Jahon | 12:53 / 24.03.2022
18350
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyaning Ukraina bo‘yicha rezolyutsiyasini rad etdi

Rezolyutsiyada gumanitar vaziyatning yomonlashgani ta’kidlangan, biroq vaziyat Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinidan so‘ng yuzaga kelgani ko‘rsatilmagan.

Foto: AA

23 mart kuni BMT Xavfsizlik kengashi Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan, Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi gumanitar rezolyutsiyani qabul qilmadi.

Rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlab faqat Rossiya va Xitoy ovoz berdi. Xavfsizlik kengashining qolgan 13 a’zosi (Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Hindiston, Irlandiya, Keniya, Meksika, Norvegiya, Albaniya, Braziliya, Gabon, Gana, BAA) betaraf qoldi.

Rezolyutsiya loyihasida o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlar hududidan tinch aholini evakuatsiya qilishga oid chaqiriqlar o‘rin olgan, ammo Xavfsizlik kengashining qolgan 13 a’zosi uning matnida Rossiya yuzaga kelgan gumanitar inqiroz aybdori ekani ko‘rsatilmagani uchun uni qo‘llab-quvvatlamagan.

BMT Xavfsizlik kengashida ma’qullanishi uchun rezolyutsiya loyihasiga kamida to‘qqizta davlat yoqlab ovoz berishi kerak. 

Agar kerakli miqdordagi ovozlar olinmasa, davlatlarning hech biri veto huquqidan foydalanmagan bo‘lsa ham, loyiha tasdiqlangan deb hisoblanmaydi. G‘arb davlatlarining BMTdagi vakillari rezolyutsiyani «haqoratli» deb atadi. 

Payshanba kuni BMT bosh assambleyasi Ukrainadagi gumanitar vaziyat bo‘yicha ovoz berishi kerak. G‘arb diplomatlari Ukraina tomonidan taqdim etilgan qat’iy rezolyutsiya loyihasi ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinishiga umid qilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid