Dnestrbo‘yidagi notinchlik. Bu haqda nimalar ma’lum?
Rossiya mudofaa vazirligi vakili bir necha kun avval Ukraina janubini egallash orqali «Dnestrbo‘yiga yo‘l ochish» maqsadi haqida gapirgandi.
Tan olinmagan Dnestrbo‘yi Moldova respublikasida qatorasiga ikki kun portlash ovozlari eshitildi, bu portlashlar uchun hech kim mas’uliyatni zimmasiga olmagan. Moldova prezidenti mamlakat xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi, Dnestrbo‘yi rasmiylari terrorchilik hujumlari haqida ma’lum qilgan. Ikki oy muqaddam Rossiya hujumiga uchragan Ukraina bo‘layotgan hodisalarni provokatsiya deb atamoqda. O‘tgan haftada Rossiya bosqinining ikkinchi bosqichidagi rejalar haqida gapirgan rossiyalik general Dnestrbo‘yini ham tilga olgandi.
Portlashlar va otishmalar
25 aprel kuni Tiraspolda - Moldovadagi ayirmachilar hududi markazida portlashlar kuzatilgandi. Seshanba tongida tan olinmagan respublika ichki ishlar vazirligi Dnestrbo‘yiga SSSRdan meros bo‘lib qolgan ikkita ulkan radiominora portlatilgani haqida e’lon qildi. Buning isboti sifatida video va fotolar keltirilgan.
IIV bayonotiga ko‘ra, antennalardan shu vaqtgacha foydalanilib kelingan - Rossiya radiostansiyalari retranslatsiyasi uchun.
«26 aprel kuni erta tongda Grigoriopolskiy rayonining Mayak qishlog‘ida ikkita portlash ro‘y berdi: birinchisi soat 6:40da, ikkinchisi soat 7:05da», deyiladi tvitterdagi xabarda. «Natijada ikkita ulkan antennalar ishdan chiqarilgan: biri megavattli, ikkinchisi yarim megavattli. Ikkisi orqali ham RF radiosi uzatilgan», deyilgan vazirlik saytida.
Dnestrbo‘yi IIV portlashlarni kim amalga oshirgani borasida versiyalarini ilgari surmagan. Yana bir tvitda qisqacha qilib tarixiy ma’lumot keltiriladi: «PRTs - Dnestrbo‘yi radiotelemarkazi. Bu sobiq SSSRdagi 14 ta radiouzatish markazlaridan biri bo‘lgan. Markaz signalini AQSh, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasiga uzatish mumkin. Radiomarkaz 60-yillar oxirida qurilgan».
Tiraspolda portlashlar ro‘y berganida ham hech qanday versiyalar yangramagandi. «Interfaks» muxbiri bu portlashda Dnestrbo‘yi davlat xavfsizlik vazirligi binosi zararlangani haqida xabar qilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bino RPG-27 yoki RPG-22 granatomyotidan o‘qqa tutilgan. Ikki holatda ham jabrlanuvchilar bo‘lmagan.
27 aprel kuni esa Dnestrbo‘yi IIV Kolbasna qishlog‘idagi Yevropadagi eng yirik qurol omborxonalaridan birining hududida bir necha dron qayd etilganini xabar qildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ular Ukraina hududidan uchirilgan.
«Soat 8:45da, Ukraina tomondan Dnestrbo‘yidagi Kolbasna aholi hududi tomonga bir necha bor o‘t ochildi», deyiladi vazirlik xabarida.
Jabrlanuvchilar haqida ma’lumotlar yo‘q.
Dnestrbo‘yidagi omborxona sovetlar ittifoqi parchalanganidan keyin mazkur hududda qolgan. O‘tgan vaqt mobaynida bu yerni № 13962 (yoki Rossiya qo‘shinlarining operativ guruhi) qo‘riqlab keladi.
Moldova prezidenti «Dnestrbo‘yidagi turli guruhlarning ichki qarama-qarshiligi» haqida gapirdi
Moldova hukumati qoshidagi reintegratsiya byurosi 25 aprel kuni Tiraspoldagi portlashlardan xavotir bildirgandi. «Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxslar regiondagi xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi tuzilma shtabini granatomyotdan o‘qqa tutgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanuvchilar yo‘q. Bu hodisadan maqsad konstitutsion hukumat tomonidan nazorat qilinmaydigan Dnestrbo‘yi regionidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni keskinlashtirish uchun bahona yaratishdir», deyiladi bayonotda.
26 aprel tongida radiotelemarkaz hududidagi portlashlarga reaksiya yanada keskin bo‘ldi. Moldova prezidenti Mayya Sandu mamlakat oliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi, uning yakunida jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘lgan barcha xizmatlar va muassasalarning tayyorgarlik darajasini oshirish, shuningdek Moldova hududi va chegaralarda patrul va tekshiruvlar intensivligini oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Sandu ro‘y bergan hodisalarni «mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdor bo‘lgan Dnestrbo‘yidagi turli guruhlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik» natijasi deb baholadi va aholini «provokatsiyaga uchmaslik»ka chaqirdi.
Moldova Axborot va xavfsizlik xizmati esa fuqarolarga murojaat bilan chiqdi. «Biz jamoatchilikni xotirjamlikni saqlashga, tasdiqlanmagan manbalardan, ayniqsa nafrat uyg‘otish va urush qo‘zg‘atishga qaratilgan ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishga chaqiramiz. Vaziyat murakkabligini hisobga olgan holda, mas’uliyatli bo‘lishga va tanqidiy fikrlashga tayanamiz», deya xizmat bayonotidan iqtibos keltirgan «Interfaks».
Tiraspol va Moskvaning reaksiyalari
Davomli portlashlardan keyin tan olinmagan Dnestrbo‘yi respublikasi prezidenti Vadim Krasnoselskiy ham xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirgan. Yig‘ilishda terrorchilikning «qizil» darajasi e’lon qilindi va «zarurat tug‘ilganda odamlar evakuatsiyasi, jabrlanuvchilarni qabul qilish, shoshilinch ruhiy yordam ko‘rsatish va qarovsiz qolgan mulklarni qo‘riqlash» choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Dnestrbo‘yidagi kuchishlatar tuzilmalar kuchaytirilgan xizmat o‘tash rejimiga o‘tkazildi, Tiraspolga kirishda blokpostlar o‘rnatildi. Maktablarning bir qismida ta’lim onlayn rejimga o‘tkazildi, shuningdek aholi ko‘pchilik bo‘lib to‘planishi xavfsizlikka tahdid tug‘dirishi hisobga olingan holda 9 may kungi G‘alaba paradi bekor qilindi.
TASS xabariga ko‘ra, Dnestrbo‘yi xavfsizlik kengashi ikki emas, uchta «terrorchilik hujumi»ni tasdiqlagan. Krasnoselskiyning matbuot xizmati go‘yoki Tiraspoldagi harbiy qism yaqinida ham hujum ro‘y berganini xabar qilgan.
«Interfaks»ning Tiraspoldagi anonim manbasi esa dushanba kuni yana ikki portlash bo‘lgani - Dnestrbo‘yi «mudofaa vazirligi aviaparki»dagi hodisada qurbonlar va vayrongarchiliklar kuzatilmaganini xabar qilgan. Uning versiyasiga ko‘ra, davlat xavfsizlik vazirligi binosiga hujum «Ukraina hududidan aylanma yo‘llar orqali kirib kelgan uch nafar noma’lum shaxs» tomonidan sodir etilgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov RF prezidenti ma’muriyati Dnestrbo‘yidagi vaziyat keskinlashuvini diqqat bilan kuzatib borayotganini aytdi. Jurnalistlar undan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sandu bilan bog‘lanishi ehtimoli bo‘yicha so‘rashdi.
«Yo‘q, ayni vaqtda hech qanday kontaktlar reja qilinmagan, bunday rejalar yo‘q. Aytishim mumkin bo‘lgani shuki, biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. U yerdan xavotirga soluvchi xabarlar kelmoqda», degan Peskov.
O‘z navbatida, Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Andrey Rudenko portlashlar uchun aybdorlar javobgarlikka tortilishiga umid bildirdi va Moskva «tekshiruvlar natijasida buning ortida ham qo‘shni regionlardagi zo‘ravonliklarni keltirib chiqargan kuchlar turgani fosh bo‘lishini istamasligi»ni qo‘shimcha qildi.
Kiyevning reaksiyasi
Dushanba kuni Tiraspoldagi portlashlarga munosabat bildirgan Kiyev Moskvani provokatsiya qilishda aybladi. «Ko‘rinib turibdiki, bu FSB tomonidan vahima uyg‘otish va Ukrainaga qarshi kayfiyat shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan navbatdagi provokatsion tadbir hisoblanadi. Rejaga ko‘ra, Dnestrbo‘yini harbiy harakatlarga jalb etish ko‘zda tutilgan. Yoki ma’lum safarbarlik zaxirasi bo‘lgan hudud sifatida yoki Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga hujum qilishi mumkin bo‘lgan hudud sifatida», deyiladi Ukraina mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasi press-relizida.
26 aprel kuni Ukraina razvedkasi Dnestrbo‘yi aholisiga go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari nomidan SMS-xabar borayotgani va unda Ukraina tomonidan mazkur hududdagi harbiy obektlarga «raketa va artilleriya zarbalari yo‘llanishi» to‘g‘risida ogohlantirish keltirilgani haqida xabar qildi. Ukraina razvedkasi bunday SMS-xabar Rossiya ta’siridagi axborot resurslari tomonidan faol tarqatilganidan kelib chiqqan holda, bu Rossiya maxsus xizmatlarining Ukraina va Moldovaga qarshi navbatdagi provokatsiyasi degan xulosaga kelgan.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich rossiyaliklarning Dnestrbo‘yi tomondan hujum qilishi ularning Ukrainadagi mag‘lubiyatini tezlashtirishga xizmat qilishini aytdi.
«Rossiya tomoni davlat hokimiyatining eng yuqori vakillari darajasida Moldovani bosib olish zarurligini aytmoqda», deya ta’kidladi Arestovich va Ukraina bu tahdidni to‘la anglashi, qo‘shnilar bilan doimiy aloqada bo‘lib turgani va nima qilish lozimligini bilishini qayd etdi.
«Rossiya rahbariyatiga shuni aytishim mumkinki, yana bir yo‘nalishning qo‘shilishi bu yerda sizning harbiy mag‘lubiyatingizni va xalqaro maydonda siyosiy mag‘lubiyatingizni tezlashtiradi», deya qo‘shimcha qildi u.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Ukraina Rossiya armiyasining Dnestrbo‘yi tomondan ehtimoliy hujumiga tayyor ekanini aytib o‘tdi.
«Moldovaning vaqtincha okkupatsiya qilingan hududi, to‘g‘rirog‘i Dnestrbo‘yida ko‘p yillardan buyon doimiy joylashgan Rossiyaning u yoki bu qo‘shinlari haqida gapiradigan bo‘lsam, ular doim jangovar shay holatda turishidan xabardormiz. Ular u yoki bu buyruqni kutib turishadi. Biroq biz ularning kuch-qudratidan ham xabardormiz. Ukraina qurolli kuchlari ularga qarshi kurashishga tayyor va ulardan qo‘rqmaydi», deya qayd etdi Zelenskiy AEXA (MAGATE) bosh direktori Rafael Mariano bilan Kiyevda o‘tgan brifing chog‘ida.
Ukraina prezidenti Dnestrbo‘yida kuzatilgan so‘nggi voqealar Rossiyaning mintaqada vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan provokatsiyasi ekani yaqqol ayon ekanini ta’kidladi.
«Biz bu Rossiya Federatsiyasining qadamlaridan biri ekanini aniq tushunamiz. Bu maxsus xizmatlarning ishi, bu agar Moldova Ukrainani qo‘llab-quvvatlasa, boshqa qadamlar ham bo‘lishini anglatadi...», dedi u.
Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina janubi orqali «rus tilli aholi kamsitilayotgan» Dnestrbo‘yiga chiqish vazifasini qo‘ygan
Dnestrbo‘yidagi portlashlar RF qurolli kuchlari Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Rustam Minnekayev Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti maqsadlaridan biri Dnestrbo‘yiga quruqlik orqali yo‘l ochish ekanini aytganidan uch kun o‘tib sodir bo‘ldi. Rossiyalik general «bu yerdagi rus tilida so‘zlashuvchi aholiga zulm o‘tkazish holatlari kuzatilayotgani qayd etilgani»ni aytgan.
Ammo Rossiya qo‘shinlari yaqin orada Dnestrbo‘yiga yetib borish uchun urinishi bo‘yicha ma’lumot yo‘q. Rossiyaning Ukraina janubidagi yurishlari mart oyidayoq Nikolayev yaqinida to‘xtatilgandi — havo-desant kuchlari bo‘linmalari Nikolayevdan shimolda joylashgan Janubiy Bug daryosini kechib o‘ta olmadi Xerson oblastiga chekinishga majbur bo‘ldi. Aprel oyi boshida bu frontga Kiyev atrofidagi janglardan bo‘shagan ukrainalik harbiylarning bir qismi tashlandi, ammo ukrainlarning qarshi hujumlari ham hozircha samara keltirmadi.
Shundan buyon aprel oyi bo‘yi janubiy-g‘arbiy yo‘nalishda (Nikolayev, Xerson oblastlari va Dnepropetrovsk oblasti janubi) kichik to‘qnashuvlar davom etmoqda. Rossiya armiyasi hozircha Dneprning o‘ng sohilida, Xerson va Novaya Kaxovka hududida joylashgan platsdarmni ushlab turibdi, ammo hozirda Odessa va Dnestrbo‘yi tomonga keng ko‘lamli hujum boshlash rejalashtirilmagan. Hozircha bu yo‘nalishga rossiyalik harbiylarning qo‘shimcha kuchlari tashlanmayapti.
Dnestrbo‘yidagi Rossiya harbiy bo‘linmasi (DMRdagi kuchlarning operativ guruhi) esa hozirgi urush o‘lchovlari bo‘yicha juda kichik: tan olinmagan respublikada ikkita motoo‘qchilar bataloni va jami soni ikki ming kishiga ham yetmaydigan boshqaruv va ta’minot qismlari joylashgan. Odessaning o‘zidagi Ukraina bo‘linmalari (Nikolayev atrofidagi janglarga jalb etilmagan, Qora dengiz sohili va Dnestrbo‘yi bilan chegarani qo‘riqlash bilan mashg‘ul bo‘lgan 28-mexanizatsiyalashgan brigada va hududiy mudofaa qismlari) Dnestrbo‘yidagi Rossiya guruhidan son jihatdan bir necha barobar ustunlikka ega.
Dnestrbo‘yining o‘z armiyasi (kamida 10 ming kishidan iborat) son jihatdan o‘zining asosiy potensial raqibi — Moldova armiyasiga teng. Ammo tan olinmagan respublika urushga qo‘shilishga qaror qilsa ham, bu kuchlar Ukraina bilan urushdagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega emas.
Ziddiyatning qisqacha tarixi
Dnestrbo‘yidagi mojaro 1980-yillar oxirida yuzaga kelgan. Moldova SSRda natsionalistik va ruminparast kayfiyatlar o‘sishi fonida mamlakatning bir qismida markazi Tiraspol bo‘lgan Dnestrbo‘yi Moldova respublikasi tuzilgani e’lon qilinadi (uni Kishinyov ham, Moskva ham tan olmagan). SSSR mavjudligini yo‘qotgach, tan olinmagan respublika Dnestrbo‘yi Moldova respublikasi sifatida yashashda davom etadi.
1992 yilda mojaro ochiq qurolli to‘qnashuvga aylanadi va bu nizo bir necha oy davom etadi. To‘qnashuvlarda mingdan ortiq kishi halok bo‘ladi. Rossiya vositachiligida tinchlik sulhi tuziladi, shundan so‘ng regionga rossiyalik tinchlikparvar kuchlar kiritiladi. O‘shandan buyon mojaro muzlatilgan, tomonlarning mojaroni hal qilish uchun urinishlari besamar bo‘lib kelmoqda. Dnestrbo‘yi Moldova respublikasi de-fakto mustaqilYu ammo uning mustaqilligini BMTga a’zo bo‘lgan mamlakatlarning hech biri tan olmagan.
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024