Jamiyat | 23:14 / 18.04.2022
50831
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tumanida uyda boqilayotgan Afrika sheri 3 yoshli bolaning boshi va yelkasidan tishlab oldi

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida xonadonda boqilayotgan yosh sher ushbu hududda yashovchi bolani tishlab olib, salomatligiga jiddiy ziyon yetkazgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisa shu yilning 7 aprel kuni Toshkent tumanining Bahor mahallasida sodir bo‘lgan. Xorijiy davlatdan olib kelib boqilayotgan sher bolaning orqasidan tashlanib, uni sudrab ketgan. So‘ng uning boshidan tishlagan.

“Bitta uy narida turadigan qo‘shnimiz sher boqayotgandi. Bolamga sut olishga chiqqandik. Ovsinim bilan ketayotganimda orqadan kelayotgan bolamning boshidan tishlab, birdaniga sudrab olib ketib qoldi. Xudo qandaydir kuch berdi. Sherning ustiga tashlandim va pastki jag‘ini tortib ochishga harakat qildim. Tepa jag‘ini kimdir ochishga yordam berdi.

Bolamning boshi sher og‘zining ichida edi. O‘lib qolishi ham mumkin edi. Xudo asrab qoldi. Agarda o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmaganda sher farzandimni yeb qo‘ygan bo‘lardi”, deya ta’kidlagan jabrlanuvchining onasi.

Sher changalidan omon chiqqan qizaloq 11 kundan beri Toshkent shahridagi 2-sonli bolalar jarrohlik klinik shifoxonasida davolanmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Joriy yilning 7 aprel kuni taxminan soat 19lar atrofida shifoxonamizga uch yoshli bemor olib kelindi. Uning boshidan, o‘ng yelkasi va dahanidan sher tishlagani aniqlandi. Tezlikda bemorga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatildi. Qutirishga qarshi emlandi. Xudoga shukur, bolaning bosh miyasida, bosh qutisida sinish, o‘zgarishlar yo‘q. Veterinariya bo‘limidan berilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, sher quturmagani ma’lum bo‘ldi. Hozirga kelib qizchaning hayotiga xavf soladigan narsalar o‘tib ketdi”, deydi reablitolog Saidvoris G‘aniyev.

Toshkent tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limiga 16 aprel kuni Toshkent tumani IIB xodimi murojaat qilib, shu tumanda yashovchi fuqaro o‘z hovlisida xavfsizlik qoidalariga amal qilmay Afrika sherining bolasini boqayotgani haqida xabar bergan.

“Voyaga yetmagan fuqaro tomonidan Afrika sherini noqonuniy boqish holati aniqlandi. O‘rganishlar jarayonida bu sherni saqlab turish, boqish va xorijdan olib kelish bo‘yicha hech qanday hujjatlar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan holat bo‘yicha dalolatnoma va boshqa hujjatlar rasmiylashtirildi. Sher yovvoyi hayvonlarni vaqtincha saqlab turish markaziga olib kelindi. Hujjatlar o‘rnatilgan tartibda sudga taqdim etiladi. Sud qaroriga ko‘ra, sher hayvonot bog‘iga beriladi yoki egasiga qaytariladi yoki bo‘lmasam, shu markazda olib qolinadi”, deydi Toshkent tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi rahbari Oybek Rahimov.

Mavzuga oid