Jahon | 22:29 / 20.03.2022
24308
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina hukumati: front «amalda muzlagan», tomonlarning hech biri vaziyatni o‘zgartirishga qodir emas

Foto: Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Ukrainada front chizig‘i «amalda muzlagan». Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich frontdagi vaziyat bo‘yicha brifingda ma’lum qildi.

Arestovichning so‘zlariga ko‘ra, tomonlarning hech birida «vaziyatni qaysidir tomonga jiddiy og‘dirish uchun kuch yetishmaydi». 

«Shuning uchun tomonlar taktik harakatlar amalga oshirmoqda, zaxiralarini to‘plamoqda va bir-biriga zarbalar bermoqda, ammo biz yaxshiroq zarba beryapmiz», degan u.

Arestovich Rossiya aviatsiyasi «amalda deyarli harakatlanmayotgani» va shaharlarga raketa zarbalari berilishi ham to‘xtab qolganini qayd etgan.

«Rossiya qo‘mondonligi o‘z oldiga qo‘yilgan asosiy vazifani uddalay olmagan fazadan keyin qatag‘onlar fazasi boshlandi. Bizning maxsus xizmatlarimizdan FSB RF qurolli kuchlarida, boshqa tuzilmalarda, xususan, Rosgvardiyada aybdorlarni qidirishni boshlagani haqida ko‘plab xabarlar kelib tushmoqda», deydi Ukraina hukumati vakili.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ham frontdagi vaziyat bo‘yicha operativ ma’lumotlarini taqdim etdi:

  • Rossiyalik harbiylar hujum qilish salohiyatini yo‘qotgan, ularning harakati deyarli barcha yo‘nalishlarda to‘xtatilgan;
  • Liviyalik «ko‘ngillilar»ni harbiy harakatlarda Rossiya tomonida turib urishish uchun Ukrainaga jo‘natish bo‘yicha kelishuvga erishilgan;
  • Lugansk va Donetsk oblastlari hududida Rossiya qurolli kuchlari safarbarlik o‘tkazmoqda;
  • Kuban, Primore o‘lkasi, Yaroslavl oblasti va Ural federal okruglarida ham maxfiy safarbarlik o‘tkazilmoqda. Xizmatdan yoppasiga bo‘yin tovlash holatlari uchramoqda;
  • Kiyevga yurish vaqtida RF qurolli kuchlari 6-tank polkining birlashgan otryadini yo‘qotgan;
  • Rossiyalik propagandachilar aholini uzoq davom etuvchi urushga tayyorlamoqda.

Mavzuga oid