Jahon | 07:26 / 27.04.2022
45020
15 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi vaziyat: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar

Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlarga oid kechagi kun davomida va 27 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisa, yangilik va xabarlarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida 1986 yildan buyon dunyoning hech bir davlati Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ortidan yaratgani kabi keng miqyosdagi yadroviy xavfsizlikka tahdid yaratmaganini ta’kidladi.

«AEXA va jahon hamjamiyati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishdan umidvormiz. Hech kim atom energetikasini qurolga aylantirish, shuningdek, jahon ahlini yadroviy qurol bilan shantaj qilish huquqiga ega emas», — degan Zelenskiy.

Foto: president.gov.ua

Volodimir Zelenskiy AEXA bosh direktori Rafael Mariano Grossi bilan Kiyevda o‘tgan brifing chog‘ida Moldovaning okkupatsiya qilingan hududidan Rossiyaning ehtimolli tajovuziga tayyor ekanini bayon etdi.

«Moldovaning vaqtincha okkupatsiya qilingan hududi, to‘g‘rirog‘i Dnestrbo‘yida ko‘p yillardan buyon doimiy joylashgan Rossiyaning u yoki bu qo‘shinlari haqida gapiradigan bo‘lsam, ular doim jangovar shay holatda turishidan xabardormiz. Ular u yoki bu buyruqni kutib turishadi. Biroq biz ularning kuch-qudratidan ham xabardormiz. Ukraina qurolli kuchlari ularga qarshi kurashishga tayyor va ulardan qo‘rqmaydi», — degan Zelenskiy.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba mamlakat «prinsipial jihatdan yangi fazaga» — Ukraina qurolli kuchlari NATO qurollaridan foydalanishga o‘tayotganini ta’kidladi.

«Biz ikki oy muqaddam hech kimning xayoliga ham kelmagan mutlaqo yangi fazaga o‘tdik. Biz prinsip va sifat jihatdan yangi fazaga — Ukraina qurolli kuchlarini NATO qurollariga, NATO standartlariga o‘tkazishni boshladik. Bu ayni paytda sodir bo‘lmoqda», — degan Kuleba o‘zining videochiqishida.

Ukraina birlashgan qurolli kuchlarining operativ shtabi o‘tgan sutka ichida erishilgan yutuqlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

26 apreldan keyingi sutka ichida birlashgan kuchlar harbiy xizmatchilari dushmanning 9 ta hujumini muvaffaqiyatli qaytargan. Rossiya qo‘shinlariga quyidagicha talafot yetkazilgan:

  • 9 ta tank;
  • 11 ta artilleriya tizimi;
  • 4 ta maxsus texnika;
  • 14 ta zirhli texnika;
  • 3 ta jangovar zirhli mashina;
  • 3 ta maxsus injyenerlik texnikasi;
  • 16 ta avtomobil texnikasi;
  • 4 ta yonilg‘i quyuvchi texnika;
  • 1 ta zenit qurilmasi;
  • 1 ta Su-25 samolyoti;
  • 1 ta Ka-52 vertolyoti;
  • 2 ta qanotli raketa;
  • 3 ta pilotsiz uchar qurilma (taxminan «Orlan-10»).
  • Shuningdek, Ukraina QK «Vostok» tezkor taktik guruhi dushmanning 5 ta hujumini qaytargan. Rossiya qo‘shinlariga yana quyidagicha talafot yetkazilgan:
  • Shaxsiy tarkib — 100 ga yaqin, tanklar — 6, BTR — 2, SAU — 1, minomyot — 3.

 

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvdagi bayonotlaridan:

  • Rossiya doim BMTni qo‘llab-quvvatlagan va shu yo‘sinda davom etadi.
  • Ukrainadagi barcha muammolar 2014 yilgi davlat to‘ntarishidan so‘ng paydo bo‘lgan. Bu chindan ham konstitutsiyaga zid to‘ntarish edi.
  • Rossiya Donbassda insonlarning genotsid bo‘lishining oldini olish maqsadida DXR va LXRni tan olishga majbur bo‘ldi.
  • Rossiya tomoni o‘zining ezgu niyatlarini yetarli tarzda namoyish etdi, ammo Buchadagi provokatsiyaga duchor bo‘ldi. Rossiyaning bunga aloqasi yo‘q. Biz uni kim uyushtirganini bilamiz. Biz bu provokatsiyani kim tayyorlaganini, bu insonlar kimligini bilamiz.
  • Mariupolda harbiy harakatlar bormayapti, ular to‘xtagan. 1300 dan ortiq ukrain harbiylari asir tushgan.
  • Qrim va Donbass masalasini hal qilmasdan turib, Ukrainaga xavfsizlik kafolatini berish mumkin emas.
Putin va Guterrishning Moskvadagi uchrashuvidan. Foto: TASS

Vladimir Putin shuningdek, Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olganligini tushuntira turib, Kosovo misolini keltirgan.

Anoniu Guterrishning Vladimir Putin bilan uchrashuvdagi bayonotidan:

«Men Rossiyaning Ukrainada kechayotgan voqealar, Yevropa va global xavfsizlikka nisbatan bir qator e’tirozlari borligini tushunaman. Sizning norozilingizni ham tushunaman, lekin bizning nuqtayi nazarimizga ko‘ra bu ziddiyatlar BMT ustavida ko‘zda tutilgan vositalarga asoslangan holda hal etilmog‘i kerak. Ishonamizki, mamlakat hududiy yaxlitligini buzish BMT ustaviga to‘liq mos kelmaydi. Biz hozir bo‘layotgan voqealardan tashvishdamiz va Ukraina hududiga bostirib kirish sodir bo‘ldi, deb hisoblaymiz. Shunday bo‘lsa-da, men Moskvaga pragmatik yondashuv bilan keldim», — degan Guterrish.

Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyev Xerson oblastining barcha hududi ustidan nazoratni yo‘qotganini e’lon qildi. Rossiya mudofaasi boshqaruvi milliy markazi boshlig‘i general-polkovnik Mixail Mizinsevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari nazorati ostiga shuningdek Xarkov, Zaporojye, Nikolayev oblastlarining bir qismi ham o‘tgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyevda britaniyalik maslahatchilar joylashgan markazlarga zarba berish bilan tahdid qildi. Vazirlikning qayd etishicha, Buyuk Britaniya Kiyevni Rossiyadagi obektlarga Britaniya qurollari bilan zarba berishga gij-gijlamoqda.

«Rossiya qurolli kuchlari uzoq masofaga ucha oladigan yuqori aniqlikdagi qurollar bilan Kiyevdagi shu kabi qarorlar chiqariladigan markazlarga zarba berish uchun sutka bo‘yi jangovar shay holatda turibdi», — deyiladi RF Mudofaa vazirligi bayonotida.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Rossiya qurolli kuchlari yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Ukrainaning 32 ta harbiy ob’yektiga zarba bergan, jumladan ikkita artilleriya batareyasi yo‘q qilingan;
  • Rossiya harbiy komik kuchlarining aviatsiyasi Ukrainaning 33 ta harbiy obektiga zarba bergan, Ukraina tirik kuchlarida yo‘qotishlar soni 200 ga yaqin;
  • RF QK Beryozovka aholi punkti yaqinida ikkita baravar o‘t ochish reaktiv tizimi, Komar aholi punkti yaqinida «Buk-M1» zenit raketa kompleksini yo‘q qilgan;
  • RF QK maxsus operatsiya boshlanganidan buyon Ukraina QKning 589 ta pilotsiz boshqariladigan uchar qurilmalari, 2588 ta zirhli texnikasini yo‘q qilgan.

 

Ukrainaga ko‘mak

40dan ortiq davlatlarning mudofaa vazirlari Germaniyaning Ramshtayn shahridagi AQSh HHK bazasida uchrashuv o‘tkazishdi va Rossiya tajovuziga qarshi Ukrainaga yordam berish bo‘yicha koalitsiya tuzilganini e’lon qilishdi.

Foto: REUTERS / Kai Pfaffenbach

AQSh mudofaa vaziri bu uchrashuvni tarixiy deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sammit Ramshtayn uchrashuviga kelgan davlatlar vakillari kiritiladigan aloqa guruhining ish boshlashiga sabab bo‘ladi. Unga nafaqat NATOga a’zo 30ta davlat, bir qancha yondosh davlatlar ham a’zo bo‘lgan. Masalan, Yaponiya va Isroil.

Germaniya mudofaa vaziri Kristina Lambrext xonim GFR hukumati Ukrainaga «qanotli raketalarning kushandasi» deb sanaladigan «Gepard» zenit tanklarini yetkazib berishni ma’qullaganini e’lon qildi.

Buyuk Britaniya yaqin haftalarda — 10 maygacha Ukrainaga yuqori texnologiyali Brimstone raketalarini yetkazib beradi, degan Birlashgan Qirollik mudofaa vaziri o‘rinbosari Jyeyms Hippi.

Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore uning mamlakati Britaniya rahbarligi ostida Ukraina uchun qurol-yarog‘ sotib olishga 44 mln dollar ajratishini e’lon qildi.

 

Rossiyani tark etish va sanksiyalar

Bank of America Rossiyaning AQShdagi ikkita bosh konsulligi hisobraqamlarini berkitib qo‘ygan. Rossiya elchixonasining ish rejimi bloklangan. Bu haqda «Rossiya-1» telekanali efirida Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov aytgan.

Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov. Foto: Regnum AA

Polsha Rossiya va Belarusning 15 ta jismoniy va 35 ta yuridik shaxslariga nisbatan o‘z sanksiyalarini joriy qildi. Sanksiya ro‘yxatidan biznesmenlar (Oleg Deripaska, Mixail Fridman, Mixail Gutseriyev va boshqalar), shuningdek, «Kasperskiy laboratoriyasi» va KamAZ kabi korxonalar o‘rin olgan.

Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek Germaniya Rossiya neftidan zudlik bilan voz kechishga tayyor ekanini bayon qildi. «Bugun men embargo Germaniya uchun boshqarsa bo‘ladigan holatga aylanganini ayta olaman», — degan Habek. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytga kelib mamlakat neft importida Rossiyaning ulushi bor-yo‘g‘i 12 foiz va unga muqobil allaqachon topilgan.

Renault «Avtovaz»dagi o‘zining 68 foizlik ulushini «bir rublga» sotadi, degan RF sanoat va savdo vaziri Denis Manturov. Fransuz avtokonserni 5-6 yil ichida uni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Xalqaro xokkey federatsiyasi Rossiyani 2023 yilgi xokkey bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish huquqidan mahrum qildi. IIHF o‘z qarorini barcha qatnashuvchi tomonlarning xavfsizligi va omonligini o‘ylab chiqarganini tushuntirdi. Musobaqalar 2023 yilning 5–21 may kunlari Sankt-Peterburg shahrida tashkillashtirilishi kerak edi.

Aleksey Navalning hammaslaklari 6 ming «korrupsioner va urush qo‘zg‘atuvchilari» ro‘yxatini tuzishdi. Ro‘yxat mualliflari 6 ming kishining barchasini g‘arb sanksiya ro‘yxatiga kiritilishini rejalashtirmoqda. Ro‘yxatda allaqachon sanksiyalarga duchor bo‘lgan Vladimir Solovyov, Margarita Simonyan, Olga Skabeyeva va boshqa taniqli shaxslar qatori jurnalistlar Kseniya Sobchak va Oleg Kashin ham bor.

Niderlandiya rossiyaliklarga turistik viza berishni bas qildi.

 

Rossiya tomonining qarshi choralari

Roskomnadzor Riseup himoyalangan pochta va aloqa servisini blokladi. Undan so‘l qarashlarga ega jahondagi barcha aktivistlar foydalanadi. Servis ma’muriyati o‘z mijozlari va ularning yozishmalari haqidagi axborotni berish borasida davlat organlarining so‘roviga rad javob berib keladi.

Polshaning PGNIG kompaniyasi «Gazprom» 27 apreldan boshlab Polshaga gaz yetkazib berishni to‘xtatishini xabar qildi. Rossiya gazi uchun rublda haq to‘lanmayotgani uchun shunday chora qo‘llanilgan. «Gazprom» bu axborotni tasdiqlamagan.

«Gazprom» Bolgariyaning Bulgargaz gaz taqsimlovchi kompaniyasini 27 apreldan boshlab gaz yetkazib berilmasligi haqida ogohlantirgan, deya xabar bergan Bolgariya energetika vazirligi.

Aksilrossiya sanksiyalari Rotterdam shahridagi Yevropaning eng yirik porti o‘tkazish quvvatiga ta’sir qilmoqda — birinchi chorakda ko‘rsatkichlar 1,5 foizga tushgan.

Rotterdam portining bosh direktori Allard Kasteleyn. Foto: ShippingWatch

Port bosh direktori Allard Kasteleynning aytishicha, rus-ukrain mojarosi «jahon savdosida jiddiy noaniqlik va logistika zanjirlaridagi o‘zgarishlar»ni keltirib chiqarmoqda.

Moskva shahar arbitraj sudi Google kompaniyasining 500 mln rublga teng aktivlarini hibsga oldi. Sud «Gazprom media» holdingiga qarashli «GPM Razvlekatelnoye televideniye» MChJning YouTube tarmog‘idagi akkauntiga ruxsatni ochish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qanoatlantirgan. Google hozircha javob bermagan. Eslatib o‘tamiz, YouTube Rossiya davlat OAVlarining kanallarini butun dunyo bo‘ylab bloklagan.

 

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

BMT 24 fevraldan 25 aprelga qadar Ukrainadagi urush davomida tinch aholi o‘rtasida 5840 ta qurbonni aniq hisobga olgan: asosan o‘t ochishlar va aviazarbalar natijasida vafot etganlar — 2729 nafar (201 nafari bolalar); yaralanganlar — 3111 nafar (299 nafari bolalar). Real yo‘qotishlar soni ancha katta.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Ukrainada 7,7 mln kishi ichki qochqinlarga aylangan. Ularga naqd pul, oziq-ovqat, tibbiy xizmatlar, zo‘ravonlik va inson savdosidan himoya kerak.

Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova Rossiya harbiylariga rus tilida murojaat qildi.

«Rossiya askarlari, qo‘mondonlar va barcha taalluqli shaxslar. Agar o‘zingizda insonparvarlikdan biror qoldiq sezsangiz, uni jonlantiring va bu yovuz urushni to‘xtating. Chunki kundan kunga sizlar joni va tanasini jarohatlangan ayollar, bolalar, beayb kishilardan iborat armiyani o‘stirmoqdasizlar. Himoyasiz kishiga ozor yetkazish — buyuk zaiflik nishonasidir», — degan Zuzana Chaputova.

Germaniyaning «Ramshtayn» aviabazasida yig‘ilgan 40 ta davlat mudofaa vazirlari oldida chiqish qila turib AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin «Rossiyaning adolatsiz bostirib kirishiga qarshi kurashishda Ukrainaga yordam berish va ertangi tahdidlar uchun Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash»ga va’da berdi.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin. Foto: REUTERS / Kai Pfaffenbach

Lloyd Ostinning chiqishidan parchalar:

  • Butun dunyo mamlakatlari Rossiyaning imperialistik agressiyasiga qarshi bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash qat’iyatimizda birlashgan. Ukraina g‘alaba qozonishiga aniq ishonmoqda, bu yerda yig‘ilganlar ham.
  • Rossiya urushni o‘z tanloviga ko‘ra, bir kishining ambitsiyalarini qondirish uchun olib bormoqda. Ukraina o‘z demokratiyasini, suverenitetini, xalqini himoya qilish uchun urushmoqda.
  • AQSh Ukrainaga jahondagi har qanday davlatdan ko‘proq yordam berdi va Ukraina armiyasi urushda g‘alaba qozonishi uchun yordam berishda davom etish niyatida.
  • Ukrainaliklar 62 kundirki jang qilishmoqda. Ularning qarshiligi ular qalqon bo‘lib turgan butun erkin dunyo uchun ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda.
  • AQSh Kiyevning ehtiyojlarini qondirish uchun «yer va osmonni siljitishda davom etadi», biz «hali juda ko‘p narsa qilishimiz kerak».
  • AQSh Rossiyaning harbiy salohiyatini pasaytirishga erishish niyatida.
  • Hamkor davlatlar Ukraina uchun 5 mlrd dollarga yaqin harbiy yordam to‘plashgan, ularning 3,7 mlrd dollari AQSh ma’muriyati yordami.
  • Ukrainaning hamkorlari har oyda unga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazib turadi.
  • AQSh yadroviy qurolni qo‘llash haqidagi bayonotlarni tahdidli va bemahsul deb hisoblaydi.
  • Ukraina kelajakda yana NATOga a’zo bo‘lishga harakat qilishi mumkin, Alyans ochiq eshik siyosatidan voz kechmaydi.
  • AQSh Ukraina nizosining Moldovagacha kengayishini istamaydi va Dnestrbo‘yidan kelayotgan xabarlarni sinchiklab o‘rganadi.
Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid