O‘zbekiston | 09:50 / 01.05.2022
31578
2 daqiqa o‘qiladi

DTM mas’uli bu yilgi kirish imtihonlarida savollar darajasi qanday bo‘lishi borasida izoh berdi

Kun.uz joriy yilgi qabulda abituriyentlarni qanday darajadagi test savollari kutayotgani haqida DTM mas’ul xodimiga savol bilan yuzlandi. Javobga ko‘ra, testlar sodda va murakkabga bo‘linadi, shuningdek,  uni abituriyentlarning qancha foizi ishlay olishi oldindan taxmin qilinadi.

«Test topshiriqlari amaldagi umumta’lim davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari doirasida shakllantirilmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, barcha test topshiriqlari umumta’lim dasturlariga moslashtirilishi va kompetensiyani aniqlashga yo‘naltirilishi kerak. Bugungi kunda biz shu asosda test topshiriqlarini shakllantirmoqdamiz va maktablar, akademik litseylar bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida ularning aprobatsiyasini o‘tkazdik.

Bu tahlillarga ko‘ra, test savollarining qiyinlik darajasi, muqobil javoblar qay darajada to‘g‘ri tanlangani aniqlanadi», deydi DTM boshqarma boshlig‘i Zafarbek Olimbekov.

Foto: Kun.uz

Uning qayd etishicha, kirish imtihonlarida tushadigan testlar sodda, o‘rta va murakkab darajalarga bo‘linadi. Test tuzuvchilar avvaldan taxmin qilishi kerak bo‘ladi. Masalan, sinaluvchilar 100 foiz bo‘lsa, ularning 75 foizi, 60 foizi bu test topshirig‘ini ishlay oladi, degan taxmin bilan qiyinlik darajasi belgilanadi. Sababi, Davlat test markazining vazifasi nisbatan bilimli abituriyentlarni saralab berishdan iborat.

Test variantidagi savollar soni 100 foiz deb olsak, 15 foizi oson darajada, 70 foizi o‘rta qiyinlik darajada, qolgan 15 foizi esa murakkab darajada bo‘ladi.

Mutaxassislik fanlar blokidagi birinchi va ikkinchi fanlardan tuzilgan testlar qiyinlik darajasiga ko‘ra bir-biridan farq qilmaydi. Lekin majburiy fanlar blokidagi: ona tili, matematika hamda O‘zbekiston tarixi fanlaridan beriladigan test savollari mutaxassislik fanlariga qaraganda soddaroq bo‘ladi. 

Mavzuga oid