O‘zbekiston | 22:02 / 11.04.2022
27555
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona vodiysida yangi xalqaro aeroport qurilishi mumkin

“Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani, ularni kengaytirish imkoniyati cheklangani sababli”, uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda. Bu boradagi rejalar prezidentga taqdim etildi.

Uzbekistan Airports raisi Ra’no Jo‘rayeva / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 aprel kuni transport va kommunal sohalardagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, O‘zbekistonda aeroportlarni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan. Taqdimotda ushbu strategiyani 2026 yilgacha amalga oshirish dasturi muhokama qilindi.

Bunda aeroportlarni ixtisoslashtirish, jumladan, Toshkent aeroportini xalqaro xab, Navoiy aeroportini yuk tashish xabi, Samarqand va Buxoro aeroportlarini turizm xablariga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish orqali yo‘lovchilarni o‘tkazish quvvatini soatiga 2 400 nafarga oshirish, ro‘yxatdan o‘tish, pasport nazorati va samolyotga chiqish yo‘laklarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev aeroport xodimlarining dunyoqarashi va malakasini oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtini qisqartirish zarurligini ta’kidladi.

“Ma’lumki, Farg‘ona vodiysidagi uchta – Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari shaharlar ichida joylashgani va atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani sababli ularni kengaytirish imkoniyati cheklangan. Shu bois uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda”, deyiladi xabarda.

“Toshkent-Sharqiy” aeroportining bosh rejasi ham muhokama qilindi.

Buxoro va Urganch aeroportlarida yangi yo‘lovchi terminallari qurish, shuningdek, hududlararo loukoster aviakompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Prezident aeroportlarda xizmatlarni ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, narxlarning ommabopligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Rasmiy xabarda qo‘shimcha qilinishicha:

  • Prezidentning 2021 yil 30 apreldagi qaroriga muvofiq, “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari transformatsiya qilinmoqda;
  • 2021 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston aeroportlari orqali
    5 million 400 ming yo‘lovchi va 82 ming tonna yuk tashilgan, xorijiy aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish hajmi oshgan. Xarajatlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida barcha aeroportlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilangan;
  • Samarqand xalqaro aeroporti yangidan qurilib, ishga tushirildi. Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali rekonstruksiya qilinib, o‘tkazish quvvati 2 barobar oshirildi. Qarshi aeroportining uchish zali yangilandi.

Taqdimotda issiqlik ta’minoti tizimini yangilash va qamrovini oshirishga oid rejalar ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, oxirgi to‘rt yilda hududlarda 47 ta qozonxona qurilib, qariyb 80 kilometr tarmoq yotqizilgan.

2022-2026 yillarda yana 172 ta qozonxona va 482 kilometr tarmoqni yangidan qurish, 109 ta qozonxona va 543 kilometr tarmoqni modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bularning natijasida markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish darajasi hozirgi 52 foizdan 66 foizga yetadi.

Ayrim qozonxonalarda kogeneratsion gaz turbinasini o‘rnatish orqali elektr energiyasi ham ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev issiqlik hosil qilish va undan foydalanish tizimini raqamlashtirish, sohada davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid