Jahon | 17:21 / 03.04.2022
51909
9 daqiqa o‘qiladi

Kiyev oblastida rossiyalik harbiylar qolmadi. Frontdagi so‘nggi voqealar

Ukrain harbiylari Buchada / Reuters

Energodarda shahar aholisi norozilik aksiyasi uchun ko‘chalarga chiqdi, ammo Rossiya harbiylari ularni tarqatib yubordi; Mariupolliklar shaharni mustaqil tarzda tark etishda davom etmoqda, Qizil Xoch tashkiloti orqali evakuatsiya hamon boshlanmayapti. Ukraina Kiyev oblastida rossiyalik harbiylar qolmaganini ma’lum qildi, harbiy harakatlar chog‘ida taniqli fotograf Maks Levin halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Dnepropetrovsk oblastida raketa zarbalari oqibatida temiryo‘l shikastlangan, poyezdlar harakati to‘xtab qolgan. Mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.

Ukraina: Kiyev oblastida rossiyalik harbiylar qolmadi
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar feysbukdagi sahifasida Kiyev oblasti rossiyalik harbiylardan to‘liq ozod bo‘lgani haqida yozdi. Vazirlik yoki prezident Zelenskiy ofisi bu haqda hozircha rasman e’lon qilmagan.

«Irpen, Bucha, Gostomel va butun Kiyev oblasti bosqinchilardan ozod bo‘ldi», deya yozadi Malyar.

Harbiy harakatlar chog‘ida tomonlarning ma’lumotini operativ tekshirishning imkoni yo‘q, ammo biroz avvalroq Rossiya armiyasi Kiyev atrofidagi aholi punktlaridan ketayotgani xabar qilingandi.

Hafta boshida, Istanbulda o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralaridan keyin Rossiya tomoni Kiyev va Chernigov oblastlari yo‘nalishlarida harbiy harakatlar jiddiy qisqarishi haqida ma’lum qilingandi. Bu muzokaralar sharoitida «o‘zaro ishonch darajasini ko‘tarish» zarurati bilan izohlangandi, ammo NATO va Ukraina tomoni aslida Rossiya harbiylari Donbass, Xarkov atrofi va mamlakatning janubidagi hududlarga tashlash uchun qaytadan guruhlanishi mumkinligini aytgandi.

Kiyev oblastidagi aholi punktlaridan rossiyalik harbiylar chiqib ketarkan, okkupatsiya vaqtida nimalar ro‘y bergani haqida ko‘proq ma’lumotlar yuzaga chiqmoqda. Shanba kuni AFP jurnalistlari poytaxtdan uzoq bo‘lmagan Bucha shahri ko‘chalaridan birida tinch aholi vakillarining kamida 20 nafarining jasadini uchratishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda halok bo‘lgan odamlar yo‘l bo‘ylab yotgani aks etgan. Ularning ayrimlarining qo‘llari bog‘langan va boshlariga qarata o‘q uzilgan.

Oleksandr Klymenko / Reuters / Scanpix / LETA

Energodarda tinch aholi vakillari o‘qqa tutilishi
2 aprel kuni Zaporojye oblastidagi rossiyalik harbiylar tomonidan egallab olingan Energodar shahrida Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazildi. Bu yerda Ukraina va butun Yevropadagi eng yirik AESlardan biri bo‘lmish Zaporojye AES joylashgan, RF armiyasi bu yerni mart oyi boshidayoq egallagan.

Shahar aholisi tongda Ukraina bayroqlarini ko‘tarib miting boshladi va mamlakat madhiyasi kuylandi. Aktsiya oxirida maydonda otishma va portlashlar ovozlari eshitildi. Voqea joyida olingan kadrlarda ko‘rish mumkinki, maydonni quyuq tutun qoplagan, odamlar har tomonga qochishgan.

Ukraina parlamentining inson huquqlari bo‘yicha komissari Lyudmila Denisova Energodardagi tinch namoyish rossiyalik harbiylar tomonidan tarqatilishi vaqtida to‘rt kishi yaralangani haqida xabar berdi. Uning tasdiqlashicha, harbiylar «tinch aholi vakillariga qarata minomyotlardan o‘t ochishgan». «To‘rt kishi og‘ir darajada kuyish jarohatlari olgan», degan ombudsman feysbukdagi sahifasida.

Voqea joyida olingan va «Energoatom» davlat kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan videoda maydonni tutun qoplaganini ko‘rish mumkin. Bu kadrlarga ko‘ra, norozilik aksiyasi o‘tkazilgan maydonda ko‘zdan yosh oqizuvchi granatalar qo‘llangan.

Denisova shuningdek «bosqinchilar odamlarning bir qismini avtozaklarga solib, noma’lum tomonga olib ketishgani» haqida yozgan.

Rossiya mudofaa vazirligi Energodardagi aksiya bo‘yicha munosabat bildirmagan.

Mariupoldan evakuatsiya: xalqaro missiya amalga oshishi kechikmoqda, Turkiya yordamga tayyor

Rossiya harbiylari qamalida qolayotgan Mariupolda shiddatli janglar davom etmoqda, ammo shaharda hamon tinch aholi vakillaridan 150 ming kishi qolmoqda. Mahalliy rasmiylar ma’lumotlariga ko‘ra, ular halokatli sharoitda kun kechirmoqda: shaharda elektr, aloqa, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti yo‘q. Bu yerda odamlar bir oydan buyon yerto‘lalar yoki bombapanagohlarda jon saqlashmoqda.

Mariupol deyarli to‘liq vayron bo‘lgan
ANADOLU AGENCY

Shu bilan birga odamlar evakuatsiyasi bo‘yicha xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlar qandaydir natija keltirmayapti. Xalqaro Qizil Xoch jamiyati uchinchi kundirki gumanitar yo‘lak tashkil etishga behuda urindi, ammo missiya vakillari tongda Zaporojyedan chiqishgani va endi «Mariupol yo‘lida ekanliklari» haqida xabar berishgan.

Tomonlar bungacha bir necha bor odamlar evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘laklar ochish bo‘yicha kelishishgan, ammo kelishuv doimiy ravishda buzib kelinadi.

Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk Zaporojyegacha 1263 kishi shaxsiy transport vositalarida yetib kelishgani, shundan 765 kishi Mariupoldan ekani haqida ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari nazoratidagi Berdyanskka yana 17 avtobus yetib borgan, ularning bir qismi «Mariupolga yaqinroq borishga harakat qiladi».

Berdyanskdan Melitopolga evakuatsiya Xalqaro Qizil Xoch jamiyati va tashkilotning Ukrainadagi bo‘limi hamkorligida tashkillashtirildi

Shanba kuni Mariupoldagi odamlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha taklif Turkiya tomonidan bildirildi - turklar qamaldagi shahardan odamlarni dengiz orqali olib chiqish uchun kemalar berishga tayyorligini bildirgan.

Hozircha Rossiya Anqaraning Maripoldagi odamlarni dengiz orqali evakuatsiya qilish bo‘yicha taklifiga javob qaytarmagan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Aleksey Arestovichning so‘zlariga ko‘ra, Mariupolda og‘ir ko‘cha janglari davom etmoqda, ammo Rossiya harbiylari shaharning Ukraina qurolli kuchlari uzoq vaqt ularni to‘xtatib turishi mumkin bo‘lgan qismiga yaqinlashgan.

Taniqli fotograf Maks Levin halok bo‘ldi
Ukrainalik taniqli fotograf Maks Levin uch hafta muqaddam aloqaga chiqmay qo‘ygandi. U mart oyi o‘rtalarida Kiyev oblastida janglar davom etayotgan hududga hamkasbi va do‘sti Aleksey Chernishev bilan birga yo‘l olgan.

1 aprel kuni Ukraina politsiyasi Levin halok bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda u 10 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlagan LB.ua gazetasi ham rasman xabar berdi. Chernishevning taqdiri haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Levinning hujjatli ishlarining aksari Rossiyaning Ukrainaga 2014 yilda boshlangan tajovuzi bilan bog‘liq hisoblanadi.

«Har bir ukrain fotografi urushni to‘xtatishi mumkin bo‘lgan fotosurat muallifi bo‘lishni xohlaydi», deya uning so‘zlarini eslagan LB.ua tahririyati.

40 yoshda bo‘lgan Maksim Levin Reuters, Associated Press, BBC va boshqa ko‘plab xalqaro agentliklar bilan ham hamkorlik qilgan. Uning ortida voyaga yetmagan to‘rt o‘g‘li, rafiqasi va keksa ota-onasi qoldi.

Vladimir Zelenskiy Levinni vafotidan keyin «Jasorat uchun» ordeni bilan taqdirladi.

Levin olgan so‘nggi suratlardan biri, Kiyev oblastida aviazarba vaqtida okopga yashiringan ukrain askari. 10 mart, Demidov qishlog‘i
Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA

Bolalar orasidagi qurbonlar soni o‘smoqda

Ukraina bosh prokuraturasi urush davrida halok bo‘lgan bolalar bo‘yicha ma’lumotini yangiladi. 2 aprel holatiga ko‘ra, ularning soni 158 nafarga yetgan, yana 254 bola yaralangan. Qurbonlarning aksari Kiyev, Donetsk, Xarkov va Chernigov oblastlariga to‘g‘ri keladi.

Butun mamlakatda 869 ta o‘quv muassasalari butunlay yoki qisman vayron bo‘lgan.

Mavzuga oid