O‘zbekiston | 10:47 / 18.04.2022
14188
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda sodir bo‘lgan YTHda Nexia-2 mashinasi va bir yo‘lovchi yonib ketdi. Uch kishi shifoxonaga yotqizildi

Nexia-2 haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va ro‘paradan kelayotgan Nexia-3 bilan to‘qnashgan. Oqibatda Nexia-2 mashinasida yong‘in sodir bo‘lgan va 1 kishi vafot etgan, yana uch kishi turli darajada jarohatlangan.

Foto: FVB

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 17 aprel kuni 4R-190 avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Zafarobod tumani hududidan o‘tuvchi qismida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Viloyat FVBga soat 19:09 larda Nexia-2 mashinasi avtomobili yonayotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Hodisa yuz berayotgan joyga darhol Zafarobod tumani FVBdan yong‘in-qutqaruv ekipaji yuborilgan.

Qutqaruvchilar soat 19:14 da yong‘in sodir bo‘lgan joyga yetib borishgan, soat 19:19 da yong‘in batamom o‘chirilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Zafarobod-Paxtakor yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia-2 mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Nexia-3 mashinasi bilan to‘qnashgan.  To‘qnashuvdan so‘ng Nexia-2 mashinasida yong‘in sodir bo‘lgan.

Oqibatda, bir nafar fuqaro vafot etgan, yana uch nafar fuqaro turli darajada tan jarohatlari olib tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Avvalroq 2022 yil 14 aprel kuni Surxondaryo viloyati Angor tumanida sodir bo‘lgan YTHda uch kishi yonib ketgandi. Bundan tashqari, 2022 yil 3 aprel kuni Termiz shahrida uchta mashina ishtirokida sodir bo‘lgan YTHda Cobalt va uning yo‘lovchisi yonib ketgandi.

Mavzuga oid