Jamiyat | 18:00 / 26.04.2022
59718
8 daqiqa o‘qiladi

Tuxum emas, muammo tug‘ayotgan tovuqlar - navbatdagi Andijon tajribasi

Bozorda 35-45 ming so‘m atrofida sotilayotgan tovuqlar aholiga 85-95 ming so‘mdan o‘tkazilyapti – kamiga kreditga. 100 ta tovuq bir kunda nari borsa 30 ta tuxum qo‘ygan. Ularning nobud bo‘lib borayotgani esa hammasidan oshib tushyapti.

Ehtiyojmand oilalarga imtiyozli kredit asosida tovuq berishdan maqsad nima? Rasmiylarning javobi quyidagicha: oilalarni biznesga o‘rgatib, daromadini oshirish va xonadonga farovonlik olib kelish. Biroq amalda-chi?

Shu kunlarda Andijonda aholiga tovuq tarqatish siyosati avjiga chiqqan. Mahalliy budjetning 10 milliard puli parrandachilikka yo‘naltirilib, xonadonlarga tovuq berilmoqda. Viloyat hokimligi topshirig‘iga asosan tuman hokimliklari kunlik rejadagi tovuqlarni “Paxtaobod parranda” MChJdan olib, vositachi orqali mahallalarga tarqatyapti.

Biroq, fuqarolar hokimlik tashabbusi bilan banklar orqali kreditga berilayotgan tovuqlarning narxi bozordagidan ikki-uch barobar qimmat ekani, tuxum qilmayotgani, kasallikka chalinib tez o‘lib qolayotgani va don bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘layotganidan norozi.

Ma’lum bo‘lishicha, kredit evaziga berilayotgan tovuqning 1 donasi aholiga 20 kunlik yemi bilan 95 ming so‘mdan pullangan. Har bir xonadonga o‘rtacha 100 donadan tovuq, har kilogrammi 4700 so‘mdan bo‘lgan 22 kilo yem berilgan.

Tovuqlar tuxum emas, muammo tug‘yapti

Imtiyozli kredit olib tovuq boqayotgan aholi vakillari bilan suhbatlashdik. Ular parrandalarni yaxshi sharoitda boqishsa ham, samara bermayotganidan shikoyat qilishdi.

“8 mart kuni 100 dona tovuq olganman. Boshida tovuqlar eng ko‘pi 30 donagacha tuxum tug‘di. Mana bugun, 22 aprel – 15 kundan beri tuxum tug‘may qo‘ydi. Tovuqlar menga 94 ming so‘mdan tushgan. Shu kungacha 25 donasi o‘ldi. Veterinar chaqirdik. Dori-darmon qilib turasiz dedi.

20 kunlik yem berishgandi. Shu bo‘yi berishgani yo‘q. Oilamga foydasi tegsin deb olgandim. Bitta o‘quvchi farzandim bilan yashayman. Mahallaqo‘m bilan, hokim yordamchisi “500-600 ming foyda ko‘rasiz” deb berib chiqib ketgan edi. Endi tug‘mayotgan tovuqlarga kuniga 10 kilodan yem olib beryapman. Tuxumlarini 700 so‘mdan olamiz deyishyapti. Bu bizga faqat ziyon”, – deydi Oltinko‘l tumani Xo‘ja mahallasida yashovchi Marhabo To‘ychiyeva.

Asaka tuman Arg‘in mahallasida istiqomat qiluvchi Gavharoy Xudoyberdiyeva ham yaxshi niyatlar bilan kreditga 100 dona tovuq olgan ekan.

“Bizga asli qora tovuq beramiz deyishgan edi. Mana, qizil tovuqlarni berishdi. 90 ming so‘mdan olgan tovuqlarimizning narxi bozordan teng barobar qimmat ekan. Yuz tovuqdan 20tasi tuxum tug‘yapti. Bozorda 700dan sotyapman. Xaridor topish ham qiyin.

Menga tovuqlarni berayotib, ozuqasi yetkazib berilishi, tuxumlarni o‘zlari sotuvga olib ketishini aytishgan edi. Shu kungacha ozuqa tugab, ziyonga kirib ketyapman”, – deydi u.

Xo‘ja mahallasida yashovchi Izzatoy Abdurashidova kataklarida joy yetarli bo‘lgani uchun 200 dona tovuq olibdi. Parrandalarga 200 kilogramm ozuqa qo‘shib berilgan. Uning tovuqlari ham avvaliga 30 donadan tuxum qilib, oxirgi 15 kunlikda tug‘may qo‘yibdi.

“Tovuqlarni xuddi bola boqqanday avaylab boqyapmiz. Olib kelgan kunlarimiz sovuqqotmasin deb, kechasi bilan “nagrevatel” qo‘yib chiqdik. Juda nozik tovuqlar ekan. Kechasi bilan bir-ikkitasi o‘lib qolyapti.

Olib kelib berganlar 200 dona tovuq deb berib ketgach, sanasak, 2 dona kam chiqqandi. Boshqalarda ham shunaqa kam chiqyapti ekan. 28-30 ta tovuq o‘ldi shu kungacha. Tuman hokimiga chiqdik. Shundan keyin veterinar keldi. Dori-darmonlar bilan boqishimiz kerakligini aytishdi.

To‘g‘risi, bizga bu tovuqlarni “80 foiz tuxumi bor” deyishgani uchun olgandik. Shunga qarab hisob-kitob qilganmiz. O‘zimizcha ikki yuzta tovuqdan 50 foiz tuxum olsak, 750 ming so‘m kredit to‘lasak, 1 mln 200 mingga don yedirsak, ikkita voyaga yetgan farzandimizga 500 mingdan oyiga maosh bo‘lar ekan, degandik. Hozir foyda ko‘rishni o‘ylab, adashganimizni bilyapmiz”, – deydi Izzatoy Abdurashidova.

Madaniy mehnat mahallasida yashovchi Barchinoy Xalilova ham mahalla raisi va hokim yordamchisi “Tug‘adigan qora tovuq beramiz” degani uchun 100 dona tovuq olgani, biroq unga qizil tovuq berishgani, endi yemiga qiynalayotganini bildirdi. Ma’lumot uchun, qora tovuqning tuxumi bozorda 2500 so‘mgacha sotiladi.

Bozordagi narxlar

Biz mahalliy bozorlarga borib, aholiga o‘tkazilganiga o‘xshash qizil tovuqlar va don narxini o‘rgandik.

Andijon bozorlarida xuddi shunday yoshdagi va og‘irlikdagi tuxum qiladigan tovuqlarning narxi 35 mingdan 50 ming so‘mgacha ekan. Makka donining narxi 5 ming atrofida, boshqa aralashma ozuqalarning narxi 7 ming so‘mgacha sotilmoqda.

“Biz tovuq olishga birovni majbur qilmayapmiz”

Izoh olish maqsadida, mazkur ishlarga bosh-qosh bo‘lib turgan Andijon viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari Dilshodbek Yo‘lchiyev bilan bog‘landik.

Mutasaddi viloyatda jami 957 mingta tovuq tarqatish rejalashtirilgani, Tetra zotiga mansub tovuq tuxumlari Niderlandiya va Belarusdan keltirilib, “Paxtaobod parranda” MChJda inkubatsiya qilinganini bildirdi.

“Biz aholiga besh yarim oylik tuxum tug‘adigan tovuqlarni beryapmiz. Bozorda tuxum tug‘maydigan tovuqlar arzon bo‘lishi mumkin. Tashish paytida o‘lgan tovuqlar qaytarib berilyapti.

Hech kim tovuq olishga majburlanayotgani yo‘q. Tovuqlar “Paxtaobod parranda”dan tashqari “Xurshid tantanasi”, “Yetti xazina” va boshqa parrandachilik korxonalari orqali ham tarqatilyapti. Har bir tumanda klasterlar tashkil qilingan, ular “muravey” mototsikllarida yurib, tuxumlarni yig‘ib olib, bozorlarda sotishni tashkil qiladi”, – deydi Dilshodbek Yo‘lchiyev.

Aslida imtiyozli kreditlar aholining qo‘yi qismini ish bilan ta’minlashi va daromadini oshirishga xizmat qilishi lozim. Kreditdan parranda yetishtirayotgan monopol tadbirkor yoki o‘rtakash vositachi emas, aholi foyda ko‘rishi kerak. Berilgan tovuqlar o‘lib, xonadon sharoiti o‘nglanmay, bo‘yniga ilingan millionlab kredit yuki bilan yanada qashshoqlashib borayotganidan birovning ishi yo‘q.

Oqibati kundek ravshan: tovuqlar yo qirilib ketadi yo so‘yib yeb bitiriladi, fuqaro foyda ko‘rmaydi, kreditni ham to‘lay olmaydi. Budjet pulidan moliyalashtirilgan kredit esa “muammoli kredit”ga aylantirilib, yana budjetdan qoplanadi.

Ikki o‘rtada tovuqni sotgan, uni aholiga olib kelib berishda vositachilik qilgan va mana shu oldi-berdilarda aralashib yurgan chinovniklar yutadi.

“Andijon tajribasi” deya boshqa hududlarga o‘rnak qilinishi kutilayotgan holat aslida mana shu...

Elyor Husanzoda,

Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid