Jahon | 20:04 / 01.04.2022
32135
16 daqiqa o‘qiladi

Srebrenitsadagi qirg‘in tarixi: Bu qanday bo‘lgandi?

1995 yil iyul oyida serblar armiyasi Bosniyadagi asosan musulmonlar yashaydigan Srebrenitsa shahri hamda uning atrofidagi hududlarni egallaydi va aholini qatliom qiladi. O‘shanda 10 mingga yaqin odam o‘ldirilib, ommaviy qabrlarga ko‘mib yuboriladi. Ularning 500 nafardan oshig‘i voyaga yetmagan bolalar edi.

Foto: Kun.uz

1990 yilda sobiq ittifoq respublikalarida mustaqillik uchun boshlagan harakatlarning aks-sadosi Yugoslaviyaga ham yetib boradi. O‘sha paytda bu davlat tarkibida oltita ittifoqdosh respublika – Serbiya, Chernogoriya, Makedoniya, Sloveniya, Xorvatiya hamda Bosniya va Gersogovina bor edi. Mamlakatdagi boshqaruv rasmiy ravishda federatsiya ko‘rinishida bo‘lsa ham, aslida mamlakatga serblar hukmdorlik qilar, ittifoqdosh respublikalar inon-ixtiyori poytaxt Belgrad izmida edi.

Ana shunday sharoitda 1991-92-yillarda ittifoqdosh respublikalarning aksariyati o‘z mustaqilligini e’lon qiladi. Tabiiyki, bu serblarga yoqmaydi va ular o‘zboshimcha respublikalarni qurol kuchi bilan tiyib qo‘yishga kirishadi. Oqibatda sobiq Yugoslaviya respublikalari o‘z mustaqilligini qon to‘qib, qurbonlar berib himoya qilishga majbur bo‘ladi.

Tabiiyki, ittifoqdosh respublikalar aholisining ma’lum qismini serblar tashkil etgan va ular Yugoslaviya parchalanishiga qarshi edi. Shu tariqa mustaqillik uchun boshlangan urush keyinchalik etnik-diniy tus oladi, Pravoslav mazhabiga e’tiqod qilgan serblar katolik xorvatlar va musulmon serblarni ham qatliom qila boshlaydi. Ana shunday qatliomlarda Srebrenitsa shahri va uning atrofida yashovchi 10 mingga yaqin odam o‘ldiriladi va buldozer yordamida ko‘mib yuboriladi.

Bosniya va Gersogovina

Bosniya va Gersogovina (keyingi o‘rinlarda Bosniya) o‘rta asrlarda Bolqondagi aksariyat hududlar kabi Usmoniylar imperiyasi tarkibida edi. Keyinchalik turklar qo‘l ostidan ozod bo‘lgach birinchi jahon urushigacha avval Serbiya, so‘ng Avstriya-Vengriya imperiyasi tasarrufida bo‘ladi.

Usmoniylar imperiyasi davrida bu yerda islom dini yoyiladi. Shu sababli bu yerda serblar, serb musulmonlari va xorvatlar aralash holda yashab kelishgan. Urushdan so‘ng Avstriya-Vengriya imperiyasi parchalanib ketadi va Bosniya Yugoslaviya qirolligi tarkibiga kiradi.

Ikkinchi jahon urushi tugagach kommunistlar sovet armiyasi yordamida Yugoslaviya tarkibidagi hududlar mustaqil bo‘lishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Oltita ittifoqdosh respublika tashkil etilib, Yugoslaviya sotsialistik federativ respublikasi tuziladi.

Garchi bu davlat ham rasmiy ravishda SSSRdagiday «teng huquqli respublikalar»dan iborat bo‘lsa ham amalda ularda hech qanday huquq bo‘lmagan. Yugoslaviyada asosan serblar hukmron edi. Shu jumladan, Bosniyada ham.

Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan respublikalar orasida Bosniya aholi tarkibi jihatdan alohida ajralib turgan. 1991 yil ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda aholining 31,2 foizi musulmon bosniyaliklar (ularning aksariyati serb millatiga mansub musulmonlar), 17,4 foizi serblar (pravoslavlar), 17,4 foizi xorvatlar (ularning ham bir qismi musulmonlar), qolgani esa chernogriyaliklar, albanlar, slovenlar, lo‘lilar bo‘lishgan.

Bosniyada azaldan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi aholi shahar va qishloqlarda aralash tarzda yashab kelishgan. Konchilar shaharchasi bo‘lgan Srebrenitsa shahri va uning atrofida ham shunday edi.

Qurolli nizolar boshlanishi

1992 yilda Bosniya Yugoslaviya tarkibidan chiqib o‘z mustaqilligini e’lon qiladi va BMTga qabul qilinadi. Yugoslaviya parchalanishi va qo‘l ostidagi hududlarning mustaqil bo‘lishi tabiiyki serblarga yoqmaydi. Shundan so‘ng ular sobiq ittifoqdosh respublikalarda yashayotgan serblarni gijgijlab qurolli mojarolar keltirib chiqarishadi. Bu mojarolarning eng qonlisi Bosniyada sodir bo‘ladi.

Bosniya mustaqillik e’lon qilgach bu davlat tarkibida yashayotgan serblar Serb Respublikasi tuzilganini ma’lum qiladi. So‘ng ayrim hududlarni o‘zlariniki deb e’lon qilishadi va u yerlardan musulmonlarni quvib chiqara boshlashadi.

Musulmonlar Bosniya mustaqilligini, Serb Respublikasini tuzganlar esa Yugoslaviya tarkibida qolishni yoqlab chiqishadi. Ikki o‘rtada qurolli mojaro kelib chiqqach, rasmiy Belgrad Serb Respublikasi armiyasiga harbiy yordam bera boshlaydi. Musulmonlar esa himoyasiz qolib ketishadi. Shu jumladan, Srebrenitsa va uning atrofidagi musulmonlar ham. Keyinchalik musulmonlar ham qurollanadi va o‘rtada ayovsiz janglar boshlandi.

Ratko Mladich, 1993 yil. Foto: REUTERS/Chris Helgren

1992 yil boshida Srebrenitsa shahri va uning atrofidagi hududlar Ratko Mladich boshchiligidagi Serb Respublikasi armiyasi hamda mahalliy serblardan tashkil topgan qurolli kuchlar tomonidan bosib olinadi. 1992 yil may oyida Nosir Orich qo‘mondonligi ostidagi Bosniya musulmonlari armiyasi hududni qaytarib oladi. Shundan so‘ng hududdagi serb millatiga mansub aholi ortga chekingan Ratko Mladich armiyasi bilan birga hududni tark etadi.

1993 yil martida hudud yana serblar tomonidan egallanadi va Srebrenitsa o‘rab olinadi. Musulmonlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan Bosniya armiyasi ancha uzoqda edi. Ta’minot yetkazib berishning iloji bo‘lmagani uchun Srebrenitsaning musulmon aholisi oziq-ovqat, dori-darmon va yonilg‘isiz qoladi. Shu tariqa, shaharcha 1995 yilgacha qamalda qolib ketadi.

Srebrenitsadagi og‘ir vaziyatni xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT diqqat bilan kuzatib turardi. 1993 yil 6 may kuni BMT Xavfsizlik Kengashi 824-sonli rezolyutsiyani qabul qiladi. Unga ko‘ra, shaharcha qurollardan xoli hudud deb e’lon qilinadi, Srebrenitsa yaqinidagi Potochari shahriga BMT tinchlikparvar kuchlari tarkibida bo‘lgan niderlandiyalik harbiylar bo‘linmasi joylashtiriladi. Rezolyutsiyaga ko‘ra bu xavfsizlik hududiga har qanday hujum istisno etilgandi. Lekin tinchlikparvar bo‘linmaning hajmi kichik edi va uning yarmi jangovar kuchlar emasdi.

1995 yil 6 iyulda Serb Respublikasi armiyasi niderlandiyalik harbiylar tomonidan nazorat qilinayotgan «himoya chizig‘i»ni kesib o‘tib, Srebrenitsa shahriga hujum boshlaydi. Niderlandiyalik harbiylar bir necha kun davomida ularni qaytarish uchun jiddiy bo‘lmagan harakatlar qilishadi. Havoga ogohlantiruvchi o‘qlar uzishadi, yo‘llarni to‘sishga urinishadi, ammo bu serblarni qaytarib qololmasdi. Serblar bo‘linmani to‘liq tarkibda asirga olishadi, 11 iyul kuni serb qo‘shinlari shaharchani bosib oladi.

BMT qochqinlarni himoya qila olmaydi. Srebrenitsa va uning atrofidagi hududlar bosib olingach serblar aholini evakuatsiya qilishni taklif etadi. Hudud aholisining bir qismi yaqin Tuzla shahriga ko‘chiriladi. Serblar Srebrenitsa va uning atrofidagi hududdan faqat ayollar va bolalar chiqib ketishiga ruxsat berishadi. Erkaklarni esa jazolash uchun olib qolishadi. Ayollar va bolalarning bir qismi oilasidan ajralib ketishni xohlamagani uchun shaharchada qoladi.

O‘shanda Bosniya sog‘liqni saqlash vazirligi Tuzlaga 22 283 nafar odam olib kelingani haqida ma’lumot bergan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa o‘shanda Srebrenitsa va uning atrofidagi hududlardan 35 632 nafar qochoq olib chiqilgani haqida ma’lum qilgan.

1995 yil 12 iyul kuni tunda serblar tomonidan asirga olingan bosniyaliklar qochishga urinishadi va bu muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. 13 iyul kuni serblar Tserski daryosi vodiysida ilk qatliomni amalga oshirishadi. Serblar qo‘lida asirlikda bo‘lgan musulmonlar o‘ldirilib, chuqurlarga tashlanadi va ustidan buldozer yordamida tuproq tortib yuboriladi.

Hududni egallagan serblar bunday qatliomlarni yana bir necha marta amalga oshirishadi.

Srebrenitsadagi xunrezlik Yevropada Ikkinchi jahon urushidan buyon kuzatilgan ilk yirik ommaviy qotillik bo‘lgandi. Shaharning egallanishi Bosniya serblari uchun 1992-1995 yillardagi kampaniyadagi so‘nggi g‘alaba bo‘lib qoldi. Ammo bu operatsi ularga siyosiy va diplomatik nuqtayi nazardan halokat keltiradi.

Endi G‘arb mamlakatlari sobiq Yugoslaviyadagi urushga yakun yasash bo‘yicha birdamlik ko‘rsatishadi.

Ikki oy o‘tib NATO aviatsiyasi BMT Xavfsizlik kengashi ruxsati bilan Bosniya serblari pozitsiyalariga zarbalar beradi.

Muqarrar mag‘lubiyatni ko‘rgan holda Bosniya serblari o‘t ochishni to‘xtatish va Deytonda tinchlik konferensiyasi o‘tkazishga rozi bo‘ladi.

Srebrenitsadagi qurbonlar soni

20 yil davomida DNK tahlillari orqali Srebrenitsadagi qirg‘in qurbonlarining 7 mingga yaqini aniqlangan

Serblar tomonidan Srebrenitsa va uning atrofida qancha odam qatliom qilingani haqida hanuz aniq ma’lumotlar yo‘q. Bu shaharcha atrofidagi hududlardan hozir ham ommaviy qabrlar topilmoqda.

Turli manbalarda Srebrenitsa va uning atrofidagi hududlarda o‘ldirilganlar soni 7 mingdan 11 ming nafargacha bo‘lgani qayd etilgan. Ular orasida voyaga yetmaganlar soni 500 nafardan oshiq bo‘lgani aytiladi.

Bosniya urushi paytida bedarak yo‘qolgan odamlarni qidirish bo‘yicha davlat komissiyasi qurbonlar soni 8,2 ming nafar bo‘lganini ma’lum qilgan, Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi hisobotlarida 7,8 ming raqami keltiriladi. Boshqa turli tashkilotlar esa Srebrenitsada qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari bergan ma’lumotlarga tayanib, 10,7 ming kishi o‘ldirilganini ma’lum qilgan.

Ommaviy qabrlar topilishi

Serb harbiylari tomonidan o‘tkazilgan ommaviy qatliomlarda ayrim odamlar o‘zini o‘lganga solib tirik qolgan. Ana shundaylardan 8 nafari qatliomlarda tirik qolib, tunda hodisa joyidan qochib ketib qutulib qolishgan. Ularning guvohligi va ko‘rsatmalari bilan 1996 yilda Srebrenitsa atrofidagi ommaviy qabrlar haqida ma’lumot olinadi. Keyinchalik ana shu ma’lumotlar asosida qidiruv ishlari olib borilganda ommaviy qabrlarning har biridan minglab odamlar jasadi chiqadi.

Keyinchalik qazish ishlari boshlanganda ommaviy qabrlarning ayrimlarida jasadlar ustma-ust bir necha marta ko‘milgani aniqlanadi. Serblar keyingi qatliomlarda odamlarni avval jasadlar ko‘mib yuborilgan joyga olib borib otib tashlashgani va ko‘mib yuborgani ma’lum bo‘ladi. Ilk ommaviy qabr 1996 yilda, so‘nggisi 2021 yilda topilgan.

Aybdorlarni jazolash

1996 yilda ilk ommaviy qabr topilgach xalqaro tashkilotlar tomonidan Srebrenitsadagi qatliom bo‘yicha surishtiruvlar boshlab yuboriladi. 1998 yilda serb armiyasi generali Radislav Krstichga qarshi ayblov e’lon qilinadi. U tutib olinib Haagaga jo‘natiladi. 2001 yilda xalqaro tribunal Krstichni Srebrinitsadagi qatliomlarning asosiy ijrochisi sifatida aybdor deb topadi va unga 46 yil qamoq jazosi beriladi. Keyinchalik uning advokatlari apellyatsiya berishgach, qamoq muddati 35 yilga qisqartiriladi.

Krstichdan tashqari, Bosniyadagi Serb Respublikasining sobiq prezidenti Radovan Karadjich, Serb Respublikasi qurolli kuchlari bosh shtabi razvedka bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zdravko Tolimir va Serb Respublikasi armiyasi qo‘mondoni Ratko Mladich Srebrenitsadagi qatliomning asosiy aybdorlari sifatida javobgarlikka tortiladi. Jumladan, Karadjich, Mladich va Tolimir umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Tolimir keyinchalik Haaga qamoqxonasida vafot etadi.

Shuningdek, yana ko‘plab serb generallari va zobitlari Srebrenitsa qatliomida ayblanadi. Ularning ayrimlari Haagada sud qilinib jazoga tortilgan bo‘lsa, ayrimlari qochib yashirinadi. Yana bir qismi sudgacha yetmay halok bo‘lib ketadi.

Srebrenitsadagi qatliomning genotsid deb tan olinishi

Keyinchalik hududda tinchlik o‘rnatilgach Bosniya hukumati va halok bo‘lganlarning oila a’zolari xalqaro tashkilotlardan qatliomni genotsid deb tan olishni talab qilib chiqishadi. Ammo bu masala ancha ortga suriladi.

Nihoyat 2015 yilda BMT Xavfsizlik Kengashida Buyuk Britaniya tomonidan Srebrenitsadagi qatliomni genotsid deb tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiya ovozga qo‘yiladi. Rossiya rezolyutsiya qabul qilinishiga qarshi chiqadi. Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolari Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh va vaqtincha a’zolardan 7 ta davlat rezolyutsiyani qo‘llaydi. Xitoy hamda yana uch davlat betaraf qoladi va rezolyutsiya qabul qilinadi. Bungacha 2009 yilda Yevropa parlamenti 11 iyulni Srebrenitsadagi qatliomni xotirlash kuni deb e’lon qilgandi.

Qatliomning asosiy aybdorlari bo‘lgan Bosniyadagi Serb Recpublikasi ma’murlari va Serbiya hukumati uzoq yillar davomida Srebrenitsadagi qatliom bo‘yicha qilingan ayblovlarni inkor qilib keladi. Ammo ko‘plab ommaviy qabrlar topilishi vaziyatni biroz o‘zgartiradi.

2004 yilda Bosniyadagi Serb Recpublikasi o‘z harbiylari Srebrenitsada aholini qatl etishda ishtirok etganini tan oladi. Shu bilan birga maxsus surishtiruv komissiyasi tashkil etib, 2005 yilda Srebrenitsa voqealarida qatnashgan 19 mingdan oshiq harbiyning ism-sharifini o‘z ichiga olgan ro‘yxatni xalqaro tashkilotlarga taqdim etadi. Ammo Serbiya qatliomni tan olmaydi.

2009 yilda Serbiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshiradi. Ammo Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod bo‘lishi uchun rasmiy Belgrad xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi va Bolqon urushida amalga oshirilgan harbiy jinoyatlarni tan olishi lozim edi.

O‘shandan buyon Serbiyada bir necha prezident almashdi. Ular bir necha martadan Srebrenitsa qatliomida halok bo‘lganlar oilalariga ta’ziya izhor etishadi, hamdardlik bildirishadi, aybdorlarni topib jazolash lozimligini aytishadi. Ammo qatliomni rasmiy ravishda tan olishmaydi.

Marosim vaqtida Vuchichning boshiga tosh kelib tekkan. Foto: AP

2015 yilda Bosniyada Srebrenitsa qurbonlarini yod etish marosimiga Serbiyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Aleksandr Vuchich (u 2017 yilda mamlakat prezidentligiga saylanadi) ham tashrif buyuradi. Marosim o‘tkazilayotgan paytda mahalliy aholi Srebrenitsa qatliomini hanuz tan olmagani uchun Serbiya bosh vazirining tashrifiga qarshi namoyishlar o‘tkazadi.

Qurbonlar sharafiga o‘rnatilgan yodgorlikka gulchambar qo‘yilayotgan paytda namoyishchilar Vuchichga qarata tosh va shishalar uloqtirishadi. Uloqtirilgan toshlardan biri bosh vazirning boshiga tegib, uning ko‘zoynagini sindiradi. Shundan so‘ng Serbiya delegatsiyasi hodisa joyidan evakuatsiya qilinadi.

Niderlandiyalik harbiylarning aybdor deb topilishi

Keyinchalik Srebrenitsada va uning atrofida qatliom qilingan shaxslarning qarindoshlari tomonidan «Srebrenitsa onalari» nodavlat tashkiloti tuziladi. 2007 yilda tashkilot Haaga okrug sudiga BMTga qarshi da’vo arizasi kiritadi. Arizada BMT tinchlikparvar kuchlari tarkibida bo‘lgan niderlandiyalik harbiylar Srebrenitsa va uning atrofida ommaviy qotilliklarning oldini ololmaganlikda ayblanadi.

2008 yilda sud BMTni javobgarlikka tortish mumkin emasligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. 2010 yilda Haaga apellyatsiya sudi qarorni o‘z kuchida qoldirdi. 2013 yilda Yevropa inson huquqlari sudi ham «Srebrenitsa onalari» tashkilotining BMTga qarshi da’vosini asossiz deb hukm chiqaradi.

2014 yil iyul oyida «Srebrenitsa onalari» tashkiloti Niderlandiya Oliy sudiga niderlandiyalik tinchlikparvar kuchlarni bosniyalik musulmonlar o‘limida aybdor deb topish haqida da’vo arizasi kiritadi.

Uch yil davom etgan surishtiruvlardan so‘ng 2017 yilda Niderlandiya Oliy sudi mamlakatning tinchlikparvar kuchlarning lagerida yashirishga uringan 300 nafar musulmonning o‘limi uchun javobgarligi to‘g‘risida hukm chiqaradi.

2017 yil 27 iyun kuni esa Haaga sudi Niderlandiyani 7800 nafar bosniyalikning o‘limiga javobgar deb topadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid