O‘zbekiston | 15:22 / 23.04.2022
61203
4 daqiqa o‘qiladi

Buchada 11 nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolgan: bu haqda nimalar ma’lum?

Ukrainada urush boshlangach, O‘zbekiston evakuatsiya rejasi orqali minglab vatandoshlarni ortga qaytardi. Biroq Ukrainadagi notinch vaziyat sabab hamma ham evakuatsiyaga ulgurolmagan ko‘rinadi. Yaqinda 11 nafar o‘zbekistonlik yigit Kiyevda bo‘lib turgani tasvirlangan video tarqaldi.

Ukrainadagi o‘zbeklar tuzgan Telegram-guruh va kanallarda tarqalgan videoda 9 nafar o‘zbekistonlik videoga olayotgan odamga o‘z ismi-sharifini, qayerdan ekanini aytgan. Ularning hammasi Surxondaryo viloyatidan. Ukrainadagi o‘zbeklar tuzgan kanalda shu videodan keyin yigitlardan darak bo‘lmagani aytilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, ularning yana 2 nafar sherigi bo‘lgan. Video Kiyev yaqinidagi Buchada joylashgan baza qorovuli tomonidan yozib olingan.

Yigitlar o‘zlarini Amirqulov Ulug‘bek Nuriddinovich, Majidov Firdavs Husanovich, Asqarov Valisher Alisherovich, Safarov Siratullo Sayfulloyevich, Mahmarajabov Kamoliddin Usmonovich, Botirov Murodjon Usmonovich, Hamrayev Navro‘z Hasanovich, Safarov Humayni Abdurahmonovich, Abdumannoyev Hamidullo Abdurahmonovich deb tanishtirgan. Ular orasida 2004 va 2001 yil tug‘ilgan yoshlar ham bor.

Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda videodagi yigitlarni topish uchun guruhlar tashkil etilgan. Ularda yo‘qolganlarning yaqinlari bilgan ma’lumotlarini ulashib turishibdi. Ma’lum bo‘lishicha, yigitlar urush boshlangunga qadar Kiyevda bo‘lgan. Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, 11 nafar o‘zbekistonlik Buchadan chiqishga imkon topolmagan. Otishma boshlanganda Buzovaya qishlog‘iga jo‘nab ketishgan. 24-28 fevralda shu qishloqda yashashgan. 28 fevralda Jitomir yo‘liga chiqib Lvovga ketishayotgan bo‘lgan.

«Ulardan 2 kishi mashina to‘xtatib ketgan, 9 nafari qolgan. Otishma boshlanishi bilan yo‘lning o‘rmon tomoniga berkinishgan. Keyin yana Lvovga yetib olish uchun taksi chaqirishadi, ammo taksi yetib bormagan. Eshitishimcha, tanklar o‘q ota boshlaganda, o‘sha qishloqdagi odamlar ularga boshpana bergan. Biroz vaqt o‘tgach, ular yana Lvovga yetib olish uchun taksi chaqirishadi. Shu orada telefon quvvati ham tugaydi. Ular yonimizga kelishlari kerak edi, biroq aloqa uzilib qoldi», deydi voqeadan boxabar guruh a’zolaridan biri.

Kun.uz yo‘qolgan yigitlardan birining oilasi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Videoda o‘zini Asqarov Valisher deb tanishtirgan denovlik yigitning ukasi Sherzod Asqarovning aytishicha, akasi 3 mart kunidan beri uydagilari bilan gaplashmagan: «O‘ylashimcha, akam va u bilan birga bo‘lganlar chegaraga borishayotgan bo‘lgan. O‘sha paytda ruslar hujumi boshlanib qolib, kirish-chiqish taqiqlangan qizil zona hisoblangan. Shu sababdan ular chiqib ketishga ulgurmagan bo‘lsa kerak», deydi Sherzod.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 28 fevraldan 24 martga qadar Ukrainada qolgan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish uchun 27 ta aviareys tashkillashtirilib, harbiy harakatlar kechayotgan hududlardan 6 030 nafar o‘zbekistonlik qaytarilgan. Hozirda evakuatsiya ishlari to‘xtatilgan.

Kun.uz muxbiri yo‘qolgan o‘zbekistonlik yigitlarning qidiruv jarayonlari haqida ma’lumot olish uchun Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildi. Vazirlik voqeadan xabardor ekani, O‘zbekiston vakolatxonasi Ukrainadagi tegishli tashkilotlar bilan qidiruv ishlari bo‘yicha aloqa o‘rnatganini ma’lum qildi.

«Odamlar turli sabablarga ko‘ra, evakuatsiya jarayoniga yetib kelolmagan. Hozirda evakuatsiya reyslari to‘xtatilgan. Ukrainadagi notinch vaziyat qidiruv ishlarini qiyinlashtirsa-da, jarayonni davom ettiryapmiz», dedi vazirlik axborot xizmati vakili.

Ma’lumot uchun, Kiyev yaqinidagi Bucha shaharchasi uzoq vaqt Rossiya askarlari nazoratida bo‘ldi. Rossiya armiyasi Kiyevda faollikni pasaytirib, Ukraina shimolini tark etishini ma’lum qilgach, Bucha yana Ukraina nazoratiga qaytdi. Ukraina Buchada ommaviy qirg‘in bo‘lganini xabar qildi. Rossiya tomoni esa mamlakat armiyasi Buchada mahalliy aholi vakillarini o‘ldirmaganini aytib, ko‘rsatilgan kadrlar uyushtirilgan ekanini bildirdi. AQSh prezidenti Jo Bayden Buchadagi voqealarni harbiy jinoyat deb atagandi.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri

Зуҳра Абдуҳалимова
Muallif Зуҳра Абдуҳалимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid