O‘zbekiston | 18:42 / 06.04.2022
6911
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda soliq boshqarmasining tadbirkorga 649 million so‘m jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarori sud tomonidan haqiqiy emas deb topildi

Avval Qarshi tumanlararo sudi, so‘ng appelyatsiya tartibida viloyat ma’muriy sudi viloyat soliq boshqarmasining tadbirkorga 649 million soliq summasini hisoblash haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topgan.

Biznes ombudsmanning Qashqadaryodagi vakilining Kun.uz’ga xabar berishicha, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi “Kelajak” MChJ o‘tkazilgan soliq tekshiruvidan norozi bo‘lib, biznes ombudsman devoniga murojaat qilgan.

Murojaatda ma’lum qilinishicha, viloyat davlat soliq boshqarmasining 2021 yil 5 iyuldagi buyrug‘i bilan “Kelajak” MChJ faoliyatida soliq auditi tekshiruvi o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan tekshirish natijasi yuzasidan 2021 yil 14 sentabrda boshqarma tomonidan tadbirkorga 649 million 145 ming 900 so‘m qo‘shimcha soliq to‘lovlari hisoblangan. Hisoblangan qo‘shimcha soliq to‘lovlari MChJ hisobraqamidan undirib olingan.

Tadbirkorning murojaati asosida o‘rganish olib borilganda viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan soliq tekshiruvida mavjud talablarga rioya qilinmagani hamda qo‘shimcha soliq to‘lovlari amaldagi qonunchilik hujjatlarini noto‘g‘ri talqin qilgan holda hisoblangani aniqlangan.

Ushbu qonunbuzilish holatlari yuzasidan “Kelajak” MChJ tomonidan boshqarmaning jarima va qo‘shimcha soliq hisoblash to‘g‘risidagi qarori bo‘yicha sudga murojaat qilingan.

O‘tkazilgan sud majlislarida biznes ombudsman devoni xodimlari tomonidan tadbirkor manfaati himoya qilinib, tekshirish davomida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan sudga ma’lumotlar taqdim qilingan.

Qarshi tumanlararo ma’muriy sudining 2022 yil 28 yanvardagi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilib, Qashqadaryo viloyat davlat soliq boshqarmasining tadbirkorga jarima va qo‘shimcha soliq hisoblash to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Shundan so‘ng viloyat soliq boshqarmasi ushbu qaror ustidan viloyat ma’muriy sudiga apellyatsiya tartibida da’vo arizasi kiritgan. Viloyat ma’muriy sudining 2022 yil 4 apreldagi qarori bilan Qarshi tumanlararo sudining tadbirkor foydasiga chiqarilgan qarori o‘z kuchida qoldirilgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid