O‘zbekiston | 13:22 / 07.05.2022
6650
2 daqiqa o‘qiladi

2 yil davomida Andijondagi masjidlardan elektr energiyasi uchun ortiqcha mablag‘ undirilgan – Antimonopol qo‘mita

Masjidlarga elektr energiyasi bo‘yicha noto‘g‘ri tariflar qo‘llash natijasida ularga 74 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Antimonopol qo‘mita masjidlarga ortiqcha undirilgan mablag‘lar qaytarilganini ma’lum qildi.

“Andijon HeTK” AJ tomonidan viloyatdagi diniy tashkilotlarga, shu jumladan, masjidlarga 2019–2021 yillarda elektr energiyasi uchun belgilangan tariflar noto‘g‘ri qo‘llangani aniqlangan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi ma’lum qildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlarga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, telefon, oqova suv va maishiy chiqindilarni tashish)ga to‘lovlar aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lanishi lozim.

Antimonopol qo‘mitaning ma’lum qilishicha, qonunchilik hujjatlarini buzgan holda “Andijon HeTK” AJ tomonidan 2019–2021 yillarda viloyatdagi 44 ta diniy tashkilot, shu jumladan masjidlarga aholi uchun belgilangan narx (295 so‘m) qo‘llanmay, ulgurji iste’molchilar uchun belgilangan narx (450 so‘m) qo‘llangani aniqlangan. Buning natijasida masjidlardan jami 74 378,9 ming so‘m ortiqcha daromad olingani aniqlangan.

“Bugungi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Andijon HeTK” AJning noto‘g‘ri hisoblagan 74 378,9 ming so‘m mablag‘lari masjidlarga qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida bugungi kunda qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan o‘z hududlarida o‘rganishlar olib borilmoqda”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid