Jahon | 07:31 / 29.04.2022
38159
13 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi vaziyat: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar

Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlarga oid kechagi kun davomida va 29 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisa, yangilik va xabarlarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatnomasida davlati va Ukraina himoyasi uchun jiddiy yangiliklar ro‘y berganini ochiqladi.

 president.gov.ua

«AQSh Ukrainaga 33 mlrd dollarlik yordam paketini tayyorladi. Undan 20 mlrd mudofaaga sarflanadi, 8 mlrd dollardan ortiq qismi iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga beriladi. 3 mlrd dollar insonparvarlik yordamiga yo‘naltiriladi. Bu AQSh tomonidan bosilgan juda muhim qadam, men buning uchun Amerika xalqidan va shaxsan prezident Jo Baydendan minnatdorman. Umid qilamanki, Kongress bizning davlatga yordam bo‘luvchi ushbu so‘rovni tezda ma’qullaydi», — degan Zelenskiy.

28 aprel kuni kechqurun Kiyevga RF QK tomonidan raketalar uchirildi. Ularning biri Shevchenko rayonidagi turar joy binosiga borib urilgan. 10 kishi jabrlangan. Kiyevda bo‘lib turgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish shunday deydi:

«Bugun Kiyevda ikkita raketa portladi. Men o‘zim bo‘lib turgan shaharda ikkita raketa portlaganidan shokdaman. Biz bu urushga nuqta qo‘yishimiz kerak».

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Irpen shahrida. president.gov.ua

Zelenskiy Rossiya armiyasi Ukrainada ikkinchi jahon urushidan so‘ng jahondagi global tartibga asoslangan barcha narsani — BMT ustavi, xalqaro konvensiyalar va deklaratsiyalar, insonlar va davlatlar huquqini ko‘ra-bilaturib va shubhasiz oyog‘osti qilganini aytdi.

«Jahonda erkinlik va xavfsizlikni kafolatlovchi barcha narsalar Rossiyaning tajovuzkorona harakatlari bilan vayron qilindi. BMT bosh kotibi Moskvada bo‘lib turganida ham Rossiyaning Mariupolga zarbalari tingani yo‘q. Bugun esa Kiyevda muzokaralarimiz o‘tkazib bo‘lingani hamono Rossiya raketalari uchib keldi. Beshta raketa. Bu Rossiyaning global institutlarga asl munosabati haqida ko‘p narsani: Rossiya rahbariyatining BMT hamda bu tashkilot tamsil etadigan barcha narsani oyog‘osti qilishga urinishini bildiradi», — degan Zelenskiy.

Volodimir Zelenskiy Antoniu Guterrish bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng Mariupoldagilar masalasiga to‘xtaldi:

«Ukraina Mariupoldan insonlarni evakuatsiya qilish uchun kechiktirib bo‘lmas muzokaralarga tayyor va BMTning qo‘llovidan umidvor. Shuningdek, biz RF tomonidan provokatsiya qilingan oziq-ovqat krizisi, mamlakatimizga insonparvarlik yordamini ko‘paytirish, okkupantlar tomonidan deportatsiya qilingan ukrainaliklarning uylariga qaytishi masalalarini muhokama qildik. BMT bosh kotibining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga nisbatan aniq va muayyan pozitsiyasini qadrlaymiz», — degan Zelenskiy.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Dushmanning 9 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 6 ta tank, 12 ta zirhli texnika, bitta mashina va bitta zenit qurilmasi yo‘q qilingan.

Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:

  • Aviatsiya va dengizda bazalashgan «Kalibr» va «X» qanotli raketalarning 5 tasi urib tushirilgan.
  • 9 ta pilotsiz uchar qurilmalar urib tushirilgan. Ularning 7 tasi «Orlan-10» tipidagi, ikkitasi noma’lum tipda.
  • Xarkov oblastida Ukraina HHKning zenit-raketa bo‘linmasi Rossiyaning Su-34 bombardimonchi samolyotini urib tushirgan.

«Vostok» tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:

Rossiya qo‘shinlari 28 aprel kuni 2 ta hujum uyushtirgan, janglar davom etmoqda. Dushmanning yo‘qotishlari:

  • Shaxsiy tarkib — 42; tanklar — 3; BMP — 2; BTR — 1; BBM — 1; AT — 1; Pilotsiz uchar qurilma — 2

 

Rossiya tomonining bayonotlari

RF prezidenti Vladimir Putin Angola prezidentiga telefon orqali Rossiyaning Ukrainadagi Donbassni himoya qilish bo‘yicha operatsiyalari sabablari va maqsadlarini tushuntirgan.

Rossiya Federatsiyasi mudofaasini boshqarish milliy markazi boshlig‘i Mixail Mizinsevning bayonotlaridan parchalar:

  • Sutka davomida Ukrainaning xavfli hududlari, DXR va LXRdan Rossiyaga 19442 kishi evakuatsiya qilingan;
  • Kiyev Rossiya artilleriyasidan DXRda tinch aholi nobud bo‘layotgani haqidagi materiallarni soxtalashtirmoqda;
  • Ukrainalik natsionalistlar Xarkov va Odessa maktablarida o‘t ochish nuqtalari jihozlagan;
  • Maxsus operatsiya boshidan buyon RF Donbass va Ukrainaga 16 ming tonna insonparvarlik yordami yetkazgan;
  • Bir sutka mobaynida Rossiyaga Ukrainadan evakuatsiya qilishni so‘rab 100 dan ziyod murojaat kelib tushgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Havoda baza olgan raketalar bilan Ukrainaning 38 ta harbiy obektlari: 3 ta boshqaruv punkti, 22 tayanch punkti, 7 tirik kuch va harbiy texnika jamlanmasi, 6 ta o‘q-dori va yonilg‘i omborlari yo‘q qilingan.
  • Rossiya aviatsiyasi tomonidan Ukrainaning 76 ta harbiy obekti o‘qqa tutilgan.
  • Zarbalar natijasida shaxsiy tarkibda 320 ta askar, 35 ta zirhli texnika va avtomobillar yo‘q qilingan.
  • Raketa qo‘shinlari tomonidan kun davomida «Tochka-U» kompleksining o‘t ochish qurilmasi, 2 tirik kuch va harbiy texnika jamlanmasi yo‘q qilingan.
  • Kun davomida Petropole va Malaya Kamishevaxada Ukrainaning uchta «Tochka-U» ballistik raketalari urib tushirilgan.

 

Ukrainaga ko‘mak

AQSh Vakillar palatasi Ukraina uchun lend-liz ochilishini ma’qullab ovoz bergan. Endi ushbu qonunni prezident Jo Bayden imzolashi qoldi, xolos.

Lend-liz va tayyorlanayotgan 20 mlrd dollarlik yordam natijasida Ukrainaga quyidagi yordam yetkaziladi:

  • Uchinchi avloddagi M1A2 Abrams tanklari;
  • AQShning M2A3 Bradley piyodalar jangovar mashinalari;
  • M109A6 Paladin o‘ziyurar artilleriya qurilmalari;
  • G‘ildirakli shassidagi HIMARS birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari;
  • RSZO M270 MLRS universal o‘t ochish qurilmasi;
  • Norvegiyaning NASAMS 2 ko‘chma zenit-raketa kompleksi;
  • Patriot zenit-raketa komplekslari;
  • 4-avloddagi F-16 C/D ko‘p funksiyali yengil qiruvchi samolyotlar.

Germaniya Bundestagi ko‘pchilik ovoz bilan Ukrainaga og‘ir qurol-yarog‘larni yetkazib berish taklifini ma’qulladi. Kreml bunga javoban, ushbu harakat «beqarorlikni provokatsiya qilishi»ni ta’kidlagan.

AQSh Ukrainaga jang maydonida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan S-300 kabi uzoq masofadan nishonga oluvchi, havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni juda muhim deb hisoblaydi, degan AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin. Pentagon rahbari og‘ir qurol-yarog‘larni imkon qadar tezroq yetkazish muhimligini qayd etgan.

Ispaniya harbiy dengiz kuchlarining Izabel kemasi Ukraina uchun mo‘ljallangan 200 tonnalik qurollar va texnikalar bilan Polshaga yetib keldi. Ispaniya Ukraina armiyasi uchun qurol-yarog‘lardan tashqari, 30 ta yuk mashinasi va 10 ta yengil yo‘ltanlamas avtomobil taqdim etgan. 

AQSh RF Markaziy bankining muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Senator Patrik Lixaning aytishicha, AQSh Federal zaxira tizimida Rossiyaning 100 mlrd AQSh dollariga teng mablag‘i muzlatilgan.

 

Sanksiyalar oqibati va Rossiyaning qarshi choralari

Niderlandiya Rossiya va Belarusning 633 mln yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Volkskrant nashri ma’lumotlariga ko‘ra, shuningdek, 20 ta kema va 6 ta samolyot sanksiyalar ostida ekanligi tufayli egalariga berilmaydi.

Polshaning Reserved, Cropp, House, Mohito va Sinsay brendlariga ega kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi LPP SA riteyleri o‘zining Rossiyadagi bo‘linmasini sotishga qaror qildi.

Coty fransuz-amerika kosmetik konserni Rossiyada o‘z faoliyatini yig‘ishtiradi. Coty 80 ga yaqin parfyumeriya brendlari egasi hisoblanadi. Ularning orasida Alexander McQueen, Bottega Veneta, Burberry, Calvin Klein, Chloe, Gucci, Hugo Boss, Kylie Skin, Marc Jacobs, Miu Miu va Tiffany kabi mashhurlari bor.

MTV, Nickelodeon, Paramount Channel va Paramount Comedy telekanallari Rossiya hududida televizion ko‘rsatuvlarni efirga uzatishni to‘xtatdi.

Shell Rossiya neftining hattoki aralashma tarkibida bo‘lishidan voz kechdi. Neftgaz kompaniyasi neftni qayta ishlash mahsulotlari tarkibida har qanday miqdorda Rossiya nefti bo‘lsa, uni qabul qilmasligini ta’kidlagan.

Germaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketiga Sberbankni SWIFT xalqaro tizimidan uzishni ham kiritishga tayyor.

Rossiyaning xalqaro zaxiralari o‘tgan bir hafta ichida 4 mlrd dollarga qisqarib, 607,1 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Rossiya Vazirlar mahkamasi sanksiyalar fonida aviakompaniyalarga subsidiyalar taqdim etish qoidalarini tasdiqladi.

Germaniya, Avstriya, Vengriya va Slovakiyaning yirik energetika kompaniyalari Shveytsariyadagi Gazprombankning rublli hisob varaqlarini ochishga tayyorlanmoqda, deya xabar beradi Financial Times o‘z manbalariga tayanib.

Rossiyani tark etgach, Mastercard 34 mln dollar daromaddan ayrilgan, deyiladi kompaniyaning choraklik hisobotida.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Polsha va Bolgariyaga gaz yetkazib berilishining to‘xtatilishini «RF tomonidan energetikadan qurol sifatida foydalanilayotganining yaqqol misoli» deb ta’kidladi.

Ukrainaliklarning 40 foizi urush chog‘ida o‘z ishidan ayrilgan. Biroq mamlakatda o‘z ishiga qaytayotgan insonlar soni sekin-asta ko‘payayotgani ham qayd etilmoqda.

 

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning NATO bilan «bevosita urushayotgani» haqidagi bayonotlarini «o‘z muvaffaqiyatsizligini oqlash» deb atagan.

AQSh prezidenti Jo Bayden. almanar.com.lb

«Bu muvaffaqiyatsizlikning ifodasi. Chunki ukrainaliklar Rossiya qurolli kuchlariga qarshi turib bera olish qobiliyatiga ega ekanligini aytish o‘rniga, ular o‘z xalqiga Amerika Qo‘shma Shtatlari va butun NATO Rossiya qo‘shinlari, tanklari va hokazolarni yo‘q qilayotgani haqida so‘zlab berishi kerak», — degan Bayden.

26 aprel kuni Rossiyaning NATO bilan «proksi urush» olib borayotgani haqida Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov gapirgan edi.

Kanada parlamenti Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini bir ovozdan genotsid deb atadi.

GFR kansleri Olaf Shols o‘zining Tokioga qilgan tashrifi chog‘ida Germaniya gazdan to‘satdan uzib qo‘yishga tayyor bo‘lishi kerakligi, chunki «hech kim Vladimir Putin o‘zini qanday tutishini oldindan aytib bera olmasligi»ni ta’kidladi, deb yozmoqda Spiegel.

GFR kansleri Olaf Shols. Foto: Kay Nietfeld / dpa

Kiyevga tashrif bilan kelgan Bolgariya bosh vaziri Kirill Petkov Ukraina urushda g‘alaba qozonishi, butun demokratik davlatlarning Ukraina tomonida turishiga ishonchi komil ekanini bayon etgan.

Kirill Petkov Kiyevda brifingda. Foto: president.gov.ua

«Bugun men o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan, insonga eng kuchli ta’sir etadigan manzara — Rossiya raketasi tomonidan nishonga olingan uy vayronalari o‘rtasidagi bolalar o‘yinchog‘i bo‘ldi. Shuning uchun men buni harbiy operatsiya yoki maxsus operatsiya deya olmayman, bu — fuqarolarga qarshi urush», — degan Petkov.

Yevropa kengashi parlament assambleyasi (PACE) Rossiya uchun xalqaro tribunal tuzishni qo‘llab-quvvatladi. Assambleya qat’iy ravishda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harbiy tajovuzini qoralashini, Ukraina va uning xalqi bilan birdam ekanligi, Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini xalqaro tan olingan chegaralarda qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid