Jamiyat | 14:30 / 06.03.2022
21695
2 daqiqa o‘qiladi

“Kaptarlar otasi” – qushlarni sevuvchi nafaqaxo‘r

Buxorolik Ja’far Hojiyev – yetmishga yaqinlashib qolgan nafaqaxo‘r. U qushlarni o‘z yaqinlaridek parvarishlaydi. Ayniqsa, qo‘ldan don yeydigan, odamlardan cho‘chimaydigan kaptarlari mashhur. 

Ja’far Hojiyev Buxoro shahridagi “Chor Bakr” tarixiy-me’moriy majmuasida xo‘jalik ishlariga qarab yuradi, ham azon aytadi. Bu yerda ishlayotganiga 7 yildan oshgan. U qushlarni, jonivorlarni juda yaxshi ko‘radi. Hozir 15 turdan ortiq qushlari bor, ularni kuniga 2-3 mahaldan o‘zi ovqatlantiradi. Odamlar majmuaga, ayniqsa, qo‘lga o‘rgangan kaptarlarni ko‘rish uchun keladi.

Nafaqaxo‘r “Chor Bakr”ga qushlar 3 yil oldin olib kelinganini aytadi.

“Asli kuyovim qushlarga ishqiboz. U kishi bizga 20 dona kaptar keltirib bergandi. Shundan keyin bularni asta-sekin odamlarga qo‘ndiradigan darajada o‘rgatganman. O‘rgatish qiyin emas. Faqat 1-2 kun och qoldirib, o‘zingizga o‘rgatishingiz kerak”, – deydi u.

 Hozir bu yerda 50dan ziyod kaptar bor. Ularga don bermoqchi bo‘lsangiz, qo‘lingizga, boshingizga kelib qo‘nib oladi.

“Kaptarlar – tinchlik ramzi. Odamlarga xursandchilik ulashadi, odam beg‘am bo‘lib, hamma g‘amdan forig‘ bo‘lib ketadi. Qo‘lingizga ushlasangiz, badanlari issiq. O‘zingiz rohat qilasiz”, – deydi Ja’far aka.

Kaptarlardan tashqari majmuada olmaxon, tovus, quyon, ukki, yaponka tovug‘i, hind sesarkasi, kaklik va tuyaqushlar ham bor.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid