Jahon | 11:52 / 05.03.2022
58081
10 daqiqa o‘qiladi

Noodatiy qochishlar: Zulm saltanatida yashashni xohlamaganlar SSSRni qanday tark etgandi?

Teploxoddan o‘zini suvga otgan olim uch sutka davomida Tinch okeanida 100 kilometr masofani suzib o‘tib Filippin qirg‘oqlariga yetadi. 20 yoshli yigit Qora dengizda Batumidan Turkiyagacha 35 kilometrni suzib o‘tadi. Kruiz teploxodidan o‘zini suvga otgan 19 yoshli qiz Avstraliya qirg‘oqlarigacha suzib boradi.

Fotokollaj: Kun.uz

Tarix sahnasida 69 yil yashagan SSSRdan juda ko‘pchilik qochib ketgan. Olimlar, adiblar, sportchilar va san’atkorlar qatori oddiy odamlar ham imkoniyat bo‘lishi bilanoq davlatni tark etishgan.

Ularning ayrimlari oshkora isyon bilan chiqib ketgan bo‘lsa, boshqalari turli ishlar yuzasidan xorijga borib, ortga qaytmagan. Ba’zilar esa o‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da bu davlatdan qochgan. Okeanshunos Stanislav Kurilov, 20 yoshli Pyotr Patrushev, 19 yoshli Liliana Gasinskaya shular jumlasidan. Ular zulm saltanatidan qochish uchun juda xatarli yo‘llarni tanlashgan va hayotlarini xavf ostiga qo‘yib o‘z maqsadlariga yetishgan.

Stanislav Kurilov

1936 yilda tug‘ilgan Stanislav Kurilov maktabni bitirgach Leningrad gidrometeorologiya institutida okeanshunoslik yo‘nalishida o‘qiydi. So‘ng Leningraddagi SSSR Fanlar akademiyasining okeanshunoslik institutida, keyinroq Vladivostokdagi Dengiz biologiyasi institutida ishlaydi.

Stanislav Kurilov
Foto: salat.zahav.ru

Kurilovda SSSRdan chiqib ketish rejasi Leningradda ishlab yurgan paytida paydo bo‘ladi. O‘sha paytda o‘zining sohasi bo‘yicha ish yuzasidan bir necha marta xorijga chiqmoqchi bo‘lganida unga ruxsat berishmaydi. Shuningdek, Kurilovning hindistonlikka turmushga chiqqan singlisi ham turmush o‘rtog‘i bilan SSSRga kelib-keta olmasdi. U eri bilan AQShga ko‘chib o‘tgach SSSRga kirishiga butunlay taqiq qo‘yishadi.

Kurilov o‘zi va singlisiga qo‘yilgan taqiqlar tufayli kommunistik tuzumni yomon ko‘rib qoladi va imkoniyati bo‘lishi bilan SSSRdan qochishni rejalashtiradi.

Qochish

Qonuniy yo‘l bilan mamlakatdan chiqib keta olishiga ko‘zi yetmagan Kurilov qochish uchun qulay vaziyatni kuta boshlaydi. 1974 yilda u «Sovet ittifoqi» teploxodida Tinch okeani bo‘ylab tashkil etilayotgan sayohat haqidagi e’lonni ko‘rib qoladi.

Kruiz teploxoddagi sayohat 1974 yil dekabrda Vladivostokdan boshlanib ekvatorgacha davom etishi, so‘ng ortga qaytishi rejalashtirilgandi. Sayohat davomida teploxodning xorijiy portlarga kirishi belgilanmagan, shu sababli sayohatchilar xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (OVIR) olishi shart emasdi.

Foto: fb.ru

Kurilov darhol ro‘yxatga yoziladi. U nima qilib bo‘lsa ham SSSR hududidan chiqib ketishni istar, qolganiga tavakkal qilishga rozi edi. Teploxodga chiqishgach sayohatchilarga teploxod qaysi yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi haqida ma’lumot beriladi. Shunda Kurilov teploxod boradigan eng oxirgi manzilda undan tushib qolish rejasini tuzadi.

1974 yil 13 dekabr kuni tunda teploxod ekvatorga yetib, ortga qaytayotganida Kurilov o‘zini suvga otadi. U o‘zi bilan niqob, g‘avvoslar nafas olishda foydalanadigan naycha, oyoqqa taqiladigan moslama olgan edi. Kurilovning mo‘ljalicha qirg‘oq yaqin edi. Ammo navigatsiya uskunalari bo‘lmagani uchun u adashadi va okeanda uch sutka qolib ketadi. So‘ng 100 kilometr masofani suzib o‘tib Filippinga qarashli Siargao oroliga yetib boradi.

Kurilov qirg‘oqqa yetgach uning sovet Teploxodidan tushib qochgani OAV orqali butun dunyoga tarqaladi. Moskvadagilar ham uning qochganini o‘shanda bilishadi. Filippinda Kurilovni so‘roq qilishadi. U SSSRdan qochganini va ortga qaytmasligini ma’lum qiladi.

Foto: uduba.com

Sovet hukumati Kurilovni Moskvaga topshirish yuzasidan Filippinga bosim o‘tkaza boshlaydi. Ikkinchi tarafdan aksariyat G‘arb davlatlari uni SSSRga topshirmaslikni talab qilishadi. Bir qancha davlatlar Kurilovga siyosiy boshpana berishga tayyorligini ma’lum qiladi.

Ana shunday sharoitda Filippin hukumati Kurilovni deportatsiya qiladi, ammo Moskvaga bermaydi. Uni Kanadaga jo‘natib yuborishadi. Shundan so‘ng SSSRda Kurilovga nisbatan jinoiy ish ochiladi. Uni vatanga xiyonat qilishda ayblab sirtdan 10 yil qamoq jazosiga hukm qilishadi.

G‘arbdagi hayot

Kanadada Kurilovni okean tadqiqotlari o‘tkazayotgan kompaniya ishga taklif etadi. Shundan so‘ng u ancha yil Kanada va AQShda okean tadqiqotlari bilan shug‘ullanadi.

1986 yilda Kurilovni Isroilga ishga taklif etishadi. U Xayfadagi okeanografiya institutida ishlay boshlaydi. Shu yerda u qissa yozadi va unda SSSRdan qochishi tafsilotlarini hikoya qiladi. Qissa Isroil jurnallaridan birida beriladi. 1991 yilda Ogonyok jurnali ham uni chop etadi va Kurilovga jurnal mukofotini topshiradi.

1998 yil 28 yanvar kuni Isroildagi Tiveriada ko‘li ostida tadqiqotlar olib borayotgan Kurilov kislorod bilan bog‘liq muammo tufayli halok bo‘ladi.

Petr Patrushev

1942 yilda tug‘ilgan Petr Patrushevning SSSRdan qochishi ham Kurilovning qochishiga o‘xshaydi. Faqat Kurilovdan farqli ravishda Patrushev sayohatga chiqmaydi, balki Qora dengiz orqali qochadi. Bu uchun u Batumidan Turkiya qirg‘oqlarigacha bo‘lgan masofani suzib o‘tadi.

Foto: fb.ru

Patrushev maktab davridayoq suzish bilan jiddiy shug‘ullanadi. Shu sababli uni harbiy xizmatga chaqirishganda Novosibirskdagi armiya sport klubiga jo‘natishadi. Ammo negadir KGB aralashib uni oddiy harbiy qismga jo‘nattiradi. U armiyada «dedovshina» tufayli o‘zidan avval xizmatga borgan yigitlarning zo‘ravonligiga duch keladi. O‘shanda ruhan qiynalgan Patrushev SSSRni butunlay tark etishga qaror qiladi.

Patrushev maqsadiga osonroq erishish uchun Kavkazga, Gruziyaning Batumi shahriga borib yashay boshlaydi. U Qora dengizni suzib o‘tib Turkiyaga qochishni rejalashtirgandi.

1962 yil iyun oyida 20 yoshli Patrushev Batumidan dengizga tushadi va Turkiya qirg‘oqlarigacha bo‘lgan 35 kilometr masofani suzib o‘tadi. Uning qochgani oshkor bo‘lgach SSSR Turkiyadan Patrushevni qaytarishni so‘raydi va rad javobi oladi. Shundan so‘ng uning qochganini vatanga xiyonat deb baholashadi va sirtdan sud qilib o‘lim jazosi berishadi.

Biroz muddat Turkiyada yashagan Patrushev Avstraliyaga ko‘chib ketadi. Yashil qit’ada uzoq yillar teleboshlovchi va jurnalist sifatida ishlaydi. Keyinchalik tarjimonlikka o‘tib ketadi. Taqdir taqozosi bilan u Vladimir Putinning Avstraliyaga tashrifi davomida bosh vazir Jon Govard bilan o‘tkazgan uchrashuvida tarjimonlik qiladi.

U qochish tafsilotlari haqida «Barcha g‘alaba qozonishi mumkin» deb nomlangan kitob yozadi. 1990 yilda qochganiga 28 yil bo‘lganda Patrushev qarindoshlarini ko‘rgani SSSRga keladi. Uni aeroportda 8 soat ushlab turishadi. Patrushevga chiqarilgan o‘lim jazosi bir necha kun oldin bekor qilingani tufayli uni qo‘yib yuborishadi. Patrushev 2016 yilda Avstraliyada vafot etgan.

Liliana Gasinskaya

Liliana Gasinskayaning qochishi ham dengiz orqali bo‘lgan. U ham Krilovga o‘xshab avval belgilangan manzilga yetgan va o‘zini okeanga tashlab xorijiy davlat qirg‘og‘igacha suzib borgan.

Foto: dailymail.co.uk

1960 yilda Lugansk viloyatida tug‘ilgan Liliana Gasinskaya o‘smir yoshidayoq SSSRni tark etishni xohlagandi. U xorijga osonroq chiqish uchun Odessadagi sayyohlik servisi bilim yurtida o‘qiydi. O‘qishni bitirgach xorijiy sayohatlarga chiqadigan teploxodda ishlash uchun ruxsat oladi va ulardan biriga ofitsiant bo‘lib ishga kiradi.

1978 yilning oxirida u ishlayotgan teploxod Avstraliyaga sayohat qilish uchun yo‘lga chiqadi. Bu Liliananing uzoq xorijga ilk marta chiqishi edi. Ana shu safarda u qochishni rejalashtiradi.

Teploxod G‘arbiy Astraliya provinsiyasining Frimantle shaharchasidagi portda turganda u boshqalarga sezdirmay qirg‘oqqa tushib, so‘ng siyosiy qochoq maqomini so‘rab baqirmoqchi bo‘ladi. Ammo KGB xodimi teploxoddan tushayotgan Lilianani ko‘rib qoladi va unga qirg‘oqqa tushishga ruxsat bermaydi. Shu tariqa uning birinchi urinishi muvaffaqiyatsiz tugaydi.

Ikkinchi urinishni u teploxod Sidney yaqinida turganida amalga oshiradi. 1979 yil 14 yanvar kuni Liliana ishlaydigan teploxod Sidneyning yo‘ldosh shaharchasi bo‘lgan Pirmont portidan SSSRga qarab yo‘lga chiqadi. Shunda Liliana teploxod kayutalaridan birining illyuminatordan o‘zini suvga otadi. So‘ng qariyb bir soat suzib o‘tib, Sidney shahriga yetadi.

19 yoshli ofitsiantning qochgani haqida xabar topgan SSSRning Sidneydagi konsulligi xodimlari uni The Daily Mirror gazetasi muxbirlariga intervyu berayotgan joyida topishadi. Ular Lilianani kuch bilan olib ketishga urinishadi, ammo muxbirlar bunga yo‘l qo‘yishmaydi.

Liliana o‘z intervyusida yolg‘onlar ustiga qurilgan kommunistik tuzumni yomon ko‘rishini va o‘smirlik paytidayoq SSSRdan qochib ketish niyatida bo‘lganini aytadi.

Sovet hukumati Avstraliyaga qizni qaytarib berish talabini qo‘yadi. Rasmiy Kanberra bu talabni rad etadi va Lilianaga qochqinlik maqomi beradi. Shundan so‘ng u Avstraliyada yashab qoladi va modellik hamda aktrisalik bilan shug‘ullanadi. Bir qancha seriallarda suratga tushadi.

Liliana 1990 yilda Londonga ko‘chib o‘tadi va shu bilan u haqda shov-shuvli xabarlar chiqishi to‘xtaydi. O‘shanda u 30 yoshda edi.

 G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid