O‘zbekiston | 12:29 / 07.03.2022
14230
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida o‘qituvchilar maoshi kechikmoqda, bu birinchisi emas

Andijon viloyatining bir qator tumanlarida o‘qituvchilarning oyliklari kechikmoqda. O‘tgan oy ham maoshlar o‘z vaqtida berilmagan. Kun.uz muxbiri viloyat XTB axborot xizmatidan holat yuzasidan izoh oldi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, maoshlar kechikishiga tegishli dasturlarga kiritilgan hisobraqamlaridagi o‘zgarishlar va aniqlangan moliyaviy kamchiliklar sabab bo‘lmoqda.

Biroq fevral oyida Andijon shahar, Asaka va Bo‘ston tumanlarida avans pullari kechikkan edi. Bunga xalq ta’limi bo‘linmalari ayrim xodimlarining mas’uliyatsizligi tufayli 2021 yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobotlar o‘z vaqtida topshirilmagani, ularning g‘azna hisobraqamlari bo‘yicha amalga oshiriladigan operatsiyalar avtomatik ravishda tegishli dasturlarda vaqtinchalik to‘xtatilgani sabab qilib ko‘rsatilgan edi.

Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan o‘qituvchilarning ta’kidlashicha, maosh kechikishi odatiy holga aylanib ulgurdi. Hozirda viloyatning aksariyat tumanlarida oyliklar kechikkan.

“Odatda maoshlarimiz oyning 3-4-sanasidan kechikmasdi. Oxirgi ikki oyda doimiy tarzda kechikmoqda. Agar muammo tizimda bo‘lsa hammaga teng tushmasligi kerak-ku. Nega bir tumanga tushib boshqasiga tushmaydi?” – deydi murojaatchilardan biri.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, maoshlar 9 mart kuni to‘liq to‘lab beriladi.

Avvalroq, Andijon shahar XTB rahbarlari 57 mlrd budjet pullarini talon-toroj qilgani aytilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid