Jahon | 20:15 / 19.04.2022
17675
2 daqiqa o‘qiladi

Tishlarni "qulflab" qo‘yish orqali ozishga yordam beruvchi qurilma yaratildi

Yangi ixtiro qilingan apparat magnitli qulfdan iborat bo‘lib, uni taqqach tishlar 2 millimetr ochiladi va faqat suyuqlik iste’mol qilish mumkin. Lekin gapirish va nafas olishga xalaqit bermaydi. Bu apparat jarrohlik amaliyoti bilan ozish o‘rniga muqobil bo‘la oladi.

Foto: University of Otago

Yangi Zelandiyaning Otago universiteti va Buyuk Britaniya olimlari global semizlik muammosiga qarshi kurashish uchun maxsus apparat yaratishdi.

DentalSlim Diet Control – stomatolog tomonidan yuqori va pastki tishlarga o‘rnatiladigan ichki og‘iz qurilmasi bo‘lib, tishlarni qulflaydi. Qulf esa maxsus magnitdan tayyorlangan. Bu qurilma o‘rnatilgach, og‘izni 2 millimetr ochib suyuqlik iste’mol qilish mumkin, biroq gapirish va nafas olishga xalaqit bermaydi.

Tadqiqotda qatnashgan ishtirokchilar 2 haftada 6,36 kg vazn yo‘qotishgan. Otago universiteti sog‘liqni saqlash fanlari bo‘yicha yetakchi tadqiqotchi Pol Brutonning qayd etishicha, qurilma ortiqcha vazn bilan kurashayotgan kishilar uchun xavfsiz. Uni stomatolog o‘rnatadi, foydalanuvchilarning o‘zi yechib qo‘yishi mumkin. Bitta qulf ikkinchi marta ham ishlatilishi mumkin.

Pol Brutonga ko‘ra, odamlar vazn tashlashda, asosan, qoidalarga rioya qilishga qiynaladi. Yangi qurilma esa ularning yangi odatlarga, past kaloriyali parhezga o‘rganishlariga yordam beradi. Shuningdek, bu apparat tejamkor, jarrohlik amaliyoti bilan ozish o‘rniga jozibali muqobil bo‘la oladi, salbiy oqibatlari yo‘q deb hisoblanmoqda.

Apparatdan 2-3 hafta foydalangan odam uzoq muddatli samarali oza olishiga ishonadi va keyin uni yechib qo‘yib ham parhez asosida ozishni davom ettiraversa bo‘ladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 1,9 mlrdi ortiqcha vazndan aziyat chekadi. 650 mln odam haddan ortiq semirib ketgan. Har yili 2,8 mln o‘lim ortiqcha vazn sabab sodir bo‘ladi. Agar vaziyat shunday davom etsa, 2030 yilga kelib dunyo aholisining 57 foizi ortiqcha vaznga duchor bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid