Jahon | 20:37 / 17.08.2022
28402
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Qora dengiz floti qo‘mondonini ishdan bo‘shatdi. Bu – urush vaqtidagi eng katta iste’fo

Rossiya harbiy dengiz kuchlarining Qora dengiz floti qo‘mondoni o‘zgardi. Bu haqda Rossiya nashrlari xabar bermoqda.

Foto: SERGEI MALGAVKO/TASS

Bosh shtabini ruslar 2014 yilda egallab olgan Qrimdagi Sevastopol shahrida joylashgan flotga 2019 yil may oyidan buyon qo‘mondonlik qilib kelayotgan Igor Osipov ishdan olingan. Uning o‘rnini vitse-admiral Viktor Sokolov egallagan. Osipov aprel oyida flot flagmani «Moskva» kreyseri cho‘kib ketganidan buyon ko‘rinish bermayotgandi.

Agar Osipov ketgani tacdiqlansa, bu yarim yillik urush davomida Rossiya tomonidan amalga oshirilgan eng katta iste’fo bo‘ladi. Reuters Osipovning ketishi Qrimdagi aerodromlar va harbiy bazalar portlashi fonida ro‘y berganiga e’tibor qaratgan.

«Bunday tayinlovlar haqida ommaviy e’lon qilish shart emas»

Igor Osipovning ketgani flotning yangi qo‘mondoni sifatida Viktor Sokolov tanishtirilganda ma’lum bo‘ldi. Sokolov Sevastopol shahrida harbiy dengizchilarga tanishtirilgan.

«Uning tayinlovi haqida bosh qo‘mondonning (Putin) farmoni bor. Ommaviy tadbir o‘tkazilmadi va o‘tkazilmasa ham kerak. Chunki shaharda sariq darajali terrorchilik xavfi e’lon qilingan», deydi «RIA Novosti» manbasi.

Sevastopolda 31 iyul kuni «sariq darajali» terroristik xavf e’lon qilingandi. O‘sha kuni mahalliy hukumat vakillari Qora dengiz floti shtabiga uchuvchisiz qurilma yordamida hujum qilinganini aytishgandi. Avgust oyida Qrimda yana ko‘plab portlashlar sodir bo‘ldi.

9 avgust kuni Novofedorovkadagi Saki aerodromida o‘q-dori omborida portlash sodir bo‘ldi. Rossiya Mudofaa vazirligi bu diversiya yoki Ukraina tomonidan raketa zarbalari bo‘lmagani, o‘q-dorilar detonatsiyaga uchraganini xabar qilgandi. Rossiya davlat nashrlari esa yong‘in xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani haqida yozishdi.

Qora dengiz floti matbuot xizmati Osipov ketgani va uning o‘rniga Sokolov tayinlangani haqida xabar bermadi. «RIA Novosti»ning yana bir manbasi Rossiya «maxsus harbiy amaliyot» o‘tkazayotgan bir vaqtda hech kim bunday tayinlovlar haqida e’lon qilishga majbur emasligini iddao qilgan.

Osipov qayerda?

2019 yil 3 may kuni Igor Osipov Qora dengiz floti qo‘mondoni etib tayinlangandi. Ukraina nashrlari Osipov «Moskva» kreyseri Ukraina harbiylari tomonidan cho‘ktirilgan vaqtdayoq ishdan olingani va hatto qamoqqa tashlangani haqida yozgandi. Rossiya tomoni bu habarlarga munosabat bildirmagan, lekin Osipov chindan ko‘rinish bermayotgandi. Britaniya razvedkasi esa may oyidayoq Osipov ishdan ketkazilganini xabar qilgandi.

«Moskva» kreyseri 14 aprelda cho‘ktirib yuborilgan, o‘sha kundan buyon Osipov omma oldida ko‘rinish bermagan. 9 may kuni Osipov Sevastopoldagi harbiy paradda ham qatnashmagan. Uning o‘rnida Qora dengiz floti nomidan shtab boshlig‘i Sergey Pinchuk ishtirok etgan.

Osipov 13 may kuni Sevastopoldagi harbiy konsertda ham ko‘rinmadi. O‘shanda Osipov harbiy postda ekani yozilgandi. Urush boshlangan 24 fevraldayoq Yevropa Ittifoqi unga sanksiya qo‘llagandi.

Mavzuga oid