Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi vaziyat: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar
Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlarga oid kechagi kun davomida va 30 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisa, yangilik va xabarlarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.
Ukraina tomonining bayonotlari
Volodimir Zelenskiy o‘zining odati tungi murojaatnomasida lend-liz uchun Amerika xalqi va prezidentiga minnatdorchilik bildirgan.
«Amerika Qo‘shma shtatlari, prezident Bayden va Kongresga Ikkinchi jahon urushida natsistlarga qarshi kurashda juda qo‘l kelgan mashhur lend-liz dasturining analogi uchun minnatdorchilik bildiraman.
Aminmanki, ayni damda lend-liz Ukraina va butun erkin dunyoga bizga qarshi urush ochgan natsistlarning g‘oyaviy merosxo‘rlari ustidan g‘alaba qozonishda yordam beradi.
Lend-liz va Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi boshqa dasturlar — bu erkinlik zulmdan hozir ham himoyalana olishining isbotidir», — degan Zelenskiy.
Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Dushmanning 14 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
- 11 ta tank, 7 ta artilleriya tizimlari, 27 ta zirhli texnika, bitta zirhli harbiy mashina va 14 ta avtomobil yo‘q qilingan.
Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:
Bitta Su-25 shturm harbiy samolyoti va 9 dona «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmalar urib tushirilgan.
«Vostok» tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:
Rossiya qo‘shinlari 29 aprel kuni 4 ta hujum uyushtirgan, janglar davom etmoqda. Dushmanning yo‘qotishlari:
- Shaxsiy tarkib — 173; tanklar — 4; BMP — 6; BTR — 2; artilleriya taktik nuqtalari — 13, minomyot hisoblari — 2, artilleriya tizimlari — 5; pilotsiz uchar qurilma — 5.
Rossiya tomonining bayonotlari
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Al Arabiya telekanaliga bergan intervyusida G‘arb davlatlari Rossiyaning 300 mlrd dollarini o‘g‘irlashganini ta’kidlagan.
«Bu vaziyatgacha tuzilgan shartnomalar dollar va yevroda to‘lov qilishni nazarda tutardi. Bu to‘lovlar «Gazprom»ning hisob raqamiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib tushar va g‘arb banklarida saqlanadi. Ukrainadagi maxsus operatsiyadan so‘ng bizning g‘arblik «do‘stlarimiz» 300 mlrd dollar pulimizni o‘g‘irlashdi. Ular gaz uchun o‘zlari to‘lov qilgan pullarni o‘g‘irlashdi. Boshqacha qilib aytganda, shu yillar davomida bizning gazimizdan tekinga foydalanishgan», — degan Lavrov.
Lavrov Rossiya yadroviy urush mavzusi bilan «o‘ynashmayotgani»ni ham ta’kidladi. Unga ko‘ra, Moskva birinchilar qatorida barcha yadroviy davlatlarga hech qachon yadroviy urush boshlamaslik va’dasini berib chiqqan.
«Biz Tramp komandasini bunga ishontirolmadik, biroq Bayden administratsiyasi bunday deklaratsiya muhimligini tushundi va 2021 yil iyunda Jyenevadagi sammitda yadroviy urushga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilindi. So‘ngra Rossiya tashabbusi bilan qolgan beshta yadroviy davlatlar prezidentlari va hukumat rahbarlari darajasida shunday bayonot bilan chiqishdi», — degan RF TIV rahbari.
Lavrov jahonda oziq-ovqat inqirozi Ukrainadagi maxsus operatsiyadan ancha avval boshlanganini ta’kidladi.
«Oziq-ovqat inqirozi joriy yilda boshlangani yo‘q. U bir necha yil avval boshlangan. Bunga bir necha sabablar bor: jumladan COVID-19 va g‘arb davlatlarining noto‘g‘ri hisob-kitoblari ham kiradi. Joriy vaziyat ham muammoni chuqurlashtirdi. Biroq Rossiyada o‘zini va o‘z ittifoqchilarini Ukraina rejimidan himoya qilishdan o‘zga tanlov qolmagan edi», — degan Lavrov.
RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Rossiya migratsion siyosat borasida do‘st sanalmaydigan davlatlar bilan qaysi shaklda o‘zaro hamkorlikni davom ettirishni o‘ylashi kerakligini ta’kidlagan.
«Mavjud sharoitlarda boshqa davlatlar bilan migratsion siyosatga doir yangi bitimlarni tuzishdan tiyilib turgan ma’qul», — degan Medvedev.
Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Ukrainaning 38 ta harbiy obektiga zarbalar berilgan.
- Aviatsiya 22 ta harbiy obektni nishonga olgan, ular orasida to‘rtta raketa-artilleriya hamda yonilg‘i omborlari bor.
- Raketa qo‘shinlari «Buk-M1» qurilmasi, shuningdek Mi-24 vertolyotini aniq nishonga olgan.
- Artilleriya tirik kuch va texnikalarning 64 ta jamlanmasini nishonga olgan, 200 dan ziyod Ukraina askarlari yo‘q qilingan.
Ukrainaga ko‘mak
AQSh Ukraina harbiy xizmatchilarini Germaniyada g‘arbda ishlab chiqarilgan radarlar va zirhli texnikalarni ishlatishga o‘rgatmoqda — Pentagon.
Polsha radiosiga ko‘ra, Varshava Kiyevga 200 dan ortiq T-72 tanklari va bir nechta piyodalar harbiy mashinasi yetkazib bergan.
AQShning Ukrainaga yetkazib beradigan yangi harbiy yordami gaubitsalar, pilotsiz uchar qurilmalardan iborat bo‘ladi. Qurol-yarog‘ partiyasi 12 ta samolyot bilan yetkaziladi, degan Pentagondagilar.
Germaniya Ukrainaga gaubitsa yetkazib berish imkoniyatini axtarmoqda, deyiladi Reuters xabarida.
Irlandiya hukumati Ukrainani tiklash uchun Rossiyaning 1,2 mlrd yevro miqdoridagi muzlatilgan aktivlarini berish imkonini ko‘rib chiqmoqda, degan Irlandiya tashqi ishlar va mudofaa vaziri Saymon Kouveni.
Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari
Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya neftiga qarshi bosqichma-bosqich embargoni kelgusi haftadan ma’qullaydi, deb xabar bermoqda New York Times o‘z manbalariga tayanib.
Yevropaning 10 ta davlati Rossiyadan olinadigan gaz uchun to‘lovda YeI sanksiyalaridagi «lazeyka»ni yopishga qaror qilishdi, deb yozadi Bloomberg.
«Yevroittifoqning bir necha davlatlari Yevrokomissiyadan Rossiyaning gaz uchun rublda to‘lov qilish shartlari bo‘yicha ko‘rsatmalarni aniqlashtirishni talab qilishgan, chunki mavjud ta’riflarni boshqacha talqin qilsa ham bo‘ladi. Polsha tomonining bayonotiga ko‘ra, Rossiya talablarining turlicha talqini YeI birdamligiga putur yetkazishda ruslarga qurol bo‘ladi», deb yozadi nashr.
Ukrainada rossiyalik tadbirkor Mixail Fridmanga tegishli kompaniyalarning aktivlari xatlandi. Ukraina bosh prokuraturasining talabiga ko‘ra, umumiy summasi 15,5 mln bo‘lgan Kipr kompaniyalarining aktivlari xatlangan.
Finlandiyada Rotenberglar oilasining 1,5 mln yevrolik ko‘chmas mulki muzlatilgan. Jumladan, Boris Rotenbergning Hanko yarimorolidagi million dollarlik villasi, uning o‘g‘li Roman Rotenbergga tegishli, 300 ming yevro turuvchi Ferrari 599 GTB avtomobili, 225 ming yevrolik 2 ta kater xatlangan.
Ukraina portlarida 17 davlatga tegishli 75 ta xorijiy kema bloklanib qolgan.
Rossiyalik foydalanuvchilar Apple’ga qarshi 90 million rubllik da’vo arizasini sudga kiritishgan.
Urush boshlanganidan buyon Rossiya Ukrainaga umumiy qiymati 7,5 mlrd dollarlik 1300 dan ziyod raketalarni uchirgan — Forbes.
Rossiya markaziy banki asosiy stavkani birvarakayiga 3 foiz punktiga pasaytirdi — 17 foizdan 14 foizgacha. Rossiya MB prognoziga ko‘ra, 2022 yilda yillik inflatsiya 18–23 foizni tashkil etadi, 2023 yilda 5–7 foizga tushadi va 2024 yilda 4 foizlik ko‘rsatkichga qaytadi. Markaziy bankning bazaviy prognoziga ko‘ra, 2022 yilda RF YaIMi 8–10 foizga qisqaradi, 2023 yilda ham qisqarish 3 foizni tashkil etadi, 2024 yilga borib 2,5–3,5 foizlik o‘sishga erishiladi.
Xalqaro hamjamiyatning munosabati
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi an’anaviy brifing chog‘ida Putinni «axloqsiz» deb atab, uning manziliga keskin iboralarni ishlatdi va ketidan bir nechta hissiyotli sharhlar berdi.
Kirbidan Putinni omilkor deb atab bo‘ladimi deb so‘rashganda u Putin va Rossiya qo‘shinlari Ukrainada nimalar qilayotganini ko‘rish oson emasligi, «har qanday odobli, ma’naviy yetuk inson bularni oqlaydi deb o‘ylash» qiyin ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, Kirbi Putinning Ukrainaga bostirib kirishdan murod Ukrainadagi ruslarni himoya qilish, natsizmni qo‘porib tashlash va Rossiya manfaatlarini himoya qilish ekanligi to‘g‘risidagi ta’kidini ham tanqid ostiga oldi.
«Bu ritorikani u Ukraina ichida begunoh insonlar bilan nimalar qilayotganiga bog‘lash juda qiyin», — degan Kirbi.
Juma kungi chiqishida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may kungi paradda jahon «natsist»lariga qarshi yangi urush boshlanishi haqida e’lon qilishi mumkinligini aytgan, deb yozadi Daily Mail.
«Men hayron qolmayman, ehtimolki u «biz hozir butun dunyo natsistlari bilan urush holatidamiz, shu sababli rus xalqning ommaviy mobilizatsiyasini o‘tkazishimiz shart», deb e’lon qilishi ham mumkin», — degan Uolles.
Uollesga ko‘ra, barcha maqsadlarida muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan Putin o‘zida qolgan narsalarni jamlashga harakat qiladi.
«Biz ukrainaliklarga qoyadan samarali ajralishni va ularni ortga itaruvchi impulsni saqlab qolishlarida yordam berishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025