O‘zbekiston | 13:48 / 25.03.2022
23016
2 daqiqa o‘qiladi

Davron Vahobov Savdo-sanoat palatasi raisi etib tayinlandi

Bugun, 25 mart kuni Savdo-sanoat palatasining navbatdan tashqari qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Qurultoyda O‘zbekiston prezidenti tomonidan Savdo-sanoat palatasi raisi lavozimiga tavsiya etilgan Davron Vahobovning nomzodi delegatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi va u Savdo-sanoat palatasi raisi etib tayinlandi.

Davron Vahobov 1981 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent kimyo-texnologiya instituti bakalavriatini va 2003 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining magistraturasini tamomlagan. 2007 yilda esa Toshkent davlat yuridik universitetini sirtqi ta’lim bo‘yicha tugatgan.

U Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, «Oqsaroy textile» MChJ tizimidagi qator vazifalarda ishlagan.

Amaldagi tayinlovga qadar Davron Vahobov «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. 2020 yilning noyabr oyida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi a’zolarining umumiy yig‘ilish qarori bilan rais o‘rinbosarligiga ma’qullangan Davron Vahobov nomzodi prezident Mirziyoyev tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangandi.

Ma’lumot uchun, 2017 yildan buyon palataga raislik qilib kelgan Adham Ikromov joriy yil fevral oyi o‘rtalarida Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida sportni rivojlantirish vaziri lavozimiga ma’qullangandi.

Mavzuga oid