O‘zbekiston | 11:20 / 25.04.2022
33378
2 daqiqa o‘qiladi

Zakot hisoblash bo‘yicha onlayn kalkulyator ishga tushdi

Islom dinidagi majburiy moliyaviy ibodat hisoblangan zakot hisob-kitobini osonlashtirish, tadbirkor va investorlar uchun turli boyliklaridan zakot hisoblashni amalga oshirish uchun Zakotim.uz veb-sayti ishga tushdi.

Foto: Kun.uz

Zakotini hisoblashni istagan foydalanuvchilar unda nafaqat naqd pul va tillalaridan, shuningdek, tijorat mollari, investitsiyalari, ko‘chmas mulk, qarzlar hamda o‘zlari yurgizayotgan biznesdan ham zakotlarini qadamma-qadam hisoblashlari mumkin.

Zakot kalkulyatori O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan foydalanishga tavsiya qilingan va Toshkent islom instituti o‘qituvchilari tomonidan tekshirilgan.

Zakot kalkulyatori bilan https://zakotim.uz/ veb-saytida tanishish va bepul foydalanish mumkin. Loyihaning yangiliklari Telegram tarmog‘ida e’lon qilib boriladi.

Avvalroq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati milodiy 2022 yil uchun zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdorini e’lon qilgan edi.

Unga ko‘ra, zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo‘lib, bugungi kunda 1 gramm tilloning o‘rtacha narxi 400 000 (to‘rt yuz ming) so‘m ekani e’tiboridan, bu yilgi zakot nisobi 34 000 000 (o‘ttiz to‘rt million) so‘m deb belgilangan.

«Shunga ko‘ra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 34 million so‘m va undan ortiq mablag‘ga yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moliga ega bo‘lgan musulmon kishi jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi», — deyiladi Musulmonlar idorasining qarorida.

Mavzuga oid