Jahon | 22:37 / 08.03.2022
27144
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden Rossiyadan neft, gaz va ko‘mir importini butkul taqiqladi

Amerika rahbari Qo‘shma Shtatlar Rossiya gazi, nefti va ko‘miri importiga taqiq qo‘yishini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam amerikaliklarning Putin rejimiga yana bir kuchli zarba berganini anglatadi.

«Biz Putinning urushini subsidiyalashda ishtirok etmaymiz», deya qo‘shimcha qilgan Bayden.

O‘z bayonotida Bayden bu qarorni AQSh ittifoqchilar bilan maslahatlashib qabul qilganini, AQSh Yevropadagi ittifoqchilarning Rossiyadan energiya resurslari importiga nisbatan taqiqlarga qo‘shila olmasligini yaxshi tushunishini bildirgan.

Bayden amerikaliklarni ushbu taqiq tufayli mamlakatda benzin va gaz narxi oshishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

U Ukrainadagi urush neft kompaniyalarining narx-navoni oshirishi uchun bahona bo‘lmasligi haqida gapirgan.

AQSh ma’lum to‘lov qilishi, ammo bu erkinlik uchun to‘lov bo‘lishi ta’kidlangan.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, prezident Putin «nima qilib bo‘lsa ham o‘z qonli yo‘lini davom ettirishga qaror qilgan». Bayden Putin hech qachon Ukrainada g‘alaba qozona olmasligiga va’da berdi.

«Ukraina hech qachon Putin tomonidan zabt etilmaydi. U bir shaharni egallashi mumkin, ammo u butun mamlakatni egallay olmaydi», dedi Amerika prezidenti. 

U AQSh Kongressini Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 12 mlrd dollarlik yordam paketini qabul qilishga chaqirdi.

Energiya resurslari narxi oshishi xavfi mavjud ekaniga qaramay, bu qarorni Amerikaning ikki yetakchi partiyasi ham qo‘llab-quvvatlagan.

Shunday qaror qabul qilingani va tez orada rasman e’lon qilinishi haqidagi xabarlar ortidan neft narxi osha boshladi. Brent markasidagi neft narxi 5 foizdan ko‘proqqa oshib, bir barreli 130 dollarga yetdi.

Qayd etish kerakki, Rossiya nefti va gaziga ko‘proq bog‘lanib qolgan Yevropa mamlakatlari bilan solishtirganda AQShning bu harakati shoshilinch amalga oshirildi.

Avvalroq Kanada Rossiya nefti importiga taqiq o‘rnatilganini e’lon qilgandi.

Britaniya va YeI

Buyuk Britaniya hukumati ham 2022 yil oxiriga qadar Rossiya nefti va neft mahsulotlari importidan bosqichma-bosqich voz kechilishini ma’lum qilgan.

O‘tish davri bozor va biznesga yangi reallikka moslashish hamda Rossiya neftiga muqobil variant topish uchun kerak bo‘ladi.

YeI Rossiya energiya resurslariga qaramlikni cheklash bo‘yicha qadamlar qabul qilgan, unga ko‘ra yil oxirigacha Rossiyadan importga talab uchdan ikki qismga qisqaradi.

Britaniya Yevropaning boshqa ko‘plab mamlakatlariga qaraganda Rossiya energiya resurslariga kamroq qaram. Shunga qaramay, Rossiya yetkazib beruvchi neft hajmi Birlashgan Qirollik iste’molining 8 foizini, dizel yonilg‘isi esa 18 foizini tashkil etadi.

Germaniya TIV rahbari Annalena Berbok ayni vaqtda Rossiyadan neft import qilishni to‘xtatish - mamlakat transportini to‘xtatib qo‘yishini ma’lum qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid