O‘zbekiston | 12:01 / 23.03.2022
6191
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda noqonuniy ravishda olib o‘tilayotgan XI–XIII asrlarga oid madaniy boyliklar to‘xtatib qolindi

Tegishli tashkilotlarning xulosasiga ko‘ra jami 21 dona tarixiy buyumlarning umumiy qiymati 210 million so‘mni tashkil etadi.

Foto: Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, “Sirdaryo” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan ushbu post orqali harakatlanayotgan “Volvo” rusumli yuk mashinasi o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.

Tekshirish jarayonida mashinada I.R.ga tegishli hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 21 dona bronzaga o‘xshash qattiq jismdan turli shakllarda o‘yib yasalgan tarixiy buyum borligi aniqlangan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tomonidan ekspertizaga taqdim qilingan 21 dona buyumda bir xil ornament (naqsh) va o‘ymakorlik shakllari borligi, tosh bo‘lakchalarning bir xil vaznga egaligi, ularning XI–XIII asrlarga oid noyob topilmalar hisoblanishi hamda O‘rta Osiyo metrologiyasi uchun muhim tarixiy manba ekani to‘g‘risida ma’lumot berilgan.

Foto: Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi

Shuningdek, Turizm va Madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros Agentligi xulosasida ushbu 21 dona buyum amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, tarixiy qiymatdagi boyliklar ekani va umumiy qiymati 210 million so‘mni tashkil etishi hamda ularni O‘zbekistondan olib chiqish taqiqlangani ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, yuqorida aniqlangan huquqbuzarlik holati yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid