O‘zbekiston | 13:16 / 24.04.2022
15349
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda YTHda haydovchi halok bo‘ldi, to‘rt kishi jarohatlandi

Nexia mashinasi haydovchisi halok bo‘lgan, undagi uch kishi tan jarohatlari olgan. Pachaqlangan Lacetti haydovchisini esa FVB xodimlari qutqarib olishgan.

Foto: FVB

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 4R-35 Jizzax-Sirdaryo avtomobil yo‘lining Do‘stlik tumani hududidan o‘tuvchi qismida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat FVBga soat 13:40 larda Lacetti va Nexia mashinalari ishtirokida YTH sodir bo‘lgani va jabrlanuvchilar yordamga muhtojligi haqida xabar kelib tushgan.

Shundan so‘ng voqea joyiga zudlik bilan boshqarma yong‘in-qutqaruv otryadi hamda Do‘stlik tumani FVBdan qutqaruvchilar bo‘linmasi yetib borgan. Qutqaruvchilar tomonidan Lacetti salonida qisilib qolgan haydovchi maxsus uskunalar yordamida chiqarilgan va tibbiyot xodimlariga topshirilgan.

Foto: FVB

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Gagarin-Jizzax yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan Lacetti bilan to‘qnashgan. Oqibatda Nexia haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida halok bo‘lgan. Pachaq bo‘lgan Lacetti mashinasi haydovchisi va Nexia’da bo‘lgan uch nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan Mirzacho‘l tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Avvalroq Jizzax viloyati Zafarobod tumanida Nexia-2 va Nexia-3 mashinalari o‘zaro to‘qnashgan, oqibatda Nexia-2 mashinasi bilan birga yonib ketgan 1 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan, uch kishi tan jarohatlari olgandi.

Mavzuga oid