Siti» yaqqol ustun va albatta katta farq bilan yaqqol favorit hisoblanadi. Tarkiblar borasida yo‘qotishlar yo‘q. Rangnikning aytishicha, Edinson Kavani ham mashg‘ulotlarga qaytgan va tarkibda jarohatlanganlar deyarli yo‘q. Mezbonlar safida esa Ruben Diash jarohat oldi va kamida bir oyga safdan chiqdi. Qiziq tomoni, har ikki jamoada ham bittadan futbolchi (Mendi va Grinvud) o‘xshash sabablar tufayli tarkibdan chetlatilgan va jinoiy javobgarlik ostida qolgan.

A Seriya. 6 mart (yakshanba)

NAPOLI – MILAN

O‘yin boshlanish vaqti: 00:45

TV-translatsiya: Sport

Kuchli beshlikda chempionlik uchun eng zo‘r intriga aynan A Seriyada kechmoqda. Avval «Napoli» va «Milan» boshqalardan ancha o‘zib ketgandilar. Keyin «Inter» qatorasiga g‘alabalarga erishib, yaqqol peshqadamga aylanib oldi. «Inter»ning pasayishiga tayyor turgan «Napoli» va «Milan» yana kurashga qo‘shildilar va hozirda uch jamoada ham imkoniyatlar deyarli teng.

To‘rt o‘yindan beri gol urishda qiynalib kelgan ««Inter» kecha «Salernitana» ustidan 5:0 hisobida ustun keldi va ochkolar sonini 58 taga yetkazib, 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Milan» va «Napoli»da 57 tadan ochkoga ega. Qarang, agar bu o‘yinda durang qayd etilsa, uch jamoada bir xil – 58 tadan ochko bo‘lib qoladi. To‘g‘ri, «Inter»da zaxira o‘yini ham bor, ammo ushbu o‘yin g‘olibi yana bir muddat chempionatda yakka peshqadam bo‘lib turishini ham unutmaslik kerak.

Foto: Getty Images

Umuman so‘nggi turlarda Italiya peshqadamlari navbati bilan ochko yo‘qotishni boshlab yuborishgandi. O‘tgan turda «Napoli» safarda «Latsio» ustidan so‘nggi daqiqalarda ustun keldi. O‘sha o‘yingacha «Inter», «Napoli» va «Milan» ishtirok etgan qatorasiga yetti o‘yinda favorit jamoa g‘alaba qozona olmay keldi. «Milan» kutilmaganda «Salernitana» va «Udineze» bilan durang o‘ynadi va bu o‘yinda yuta olmasa, g‘alabasiz seriya uch o‘yinga yetadi. «Napoli» ham Rimdagi g‘alabadan oldin ikki o‘yinda bir xil 1:1 hisobida durang o‘ynagandi.

Birinchi davradagi o‘yinda «Napoli» safarda 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Ammo Neapolda o‘tgan so‘nggi uchrashuvlarda mehmonlar jiddiy qarshilik ko‘rsata olishgan. Oxirgi ikki o‘yinda bir durang va bir g‘alaba.

La Liga. 6 mart (yakshanba)

BeTIS – ATLeTIKO

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

Andalus derbisida mag‘lubiyatga uchragan «Betis» Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashida muammo ostida qoldi. Jamoa agar «Atletiko»dan ham yutqazadigan bo‘lsa, uchinchi o‘rindan birato‘la 5-o‘ringa tushib ketishi mumkin. Chunki «Atletiko»da 45 ochko mavjud va «Betis»dan atigi bir ochko ortda bormoqda.

Ammo «Betis» hozirda juda yaxshi kayfiyatda bo‘lishi kerak. Jamoa kecha «Rayo Valekano» ustidan g‘alaba qozonib, Ispaniya kubogi finaliga chiqdi. Jamoa bundan 17 yil oldin ushbu turnir finalida g‘alaba qozongandi va bu sovrin andalusliklar uchun oxirgisi kubok bo‘lib turibdi. «Betis» shuningdek, Yevropa Ligasida ham kurashni davom ettirayotganini inobatga olinsa, Pellegrini shogirdlari oxirgi bir necha o‘n yillikda eng yaxshi mavsumlaridan biriga aylanishi mumkin. Mamlakat chempioni sanalsa-da, ushbu mavsumda beqaror natijalar qayd etayotga «Atletiko» bilan o‘yin «Betis» uchun juda yaxshi motivatsiya bo‘lishi turgan gap.

Buning ustiga madridliklar tarkibda juda katta muammolarga duch kelgan. Himoyachilar Vass va Ermoso, yarimhimoyachi Kondogbia, hujumchi Kunya sheriklariga yordam bera olmaydi. Savichda esa jarohatdan tashqari diskvalifikatsiya ham bor. Himoyachi «Selta» bilan o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini olgandi. «Betis» tarkibida Kanales ham aynan kartochkalar tufayli maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Miranda, Montoya, hamda Kamarasalarda jarohatlar bor.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, birinchi davradagi o‘yin 3:0 hisobida «Atletiko»ning g‘alabasi bilan yakunlangan. O‘tgan yili «Betis» maydonidagi kechgan uchrashuvda esa Telo va Karraskoning gollari jamoalarga bittadan ochkoni taqdim etgandi. «Atletiko» va «Betis» La Ligada gol urish borasida yetakchi jamoalar sanalidishadi va mos ravishda uchinchi va ikkinchi pog‘onani egallashgan. Gol o‘tkazish bo‘yicha esa har ikki jamoa ham turnir jadvalining keyingi o‘nligidan joy olishgan. Demak biz ushbu uchrashuvda gollarga boy natijani kutishimiz mumkin.

BOShQA O‘YINLAR

5 mart. BAVARIYa – Bayyer (19:30), Byornli – CheLSI (20:00), Nitssa – PSJ (6 martga o‘tar kechasi, 01:00)

6 mart. Uotford – ARSeNAL (19:00), Elche – BARSeLONA (20:15), YuVeNTUS – Spetsiya (22:00). 

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid