O‘zbekiston | 14:56 / 29.03.2022
27122
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekkosmos” rahbari - internet tezligini oshirish uchun sun’iy yo‘ldosh uchirish haqida

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishi bilan “hayot birdaniga keskin o‘zgarib”, internet tezligi oshishini aytgandi. “O‘zbekkosmos” direktori esa boshqa fikrda, uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston sharoitida sun’iy yo‘ldosh orqali olingan internet tezligi pastroq bo‘ladi.

28 mart kuni Milliy matbuot markazida “O‘zbekkosmos” agentligi matbuot anjumani o‘tkazdi. Tadbirda Kun.uz muxbiri agentlik direktori Shuhrat Qodirovdan O‘zbekiston qachon o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishi haqida so‘radi.

Muxbir bu borada innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 2018 yilda aytgan fikrlarni eslatgan. O‘shanda vazir O‘zbekistonning yaqin kelajakda o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishini muhim strategik yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etgandi.

“Sababi bizda aerokosmik tadqiqotlar yo‘qolib ketgan edi. Davlat rahbari o‘z murojaatnomasida ham bu haqda juda to‘g‘ri aytdi. 25 yil davomida bu sohada faoliyat olib bormadik va aerokosmik hududimizda bizda egalik yo‘q. Shundan kelib chiqib, bu sohada hozir strategik rejalar ishlab chiqilyapti, qo‘yiladigan eng katta qadamlardan biri – yaqin vaqtlar ichida o‘zimizning sun’iy yo‘ldoshlarimizni uchiramiz. O‘zbekistonning aerokosmik hududida sun’iy yo‘ldoshlarimiz bo‘ladi.

Buning natijasida hayot birdaniga keskin o‘zgaradi. Sababi oddiy televideniyedagi uzatishlar, internet tezligi oshadi. Bu sohada qator ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Albatta, qilinadigan ishlardan eng kattasi – aerokosmik tadqiqotlar o‘tkaziladigan alohida institutlar shakllantiriladi”, – degandi vazir to‘rt yil oldin Xalqaro press-klub sessiyasida.

“O‘zbekkosmos” agentligi rahbari Shuhrat Qodirov esa sun’iy yo‘ldosh orqali olinadigan internet ancha sekin va katta mablag‘ talab qilgani uchun uni uchirish unchalik foydali emas, deb hisoblaydi.

“Savolingiz juda o‘rinli. Kim bilan muloqotda bo‘lmaylik, bu masalani tez-tez ko‘tarishadi. 2018 yilda [“O‘zbekkosmos”] agentlik ochilishi bo‘yicha tashabbuslar bo‘lgan, 2019 yilda prezident farmoni imzolangan. Biz 2020 yil oxirida shu farmon va Vazirlar Mahkamasi qarorini tahlil qilib, ularga bu masala bo‘yicha yana boshqatdan olib kirdik. U yerda yozilgan narsalarni hammasini bajarishga biz harakat qildik, chunki bu bizga yuklatilgan vazifa, lekin o‘sha paytda yozilgan ko‘p narsalar... Kim buni yozib, tashabbus qilgan bo‘lsa, unga aniq javoblar va moliyalashtirish bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda NASA agentligining bir yillik budjeti 20 mlrd dollarni tashkil qiladi. Buni agentlikka davlat ajratadi. Biz bu kabi tashabbuslarni davlatga berishdan avval yaxshilab tahlil qildik va yon atrofdagi agentliklar faoliyatini ham o‘rgandik.

Qachon O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchiradi?

O‘zi umuman ikki xil sun’iy yo‘ldosh bor. Birinchisi aloqa (internet) uchun. Bu bo‘yicha bizda viloyat va tumanlarga optik tolali internet borgan. Bizning hudud, masalan, sun’iy yo‘ldosh ishlatadigan qo‘shni Qozog‘istonga nisbatan juda kichkina. Shuningdek, bizda aholi ham zich joylashgan.

Biz hozir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan bu borada ishlayapmiz. Lekin bitta statsionar (sun’iy yo‘ldosh) 36 ming kilometr balandlikka ko‘tariladi. Uning bittasini uchirish esa 200 dan 300 mln dollargacha turadi.

Bizda, shuningdek, uni kim ishlatadi va utilizatsiyasini kim qiladi, degan savol ham bor. O‘zbekistonning ichki ehtiyojiga bitta sun’iy yo‘ldoshning 10 foiz ishi to‘g‘ri keladimi yoki 5 foizi, biz bunga ham javob topolmadik.

Ikkinchidan, masofa 36 ming kilometr bo‘lganidan keyin uning signali yana shuncha masofaga qaytib kelsa, internet tezligi bu 600 millisekundning ikki baravari, ya’ni 1 sekundga to‘g‘ri keladi, bu “zaderjka” beradi, [...] ya’ni sun’iy yo‘ldosh orqali olinganda internet sekinroq keladi. Hozir O‘zbekistonga internet optik tola orqali keladi”, – dedi u.

Shuhrat Qodirovning javobidan keyin sayt muxbiri undan sun’iy yo‘ldosh uchirish bilan “hayot butunlay o‘zgarib” ketmas ekan, nega jamoatchilikka bu haqda va’da berilgani va xorijiy davlatlar nega undan foydalanishi haqida so‘radi.

“Men hozir bu masala bo‘yicha javob berishga qiynalaman. Bizning faoliyatimizni tashkil etish bo‘yicha prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarorida sun’iy yo‘ldosh uchirish vazifasi qo‘yilmagan.

Harakatlar strategiyasidagi siz keltirgan fikrlar shunchaki tashabbus bo‘lishi mumkin. Tashabbusni qilishdan avval uning hisob-kitobi va rejasi bo‘lishi kerak”, – dedi “O‘zbekkosmos” rahbari.

Shuhrat Qodirovning javobiga agentlik boshqarma boshlig‘i Muhiddin Ibrohimov qo‘shimcha qildi.

“Oxirgi 5 yilda kosmos juda katta qadamlar bilan rivojlanib boryapti. Hozir sun’iy yo‘ldosh Qozog‘iston, Turkmaniston va Ozarboyjonda ham bor. Bu davlatlar 2014 yilgacha kosmosga o‘z sun’iy yo‘ldoshlarini chiqargan. Bu sun’iy yo‘ldoshlar geostatsionar deyiladi va 36 ming kilometr balandlikka uchiriladi. Bu yo‘ldosh internet uchun emas, mustaqil aloqani ta’minlab berish uchun qilinadi.

Uni Harakatlar strategiyamizda aks etishi bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, dunyo bir joyda turmaydi. Hozir SpaceX kompaniyasining Starlink nomli 2-3 mingta sun’iy yo‘ldoshi bor. Bu texnologiyalar quyi orbitada joylashgan va ular bizdagi optiq tola bilan taqqoslab bo‘ladigan tezlikda internet yetkazib beradi.

Masalan, optik tolada internet uzatish tezligini Nyu-Yorkdan Toshkentgacha 56 millisekund deb olsak, Starlink'da bu kosmos orqali bo‘lgani uchun 40-42 millisekund tezlik imkoniyatini beradi.

Bu vaziyatda 5-6 yil avvalgi yozilgan strategiya bir tomon bo‘lsa, hozirgi vaziyat boshqa bir tomon. Biz strategiya bo‘yicha davlatdan 200-300 mln dollar pul olib, sun’iy yo‘ldosh uchirishimiz mumkin, lekin unda sizlar nega bu ishni qildingiz, deya so‘raysizlar.

Biz agentlik sifatida har bir ishimizda imkoniyatlarni ko‘rib chiqamiz. Chunki biz natija uchun harakat qilishimiz kerak”, – dedi “O‘zbekkosmos” agentligi boshqarma boshlig‘i.

Mavzuga oid