Jamiyat | 08:28 / 06.03.2022
19732
2 daqiqa o‘qiladi

SSV: Beshinchi qavatdan yiqilgan bemorda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

SSV Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida yana bir murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani haqida xabar berdi. Shu yilning 23 fevral kuni 2004 yilda tug‘ilgan bemor A. og‘ir holatda tez tibbiy yordam mashinasida RShTYoIM qabulxonasiga olib kelingan. 

Bemor qurilish obektining 5-qavatidan yiqilib tushgani sababli jarohat olgani aniqlangan. U zudlik bilan shok zaliga yotqizilib, markaz mutaxassislari tomonidan bosh miya, bo‘yin, ko‘krak va bel umurtqa pog‘onasi, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolarida MSKT tekshiruvi hamda qorin bo‘shlig‘i, ko‘krak qafasida ultratovush tekshiruvlari o‘tkazilib, bemorga tashxis qo‘yilgan.

«Tegishli mutaxassislar tekshiruvidan so‘ng qo‘yilgan tashxis asosida bemorda zudlik bilan bir necha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Dekompressiv lyaminektomiya, ayrim umurtqalarni reklinatsiya va stabilizatsiya qilish orqali umurtqa pog‘onasiga transpedikulyar sistema o‘rnatish kabi operatsiyalar shular jumlasidan. Yuqori saviyada o‘tgan amaliyotlar natijasida bemorning hayoti saqlab qolindi»,  deydi markaz direktori Doniyor Alimov.

Operatsiyadan keyin ko‘krak va bel sohasi MSKT qilinganda, hech qanday xavf aniqlanmagan.

O‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlari va davo choralari natijasida o‘smir yigitning umumiy ahvoli yaxshilandi. Hozirda uning gemodinamik ko‘rsatkichlari barqarorlashib, kundan kunga ijobiy o‘zgarishlar qayd etilmoqda.

Mavzuga oid