O‘zbekiston | 13:56 / 18.04.2022
29684
11 daqiqa o‘qiladi

Moliyaviy piramida qanday ishlaydi va nega halokatga mahkum?

Ko‘pchilik tez va oson boyib ketish orzusida yashaydi. Ana shunday xayollar suradi, qachondir oldidan bir jomadon to‘la dollar chiqib qolishi mumkinligini inkor etmaydi. Buni yaxshi anglaydigan ustasi faranglar odamlarning ishonchlaridan ustomonlik bilan foydalanadilar. Aldanganlar esa buni fahmlaganlarida kech bo‘lgan bo‘ladi.

Foto: stopfake.kz

Kuni kecha “REALNAYA INVESTITSIYA” MChJ rahbari moliyaviy piramida tashkil etib, har oyda kamida 10 foizdan foyda berishni va’da qilgan holda fuqarolarning 15 mingdan 200 ming dollargacha bo‘lgan pullarini o‘zlashtirib, jami yuzdan oshiq fuqaroga 3 mln dollar atrofida zarar yetkazgani haqida xabar berildi.

So‘nggi yillarda mo‘may daromad va’da qilib, minglab shaxslarni milliardlarga chuv tushirgan moliyaviy piramidalar haqida tez-tez eshitadigan bo‘lib qoldik. Lekin shunga qaramay, bunday ko‘rinishdagi firibgarlikning bozori kasod bo‘lish o‘rniga “gullab-yashnayapti”.

Ushbu maqolada moliyaviy piramidaning nima ekani, uni qanday tanib olish mumkinligi, nega piramidalar haligacha yashab kelayotgani haqida so‘z yuritamiz.

Piramida ishtirokchilarining 90 foizdan ortig‘i faqat zarar ko‘radi

Moliyaviy piramida – doimiy ravishda yangi ishtirokchilarning mablag‘larini jalb qilish orqali tuzilma a’zolariga daromad to‘lab borish tizimi. Bunda piramidaning birinchi ishtirokchilarining daromadlari keyingi ishtirokchilar hisobidan to‘lanadi.

Aksariyat moliyaviy piramidalarda tuzilmaga ma’lum miqdorda pul kiritish va o‘zidan keyin 2 yoki undan ortiq ishtirokchilarni jalb qilish shartini bajarish evaziga kiritgan pulini oshig‘i bilan qaytarib olish va’da qilinadi.

Odatda, moliyaviy piramidalar tijoratchi tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va go‘yoki ma’lum bir loyihani moliyalashtirish uchun “investitsiya” jalb qiladi. Bunda, investorlarga uzoq vaqt davomida katta daromadlar to‘lab borishdek ilojsiz narsalar va’da qilinadi. Aslida esa tashkilot hech qanday qiymat ishlab chiqarmaydi va yangi a’zolar to‘laydigan badallar evaziga kun ko‘radi. Ayni shu jihatdan moliyaviy piramida haqiqiy tadbirkorlik sub’yektidan farq qiladi. Ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmagani va ulkan va’dalari moliyaviy piramidani muqarrar halokatga yetaklaydi.

Odamlardagi tezroq boyish va oson daromad olish ishtiyoqi moliyaviy piramida tashkilotchilarining tegirmoniga suv quyadi. Tashkilotchilar ishonchga kirib olish va odamlar orasida nom qozonish uchun dastlab ishtirokchilarga va’da qilingan pullarni to‘lab boradi. Shu tariqa moliyaviy piramida haqiqatan ham va’da qilingan pullarni to‘lagani haqidagi gap-so‘zlar qarindosh va tanishlar orasida og‘izdan og‘izga o‘tib, tashkilotchilar “biznesi”ni gullatadi.

Ammo ishtirokchilar ko‘payib borgani sari ularga berilgan va’dalarni bajarish imkonsiz bo‘lib qoladi. Chunki piramida ishtirokchilari ko‘payib boravergani sari, har oy to‘lanishi kerak bo‘lgan pullar miqdori ham oshib boraveradi. Bundan tashqari, tashkilotchilar kelayotgan pul oqimi boshqaruvini yo‘qotib, o‘ta dabdabali xaridlarga qo‘l ura boshlashadi: tushgan pullardan qimmatbaho hovli, avtomobil va hokazolar sotib ola boshlashadi va bu xaridlar narxi faqat oshib boradi. Tahlillarga ko‘ra, piramida ishtirokchilarining 90 foizdan ortig‘i undan faqat zarar ko‘radi.

Moliyaviy piramidalar avvaldan o‘ylangan reja asosida tashkil etiladi. Insonlarni aldov asosida chuv tushirish maqsadi ko‘zlangani tufayli uning faoliyati firibgarlik bilan yonma-yon yuradi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda moliyaviy piramidalar internet tarmoqlarida ham paydo bo‘lmoqda. Bu kabi piramidalar faoliyati ham odatiylaridan keskin farq qilmaydi.

Endi moliyaviy piramidalarga aniq misollar keltirib, ularning ishlash mexanizmi bilan tanishamiz.

MMM

Nafaqat Rossiya, balki dunyo tarixida ham eng yiriklaridan biri bo‘lgan “MMM” moliyaviy piramidasidan jabrlanganlar sonini tergov 10 mingdan oshiq deb ko‘rsatgani bilan, amalda 10 mlnga yaqin inson chuv tushgani aytiladi.

1994 yildan faoliyatini moliyaviy piramida sifatida yo‘lga qo‘ygan “MMM” aksiyadorlik jamiyati 1 fevral sanasidan boshlab aksiyalarini 1000 rubl nominalida erkin savdoga chiqaradi. Aksiyalar qiymati borgan sari oshib borar, shunga muvofiq ishtirokchilarga to‘lanadigan foyda ham oshib borar, televizorda esa kompaniya aksiyasini xarid qilish va yuqori daromadga ega bo‘lish chaqiriqlari aks etgan reklamalar tinimsiz qo‘yilardi. Bunga qiziqqan odamlar esa moliyaviy piramida domiga borgan sari ko‘proq ilinardi.

Amalda esa kompaniya hech qanday xizmat yoki mahsulot ishlab chiqarmasdi. Shunchaki, keyingi qo‘shilgan “investor”lar hisobidan avvalgi “investor”larga foyda to‘lab berardi. Albatta, hech qanday qiymat ishlab chiqarmagan kompaniya uzoq vaqt ishtirokchilariga foyda to‘lab borolmasligi aniq edi va shunday bo‘ldi ham. Katta tezlik bilan shishib borgan pufak oxiri yorildi. MMMga pul tikib, chuv tushgan ellikka yaqin inson o‘z joniga qasd qilgan.

O‘zbekiston tarixida ham moliyaviy piramidalarga yetarlicha misollar keltirish mumkin.

Ahmadboy piramidasi

O‘zbekiston tarixidagi eng mashhur moliyaviy piramida hech shubhasiz chinozlik Ahmadjon Tursunboyev va uning sheriklari tomonidan tashkil etilgan. Tergov jarayonida “Ahmadboy ishi”da 11700 nafar jabrlanuvchi aniqlanib, ularga umumiy hisobda 418 mlrd 293 mln so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Ushbu piramida fuqarolardan turli miqdordagi pul mablag‘lari va mol-mulklar kiritib, buning evaziga ularga har oy katta miqdorda foiz to‘lab, yakunda kiritgan qiymatini 2 baravar qilib qaytarib olishni taklif etgan. Ushbu holatda ham Alining foizi Valining hisobidan to‘lab borilgan. Yakunda nima bo‘lganini o‘zingiz yaxshi bilasiz.

Tuyaqush piramidasi

Odamlar “Ahmadboy piramidasi”dan yetarlicha saboq chiqarmadi. Oradan bir necha yil o‘tib ijtimoiy tarmoqlar, radio va hatto televideniye orqali tuyaqushchilik bilan shug‘ullanish katta daromad keltirishi haqidagi reklamalar ko‘payib qoldi.

Jumladan, “Straus House” vakillari Afrikadan keltirilgan bir hafta yoki o‘n kunlik tuyaqush jo‘jalarining bir donasini o‘rtacha 2 mln so‘mdan kamida 10ta sotib olishni, har bir jo‘ja uchun 2 mln 200 ming so‘mlik maxsus yem ham sotib olishni, keyin bir yil davomida boqib katta qilingan tuyaqushning har birini mijozlardan 10 mln so‘mga qayta sotib olishni va’da qilishdi. Qayta sotib olish narxi bir necha baravar baland qilib aytilgani sodda odamlarga yoqib tushdi va yana aldov qurboniga aylanishdi.

“Avto 60 oy” piramidasi

“Oson va arzon shartlarda avtomobilga ega bo‘larkanman” deb chuchvarani xom sanagan fuqarolarimizning ham sanog‘i yo‘q.

“Avto 60 oy” rahbarlari UzAuto Motors avtomobillarini dastlabki to‘lov va foizlarsiz bo‘lib to‘lashga sotib olish uchun aholidan pul to‘pladi va buning uchun fuqarolarga mashina rusumidan kelib chiqqan holda 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha qiymatdagi maxsus flayerlarni sotib olishni taklif qildi. Shu tariqa, uddaburonlar respublikaning barcha hududlaridan jami 20 mingga yaqin mijoz bilan shartnoma tuzib, juda qisqa davr – 3 oy ichida 54 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ni yig‘ishtirib olishga ulgurdi.

Investorlik piramidalari

Qashqadaryoda bir guruh shaxslar sodda mijozlarni topib, 1000 dollar sarmoya kiritib, xorijiy mashhur kompaniyalar aksiyalarini sotib olish orqali oyiga 6 foizdan daromad olishlariga ishontirgan va 231 nafar fuqaroning 13 milliard 700 million so‘m pulini o‘zlashtirgan.

“Realnaya Investitsiya” MChJ ham ayni shunday piramidaga misol bo‘ladi. Sog‘lom aql bilan o‘ylab ko‘rilsa, bir necha ming dollar miqdorida investitsiya evaziga, har oy 10 foizdan foyda to‘lab borishni dunyodagi manaman degan qudratli kompaniyalar ham eplolmaydi.

Internetdagi piramidalar

Puxta ishlab chiqilgan sxemalar asosida ishlaydigan bunday piramidalar so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda ham ommalashmoqda. Masalan, 2021 yilda Janubiy Afrikada ishlab chiqilgan Gift of Legacy moliyaviy piramidasi hech qancha vaqt o‘tmay O‘zbekistonda ham minglab ishtirokchilarga ega bo‘lib ulgurdi.

Mazkur piramida 100 dollar tikib, 49 700 dollar miqdoridagi pul ishlab olishni va’da qiladi. 100 dollardan ishtirokini boshlagan odam o‘zidan keyin qancha ko‘p odamni jalb qilsa, foydasi shuncha yuqori bo‘ladi. Masalan, o‘zidan keyin 8 kishini jalb qilganda ishtirokchiga 800 dollar qaytishi va’da qilinadi.

Faoliyati internet orqali yo‘lga qo‘yilgani tufayli internetdagi piramidalar ma’lum bir hudud yoki davlat bilan chegaralanib qolmasdan, butun dunyo bo‘ylab tarqala oladi. Shu tufayli ular global moliyaviy piramida deb ham ataladi.

Nega aholi moliyaviy piramidalarga pul tikishda davom etmoqda?

Ushbu savolga “odamlarimiz sodda” degan qolipli javobni berishdan yiroqmiz. To‘g‘ri, moliyaviy piramida haqida tasavvuri bo‘lmay, unga aldanib qolayotgan sodda odamlar ham ko‘pdir. Ammo piramidalarning tegirmoniga suv quyayotganlarning barchasi ham buni soddalikdan qilmayapti. Shunday odamlar borki, moliyaviy piramidani u taklif qilayotgan balandparvoz va’dalari orqali bittada tanib oladi, ammo moliyaviy piramida kasod bo‘lishiga hali yetarlicha vaqt borligi, ungacha o‘zi pul tikib, foyda ko‘rib qolishga ulgurishiga ishonib, pul tikadi. Bizningcha, insonlardagi ayni shu fikrlash sababli ham moliyaviy piramidalar hamon yashab kelmoqda.

Oson boylik orttirish haqidagi katta-katta va’dalarga ishonib, uy-joyingizdan, mol-mulkingizdan ayrilib qolmang. Unutmang, tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid