O‘zbekiston | 20:16 / 05.05.2025
3552
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri va viloyatida to‘rtta sher noqonuniy boqib kelingani aniqlandi

Xususiy pitomniklardan 80 dan ortiq yovvoyi hayvon, jumladan, to‘rtta sher topildi. Ularning bir qismi Toshkent hayvonot bog‘iga o‘tkazildi.

Foto: Ekologiya vazirligi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahri va viloyati hududida yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq holatlar o‘rganildi.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida Toshkent viloyati hamda shahar hududidagi pitomniklar hamda yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash joylarida 9 turdagi 80 dan ortiq sutemizuvchi hayvonlar va parrandalar, jumladan, to‘rtta Afrika sheri ruxsatnomadan tashqari, noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlangan.

Ushbu hayvonlarning bir qismi belgilangan tartibda saqlash uchun Toshkent shahar hayvonot bog‘iga topshirilgan. O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot uchun, «Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga asosan 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan qator yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Toshkent viloyatining Toshkent tumanida xonadonda boqilayotgan yosh sher ushbu hududda yashovchi bolani tishlab olib, salomatligiga jiddiy ziyon yetkazgan edi.

Mavzuga oid