O‘zbekiston | 09:39 / 09.03.2022
8766
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar soni 5 mingdan oshdi

10 kun ichida Ukrainadan 5 037 nafar vatandosh O‘zbekistonga qaytarildi. Shuningdek, Sumi shahridan 23 nafar o‘zbekistonlik talaba xalqaro gumanitar tashkilotlar shafeligida Lvovga olib kelindi. Ayni paytda o‘zbekistonliklarni Moldovadan evakuatsiya qilish masalasi ham ishlab chiqilmoqda.

Videodan kadr

Sumi shahridan 23 nafar o‘zbekistonlik talaba xalqaro gumanitar tashkilotlar shafeligida evakuatsiya qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

2022 yil 8-9 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 250 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shu jumladan 62 nafar ayol, 28 nafar voyaga yetmagan shaxs va 11 nafar chaqaloq olib kelindi.

28 fevraldan 9 martga qadar 22 ta aviareys tashkillashtirildi hamda urush bo‘layotgan joylardan 5 037 nafar o‘zbekistonlik qaytarildi.

Qayd etilishicha, Ukrainadan «Karchova» nazorat-o‘tish punktiga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarining sonini kamayishi kuzatilmoqda.

9 mart kuni yana bitta reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

«Mamlakatimizning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan Sumi shahridan 23 nafar o‘zbekistonlik talaba xalqaro gumanitar tashkilotlar shafeligida evakuatsiya qilindi.

Ukrainaning turli joylaridan fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom etyapti. Bunda, asosiy e’tibor urush harakatlari kuzatilayotgan chekka hududlarda qolib ketgan hamyurtlarimizni olib chiqishga qaratilmoqda.

O‘zbekistonlik diplomatlar Moldovada bo‘lib, ushbu mamlakatdan vatandoshlarimizni evakuatsiya qilish masalasini ishlab chiqmoqdalar», deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid