Jahon | 22:08 / 18.04.2022
35853
11 daqiqa o‘qiladi

«Ochiq dengizda bedarak yo‘qolgan». «Moskva» kreyseri ekipajining bir qismi halok bo‘lgan

«Moskva» kreyseri halokatida o‘nlab dengizchilar halok bo‘lgan, yaralanganlar taxminan 100 nafar. Bedarak yo‘qolganlar soni noma’lum. RF mudofaa vazirligi kema ekipaji evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgandi, vazirlik qurbonlar haqida OAVda tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirmayapti.

Foto: RF mudofaa vazirligi / AP / Scanpix / LETA

Voqealar rivoji

Rossiya mudofaa vazirligi 14 aprelga o‘tar kechasi Qora dengiz floti flagman kemasi «Moskva» kreyserida yong‘in chiqqani haqida xabar berdi. Bungacha Odessa oblasti ma’muriyati kreyserga raketa zarbalari yo‘llanganini ma’lum qilgandi.

«Interfaks» agentligi 14 aprel kuni RF mudofaa vazirligiga tayanib bergan xabarida kreyser ekipaji «to‘liq evakuatsiya qilingani» haqida yozgan. Yong‘inga «o‘q-dori portlashi» sabab bo‘lgani, kema jiddiy shikastlangani aytilgan.

Shu kuni kunning ikkinchi yarmida mudofaa vazirligi kema suzuvchanligini saqlab qolgani, yong‘in o‘chog‘i bartaraf etilgani haqida xabar qildi. Ammo kechga borib vazirlik shatakka olingan «Moskva» baribir «bo‘ronli dengiz sharoitida» va yong‘in vaqtidagi shikastlanish tufayli barqarorligini yo‘qotib, cho‘kib ketganini tan oldi.

«Avval xabar qilinganidek, kreyser ekipaji Qora dengiz flotining mazkur hududdagi kemasiga evakuatsiya qilingan», deyilgan bu xabarda. Ammo endi «to‘liq» so‘zi tushib qolgandi.

Kema ekipaj a’zolari soni qancha bo‘lgani ma’lum emas. OAVda 500 dan 700 gacha bo‘lgan raqamlar keltirildi. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich korablda 510 nafar dengizchi bo‘lganini aytdi. Rossiya hukumati shu vaqtga qadar hodisadan oldin «Moskva»da qancha odam bo‘lgani va ulardan qanchasi evakuatsiya qilingani, halok bo‘lganlar borligi to‘g‘risida ma’lumot bermadi.

MRBning sobiq rahbari Devid Petreus CNN efirida «Moskva» kreyseri bilan bog‘liq vaziyatda rossiyalik harbiylar o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda hodisani yashirishga deyarli urinmaganidan hayronligini aytgandi. «Men ular [rossiyalik harbiylar] buni tan olishganidan hayronman. Avvalroq, bugun ham, ular kreyser Sevastopol portiga olib ketilayotganini aytishgandi», degan u.

15 aprel kuni Sevastopolda «Moskva» kreyseri bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. Unda harbiy-dengiz kuchlari faxriylari va rohib ishtirok etgan. Olib kelingan guldastada «korabl va dengizchilar» yozuvi bitilganini ko‘rish mumkin.

«Moskva» kreyseri ekipaji aks etgan kadrlar

16 aprel kuni Rossiya mudofaa vazirligi cho‘kib ketgan «Moskva» kreyseri ekipaji a’zolari Sevastopolda Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni, admiral Nikolay Yevmenov bilan uchrashgani aks etgan videokadrlarni e’lon qildi.

Reuters agentligi Yevmenov bilan uchrashuvdagi safda «yuzga yaqin» dengizchini sanagan.

RF mudofaa vazirligi e’lon qilgan videodan kadr

«Novaya gazeta Yevropa» nashri xabariga ko‘ra, videoda «Moskva» komandiri Anton Kuprin ko‘rinish bergan (avvalroq Ukraina nashrlari u kemadagi portlash vaqtida halok bo‘lganini yozishgandi).

Bundan tashqari, nashr rolikning birinchi qismi ovozsiz ekaniga e’tibor qaratgan. «Novaya»ning yozishicha, bu «kadrlarda shaxsiy tarkib hisob berishi jarayoni aks etgani: shaxsiy tarkib komandiri safda qancha odam borligi va qancha odam safdan chiqqani haqida ma’lumot berishi kerakligi» bilan izohlanadi.

RF mudofaa vazirligi e’lon qilgan videodan kadr

Qurbonlar haqida ketma-ket xabarlar

«Meduza» nashrining Qora dengiz floti qo‘mondonligiga yaqin manbasi xabar berishicha, ukrainalik harbiylar hujumidan keyin cho‘kib ketgan «Moskva» raketa kreyserida ekipajning 37 a’zosi halok bo‘lgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, 15 aprel kuni ularning jasadlari Sevastopolga yetkazilgan. Avvalroq «Novaya gazeta. Yevropa» muxbiri bilan suhbatda ekipajning omon qolgan a’zolaridan birining onasi «Moskva»da taxminan 40 dengizchi halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.

«Meduza» manbasining aniqlik kiritishicha, yana 100 nafar kishi yaralangan. Bedarak yo‘qolganlar ham bor — ularning aniq soni ma’lum emas. Kemada jami 500 nafar atrofida odam bo‘lgan.

«Bizga hech narsa aytishmayapti»

Mustaqil nashrlar jurnalistlari halok bo‘lgan ikki matros va kamida to‘rt nafar bedarak yo‘qolgan muddatli harbiy xizmatchilar haqida xabar berishdi.

Dastlab korabl michmani Ivan Vaxrushevning o‘limi haqida ma’lum bo‘ldi (bu ma’lumotni «Sxema» nashriga uning rafiqasi tasdiqlagan), shuningdek katta matros Vitaliy Begerskiy ham halok bo‘lgan (bu haqda «Agenstvo» uning qarindoshiga asoslanib xabar bergan).

Qrimda yashovchi Yuliya Tsyvova BBC rus xizmati bilan suhbatda uning 19 yoshli o‘g‘li Andrey flotda muddatli harbiy xizmatni o‘tagani va «Moskva» kreyseri halokatidan keyin uning nomi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga tirkalganini ma’lum qilgan.

17 aprel kuni «Agenstvo» ijtimoiy tarmoqda Qora dengiz floti flagmani cho‘kishi vaqtida g‘oyib bo‘lgan yana bir harbiy xizmatchi haqida xabar berdi. Bu post «VKontakte» foydalanuvchisi Ulyana Tarasova tomonidan joylashtirilgan, uning o‘g‘li Mark Tarasov ham «Moskva» kreyserida bedarak ketgan». Markning tanishlari «Agenstvo»ga u dekabrdan buyon muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan bo‘lganini tasdiqlashgan.

O‘z o‘g‘li bedarak yo‘qolgani haqida — u ham muddatli harbiy xizmatchi bo‘lgan — ijtimoiy tarmoqlar orqali Sverdlovsk oblastida yashovchi Anna Siromyasova xabar bergan (bunga «Mojyem ob’yasnit» nashri e’tibor qaratgan). Ushbu ayol «Meduza» muxbiri bilan suhbatda unga o‘g‘li bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida ekanini aytishganini bildirgan. Ammo ayolga ro‘yxatni ko‘rsatishmagan, u bu ro‘yxatda qancha odam nomi borligi haqida bexabar. «Ro‘yxat yo‘q, o‘zimiz ham izlayapmiz. Bizga hech narsa aytishmayapti», degan u.

Boshqa ota-onalar ham bolalarini izlamoqda

«VKontakte» foydalanuvchisi Dmitriy Shkrebets 17 aprel kuni uning o‘g‘li Yegor muddatli xizmatni «Moskva» kreyserida o‘tagani, kema halokatidan keyin, uning o‘g‘li bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qayd etilganini aytdi - unga ofitserlar shunday xabar jo‘natishgan.

Matndan bilish mumkinki, Dmitriy Shkrebets o‘z o‘g‘lini halok bo‘lgan deb hisoblaydi:

«Mening o‘g‘lim muddatli xizmatga chaqirilgandi, menga «Moskva» kreyseri komandirlari ma’lum qilishicha, u halok bo‘lganlar va yaralanganlar ro‘yxatida yo‘q va uni bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritishgan. Harbiy harakatlarda ishtirok etmasligi kerak bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ochiq dengizda bedarak yo‘qolganmi?!!!

Ma’lumotlarga aniqlik kiritish bo‘yicha urinishlarimdan keyin kreyser komandiri va uning o‘rinbosari aloqaga chiqishni to‘xtatishdi. Men to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘radim, nima uchun, siz ofitserlar, tiriksiz, mening muddatli harbiy xizmatdagi o‘g‘lim halok bo‘ldi?»

Dmitriyning o‘g‘li Yegor Shkrebets harbiy xizmatga 2021 yil 2 iyulda chaqirilgan. «Moskva» kreyserida u kema oshpazi bo‘lgan. «Radio Svoboda» Boltiq flotining nashri bo‘lmish «Straj Baltiki» gazetasining 24 dekabr kungi sonida kok Yegor Shkrebs nomi tilga olinganini aniqladi. Bu xabarda u Yalta iqtisodiyot-texnologiya kollejini «oshpaz-qandolatchi» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagani aytiladi. Maqola illyustratsiyasida Dmitriy Shkrebetsning postida kelgan fotosurat qo‘yilgan.

Yegor Shkrebets. Dmitriy Shkrebetsning «VKontakte»dagi sahifasidan

Dmitriy Shkrebets «bu dahshatli fojia yashirilmasligi» uchun o‘quvchilaridan ushbu murojaatini tarqatishlarini so‘ragan va butun hayotini «bu tarixda haqiqat g‘alaba qozonishi» uchun bag‘ishlashini aytgan. «O‘g‘li bunday qabih yo‘l bilan olib qo‘yilgan inson uchun endi hech narsa qo‘rqinchli emas!», — deyiladi uning postida.

Shkrebets o‘zi bilan bir xil vaziyatga tushgan uch oila unga aloqaga chiqqanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu odamlar Yalta, Alupka va Sankt-Peterburgdan bo‘lib, «ularning ham muddatli harbiy xizmatda bo‘lgan farzandlari bedarak yo‘qolgan».

RF mudofaa vazirligi va boshqa rasmiy organlar Dmitriy Shkrebetsning postiga izoh berishmadi — xuddi «Moskva» kreyserida halok bo‘lgan boshqa dengizchilar haqidagi xabarlarga munosabat bildirilmagani kabi.

17 aprel kuni «Novaya gazeta. Yevropa» o‘g‘li muddatli harbiy xizmatni «Moskva» kreyserida o‘tagan ayolning monologini e’lon qildi. Nashr xabarida keltirilishicha, 15 aprel kuni u onasi bilan bog‘langan va kreyserga raketa tushishi oqibatida «qirq kishi halok bo‘lgani», «juda ko‘p kishi yaralangani» va «ko‘plab kishilar bedarak ketgani» haqida aytgan. 

«Yaradorlarning ko‘pchiligining oyoq-qo‘llari kesilgan, chunki portlash shunday kuchli bo‘lgan», deyilgan xabarda. «Novaya gazeta. Yevropa» ayol va uning o‘g‘lining shaxsini ularning xavfsizligi nuqtayi nazaridan oshkor etmagan.

Mavzuga oid