O‘zbekiston | 18:31 / 08.04.2022
6865
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi barcha tug‘uruqxonalar eshitishni skrining tekshiruvchi uskunalar bilan jihozlanadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir oy muddatda barcha tug‘ruqxonalarni eshitishni skrining tekshiruvi uskunalari bilan jihozlash va eshitish nogironligini kamaytirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini kiritadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida  Saxovat, Muruvvat va Mehribonlik uylari hamda maxsus maktab internatlari faoliyati bo‘yicha videoselektorda topshiriq berildi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili «Saxovat», «Muruvvat», «Mehribonlik» va bolalar uylari, faxriylar pansionatlari, maktab-internatlarda 172 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari bajarildi.

Joriy yilda barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurilish-ta’mirlash va jihozlashga 227 milliard so‘m ajratiladi.

Bugungi yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida barcha viloyat, shahar va tumanlar hokimlariga o‘z hududidagi har bir tibbiy-ijtimoiy tashkilotga borib, u yerdagi ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, muammolarni aniqlash va hal etish choralarini ko‘rishga topshiriq berilgan.

«Afsuski, bizdagi bor ma’lumotlar joylardagi qator tibbiy-ijtimoiy muassasalarning sharoitini tubdan yaxshilash zarurligini ko‘rsatmoqda», dedi davlat rahbari.

Jumladan, 36 ta «Saxovat» va «Muruvvat» uylaridan 12 tasida qo‘shimcha bino, 7 tasida yotoqxona, oshxona, tibbiyot bo‘limi, sport zali qurish, 21 tasida binolar va isitish-sovutish tizimini ta’mirlashga ehtiyoj mavjud.

Shuningdek, 6 ta «Mehribonlik» va 11 ta kichik yoshdagi bolalar uylaridan 2 tasi ta’mirga muhtoj ahvolda. Imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashgan 86 ta maktab-internatdan 11 tasi kapital ta’mirlashni talab etadi. 

Prezident bu «aholining mehr va g‘amxo‘rlikka muhtoj qatlami uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish borasidagi ishlarimiz hali qoniqarsiz ekanligini ko‘rsatib turgani»ni ta’kidladi.

Ushbu kamchiliklarni hisobga olib, prezident tegishli vazirlik va idoralarga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari bilan birga bir oy muddatda barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ahvolini yana bir bor chuqur o‘rganib, 2022-2024 yillarda ularda qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish va jihozlash bo‘yicha hukumat qarorini tayyorlash vazifasini qo‘ydi.

Barcha darajadagi hokimlar o‘z hududidagi har bir tibbiy-ijtimoiy tashkilotda qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini o‘z muddatida, sifatli bajarish, shunindek ularda zarur shart-sharoitlar yaratish uchun shaxsan javob beradi.

Masalan, bugungi yig‘ilish o‘tayotgan 102-son zaif eshituvchi bolalarga ixtisoslashgan maktab-internat binolarining fasadi, oshxonasi va texnologiya xonalarini ta’mirlash, sport kompleksi va ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etishni joriy yilda bajarishga ko‘rsatma berildi.

Xalq ta’limi vazirligiga «Zamin» fondi bilan hamkorlikda:

  • bu yil 2 ming 600 dan ziyod zaif eshituvchi bolalarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, ularni eshitish moslamalari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish;
  • eshitish moslamalari va koxlear implantatsiya yordamida eshitish qobiliyati tiklangan bolalarni bosqichma-bosqich umumta’lim maktablariga o‘tkazish va maktab-internatlarni optimizatsiya qilish topshirildi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, agar barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyati skrining qilinsa, vaqtida zarur choralarni ko‘rish orqali eshitish nogironligini 60 foizga kamaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

Shuni hisobga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir oy muddatda barcha tug‘ruqxonalarni eshitishni skrining tekshiruvi uskunalari bilan jihozlash va eshitish nogironligini kamaytirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini kiritishga topshiriq berildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid