«O‘shanda ko‘pchilik Xirosimaga borishimizni ham istamagan». Mirjalol Qosimov bilan katta intervyu
Rossiyalik jurnalist Igor Rabiner O‘zbekistonga tashrifi davomida o‘zbek futboli afsonasi, hozirda OKMK jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan Mirjalol Qosimov bilan katta intervyu uyushtirdi. Quyida «Sport-Ekspress» nashrida e’lon qilingan suhbat tarjimasi keltiriladi.
«Sizni qachondir o‘zbeklarning nahorgi oshiga taklif qilishganmi? Mirjalol Qosimov sharofati bilan Toshkentda shunday ajoyib to‘y marosimida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldim. O‘zbekistonda nahor oshini ertalabki 5 yoki 6da yeyishadi. O‘z vaqtida jahonga mashhur Rivaldoni ham nahor oshiga taklif qilishgan. Va siz bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berishni istamasligingiz aniq.
Meni biroz kechroq bo‘ladigan oshga taklif qilishdi. Ertalab soat 11:00da, taxminan 300 kishilik zalda, faqat erkaklar jam bo‘lishadi. Taxminan, 10 kishiga mo‘ljallangan stolga ofitsiantlar osh solingan laganlarni olib kelishadi va keyin stolda birga o‘tirgan mehmonlarning eng kichigi ishga tushadi – bu ham milliy an’ana. Dasturxonda bir dona ham guruch qolmagunicha hech kim o‘rnidan qo‘zg‘almaydi. Aytgancha, palov juda ham mazali edi.
1995 yilgi «Spartak-Alaniya»ning asosiy yarimhimoyachisi, chempionlik mavsumida 10ta gol urishga erishgan Mirjalol Qosimov hozirda O‘zbekistonning eng kuchli murabbiylaridan biriga aylangan. U «Bunyodkor» bilan 3 marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi, 2 marta Osiyo Chempionlar Ligasi yarimfinaliga chiqqan. Ammo bular Qosimovni zarracha ham o‘zgartirmagan. Uning futbolchilik va murabbiylik faoliyatidagi yaqin hamkasbi va do‘sti Igor Shkvirin Mirjalol bilan munosabatlari avvalgidek saqlanib qolganini gapirib berdi. Nahorgi oshga borishimizdan uch kun avval Qosimov bilan xushbo‘y o‘zbek choyini ichib, bamaylixotir suhbatlashdik. U suhbatimizni hazillar bilan qizitib turdi. Boshqa davlat, misol uchun, Rossiyaga borib murabbiylik qilib ko‘rish istagi haqida so‘raganimda, vatanida ishlashni hech narsaga alishmasligini aytdi.
«Pele bilan ko‘rishgach, endi qo‘limni yuvmayman degandim...»
— O‘zbek futboli tarixi muzeyida Pele va uning yonida SSSR yozuvli futbolkada turgan rasmingizni ko‘rdim...
— Bu 1987 yilda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida Nigeriya ustidan g‘alaba qozonganimizda olingan surat. O‘yin oldidan rasmga tushgandik. Shunchaki salomlashdik, o‘shanda endi qo‘limni yuvmayman, deb hazillashgandim. Ular esa ishonishdi. Yana bir rasmda men jamoa sardori sifatida kubokni ko‘tarayotganim tasvirlangan va mening yonimda o‘sha vaqtdagi UYeFA prezidenti Joao Avelanj hamda turnir homiylaridan bo‘lgan bir yapon turgandi.
— O‘sha musobaqa yarimfinalida Kot-D’ivuarga burchak zarbasidan gol urganmisiz?
— Shunday bo‘lgandi. Yana bir golni jarima zarbasidan yo‘llagandim, 5:1 hisobida yutgandik. Juda inoq jamoa edik. Maydonga tushib, bolalardek zavq olardik. Javobgarlik hissi bor edi, ammo bu bizga bosim bermasdi. Hujumda o‘ynagan Yura Nikiforov musobaqaning eng yaxshi to‘purari bo‘lganini yaxshi eslayman.
— Pele uning kuchli hujumchi bo‘lib yetishishini aytgan ekan, Yuriy esa oddiy himoyachiga aylandi...
— Biz taxmin qilaveramiz, ammo Xudoning aytgani bo‘ladi. Darvozabonlar hujumchiga aylanib ketgan paytlar ham bo‘lgan.
— Sovet futboli o‘sha vaqtlar qanchalar kuchga to‘lgandi-a?! 1987-1988 yillarda kattalar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida kumush medalni oldik, Olimpiada va yoshlar o‘rtasidagi JChda g‘alaba qozonildi...
— Biz bu haqda shunchaki o‘ylamasdik, barchasi shunday bo‘lishi kerakdek harakat qilardik. Hammasi oddiy kechgan. Boris Ignatev bilan 1988 yilda yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida g‘alaba qozondik. Bratislavada Portugaliyaga qarshi finalda ishtirok etib, ularni 3:1 hisobida taslim qilgandik. Jahon chempionatida Kamerunga qarshi o‘yinda 5ta gol urib rekord qo‘ygan Oleg Salenko bizning jamoada o‘ynardi. Oleg va Nikiforov qo‘shimcha bo‘limlarda 2ta gol urib, g‘alabamizni ta’minlashgandi. O‘shanda portugallar tarkibida Fernandu Koutu, Paula Souza, Joau Pintu to‘p surardi.
— Jarima zarbalaringizdagi bu qadar samaradorlik qayerdan?
— Xudodan. Va albatta mehnat ortidan. Mashg‘ulotlargacha va undan keyin ham qolib, mashq qilardim. Novogorskda Gaji Muslimovich bilan shug‘ullangan paytimizda murabbiy jonli devorni 9 metr emas, 6 metr yaqinlikka qo‘yardi va shunday qilib mashq qilardim. Bunga moslashish uchun uzoq vaqt, mehnat va sabr kerak bo‘lgan.
Menda zarbalar o‘xshayotganini darhol bilib, keyinchalik mahoratimni oshirib borganman. «Paxtakor»ning asosiy jamoasiga borganimda ham avvaliga jarima zarbalarini tepmasdim. U yerda katta futbolchilar bor edi, ular tepishardi. Rossiyada ham shunday bo‘lgan. «Liverpul»ga jarima zarbasidan gol urishgacha yetib borish oson emas.
«Ispaniyaga qaytib keta olmadim. O‘shanda so‘zlarimni noto‘g‘ri tushunib, meni diskvalifikatsiya qilib yuborishgandi»
— Sizga «O‘zbek Maradonasi» degan nomni kim bergandi?
— 1986 yilda kimdir shunday ta’rif bergandi. Bunday gaplarga e’tibor bermayman, shuning uchun, kim aytgani esimda yo‘q.
— Bu kabi ta’riflar havolantirib yubormaydimi?
— U paytda bunday narsalar haqida o‘ylamasdik. Futbol o‘ynashni endi boshlagandik-ku, nega havolanib ketamiz? Bizning ishimiz maydonga tushish va futbolni sevishdan iborat edi, xolos. Oldin futbolni sevgani uchun o‘ynashardi, hozir esa futbol – biznes. Hozir futbolni yaxshi ko‘rgani uchun o‘ynaydigan vaqtlar o‘tib ketgan.
Ha, futbolchilar ko‘p pul ishlab topishsa, xursand bo‘laman. Ammo javob ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. 1995 yilda chempion bo‘lgan «Spartak-Alaniya»da tarkib juda kuchli edi, ammo biz oyiga 5000 rubl maosh olardik. Bugun futbolchilar olayotgan pullarni tasavvur ham qilolmasdik.
— 1993 yilda bir teleko‘rsatuvda ehtiyotsizlik bilan o‘zbek futboli darajasini Rossiyaniki bilan solishtirib bo‘lmasligini aytganingiz uchun sizni «Valyadolid»ga qo‘yib yuborishmagani rostmi?
— Bu voqealarning tepasida sportga aloqasi bo‘lmagan odamlar turgandi. Ha, bir necha oy futbol o‘ynamagandim. Bungacha «Valyadolid»da yig‘in o‘tkazishga ham ulgurgandim. Lekin qizim tug‘ilishi arafasida Toshkentga kelishga majbur bo‘lgandim. Ammo Ispaniyaga qaytib keta olmadim. O‘shanda so‘zlarimni noto‘g‘ri tushunib, meni diskvalifikatsiya qilib yuborishgandi.
«150 ming dollarni menga berishgan, men esa pullarni shundayligicha «Paxtakor»ga bergandim. Bu pulga Toshkentda nafaqat kvartira, butun boshli 9 qavatli uyni sotib olsa bo‘lardi»
— Shu voqea bo‘lishidan avval, «Spartak» rahbariyatidan «Paxtakor»ga qo‘yib yuborishlarini va Toshkent jamoasi sizning transferingiz bahonasida ispanlardan birmuncha pul ishlab olishini xohlagan ekansiz?
— O‘sha vaqtda «Paxtakor»da futbolchilar yarim yillik maoshlarini olmagan edilar. Klub va futbolchilar nima bilandir tirikchilik qilishlari kerak-ku! Mashhur osetiyalik kurashchi Arsen Fazayev O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutida o‘qigan va uning say’-harakatlari tufayli ikki davlat sporti o‘rtasida katta ko‘prik paydo bo‘lgandi. SSSR parchalangach, osetinlar men, Gennadiy Denisov va Igor Shkvirinni Vladikavkazda ko‘rmoqchi bo‘lishgan. «Paxtakor»ga emas, mening o‘zimga 150 ming dollar berishgandi, qolgan yigitlarga ham shunday qilishganmi yoki yo‘q – buni bilmayman. Men pullarni «Paxtakor»ga shundayligicha bergandim. O‘sha vaqtda bu pulga Toshkentda nafaqat kvartira, butun boshli 9 qavatli uy sotib olsa bo‘lardi.
— Bir muncha vaqt Minskda ham faoliyat olib bordingiz. O‘sha vaqtda bergan bir intervyuda armiyadan uzoqroqda bo‘lishni istashingizni aytgandingiz?
— Ha, TsSKAda o‘ynashni istamaganman, lekin uyda majbur qilishgan. Hatto Afg‘onistonga jo‘natib yuborish bilan ham qo‘rqitishgan. Ammo yakunda minskliklar kelishuvga erisha olishmagan va men ortga qaytganman. Hozir futbolchilar qayerga xohlasa, o‘sha yerga boradi. Bizning davrimizda o‘ziga xos vaziyatlar bo‘lib turardi. Institutda o‘qiganim uchun armiyaga bormaganman. Baribir armiyaga olib ketib qolmasliklari uchun bitta kursni ikki yillab o‘qiganman. Birozdan so‘ng, SSSR parchalanib ketdi va men Vladikavkazga ketdim. Shu tariqa, oliygohda 9 yil o‘qishimga to‘g‘ri kelgan.
«Mash’al»ga Abdusalom Azizov taklif etgan edi»
— Bir muddat Birlashgan Arab Amirliklarida ham o‘ynadingiz…
— U paytlarda Amirliklarda futbolga professional yondashishmasdi. Futbolchilarning asosiy kasbi – bojxonada ishlash, politsiyada xizmat qilish va shu kabilar edi. Futbol shunchaki hobbi bo‘lgan. Kechqurun futbol o‘ynash uchun kelishardi. Jamoada bir necha legioner bo‘lardi. Menga bunday holat yoqmasdi, shunchaki ko‘ngilxushlik uchun futbol o‘ynardik. Jamoaviy o‘yin haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi.
Bu haqida bir gal klubning misrlik rahbarlaridan biriga ham aytgandim. Shunda u menga: «Sen professionalsan-ku, to‘pni ol, hammani aldab o‘t va gol ur!» – deb aytgandi. Bu gapni eshitgach, umidim butkul so‘ndi. Yana «Paxtakor»ga qaytib ketdim.
— Bu jamoada butun boshli faoliyatingiz o‘tgan desak ham bo‘ladi.
— Ha, faqat 2005 yilda faoliyatimni «Mash’al»da yakunlagandim. O‘sha vaqtda jamoani Abdusalom Azizov boshqarardi. Hozir u O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti. Aynan u meni «Mash’al»ga taklif qilgandi. Bir yil o‘ynadim va faoliyatimni yakunladim.
«Men uchun milliy jamoadan muhimroq narsa yo‘q edi»
— 1995 yildagi «Spartak-Alaniya» haqida nimalar xotirangizda qolgan?
— Bizning jamoada 13-14ta millat vakillari to‘p tepishardi. Ammo juda ahil jamoa edik. Bir nafasda mavsumni tugatib qo‘yganmiz. 21 oktyabrda TsSKAga qarshi o‘yindagi g‘alaba orqali chempionlikni nishonlaganmiz, ammo men jamoa bilan emasdim. Milliy jamoa yig‘iniga ketgandim. Shuning uchun, oltin medalni jamoam bilan nishonlash imkoniyatiga ega bo‘lmaganman. So‘nggi uy uchrashuvida o‘ynayman degan maqsadda qaytib keldim, ammo o‘yindan biroz muddat avval belim og‘rib qoldi.
— To‘xtang, qanday qilib klub o‘yini bo‘layotgan paytda milliy jamoaga ketgansiz?
— Biz 1994 yilda Osiyo o‘yinlarini yutgandik. Nigeriya esa Afrika Kubogida zafar quchgandi. 90-yillarda an’anaviy ravishda Afro-Osiyo kubogi o‘tkazilardi. Birinchi o‘yinni o‘z uyimizda 2:3 hisobida, mehmondagi bahsni esa 0:1 hisobida yutqazgandik. Ushbu uchrashuvlar milliy jamoalar uchun ajratilgan kunlarda o‘tkazilmagandi. Valeriy Georgiyevich vaziyatimni to‘g‘ri tushungan holda meni milliy jamoaga qo‘yib yuborgandi, ammo ruxsat bermaslik huquqiga ham ega edi. Men uchun milliy jamoadan muhimroq narsa yo‘q edi.
— Chempionlik mavsumida sovg‘a qilingan «Mersedes» qayerda?
— Sotib yuborganman. Uzoq vaqt minilmay turdi, keyin esa do‘stlarim orqali uni sotganman.
— «Alaniya»da o‘ynagan vaqtingizda Valeriy Gazzayev bilan ishlagandingiz, u bilan munosabatlaringiz qanday bo‘lgan?
— Jud zo‘r! U talabchan murabbiy edi, keskin munosabatda bo‘lardi va bu to‘g‘ri ham. Agar sen qat’iy tartib-qoidalarni yo‘lga qo‘ymasang, natijaga erisha olmaysan. Nafaqat men, Gazzayevdan juda ko‘pchilik minnatdor.
— Gazzayevning mavsumoldi yig‘inlari dahshatli bo‘larmidi?
— Hozirgi futbolchilarga mana shunday mashg‘ulotlarni qildirsang, hammasining «dami chiqib ketadi». Ammo u qayta tiklanishga ham yetarlicha vaqt berardi. 1994 yildagi natijalardan xulosa qilib, keyinchalik mashg‘ulotlarni biroz yengillatishdi. O‘sha mavsum chempionlikni qo‘lga kiritdik.
Ko‘p yugurardik, hech kim istisno qilinmasdi. Agar mavsumlar oralig‘ida formangni ushlab turmasang, mavsumoldi yig‘inda tamom bo‘larding. Uning talablarini yaxshi bilardim va doim shug‘ullanardim. Mashg‘ulot zallariga tinimsiz borardim, uzoq masofaga yugurardim. Agar yig‘inga bir necha kilogramm ortiqcha vazn bilan borsang, mashg‘ulotlardan chetlatardi.
1996 yilda 10 kilogramm ortiqcha vazn yig‘ib qo‘ygandim. 2 hafta ichida parhez, suzish va gimnastika orqali formamni tiklab olgandim. 17 avgustda «Rosselmash» bilan o‘ynadik va men 2ta gol urdim. Adashmasam, o‘shanda 12ta gol bilan to‘purar bo‘lib turgandim. Uyga kelib, qo‘shnilarimizni mehmonga chaqirdik, xotinim palov pishirdi. O‘sha kechasi o‘rnimdan tura olmadim va o‘shanda umurtqa pog‘onam shikastlangani uchun 3 kun uxlay olmagandim.
Bu jarohat 1994 yilda basseyndan chiqayotib sirg‘alib ketib, yiqilganimda orttirilgan jarohat edi. O‘shanda men uchun mavsum yakunlangandi. Oltin o‘yinni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgandim.
«Zokir Almatov bo‘lmaganida faoliyatimni erta yakunlashga majbur bo‘lardim»
— Chempionlar Ligasi saralashida «Alaniya» o‘z uyida 2:7 hisobida «Glazgo Reyndjers»ga mag‘lub bo‘lga bellashuvda ishtirok etmaganmisiz?
— Mehmondagi bahsda o‘ynagandim, ammo uy uchrashuvini o‘tkazib yuborganman. Jarohat aynan ikkala o‘yin o‘rtasida bo‘lgandi. Javob o‘yinini tribunadan kuzatganman. 40-soniyadayoq gol qo‘yib yuborgandik. Bittagina vaziyat o‘yinni butkul o‘zgartirib yuborishi mumkin edi. Gazzayev doim oldinga qadam tashlashni, hech qachon chekinmaslikni xohlardi.
Mavsum yakunlangach, O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Zokir Almatov meni Germaniyaga operatsiyaga yuborgandi. Milliy jamoa BAAga Osiyo kubogida o‘ynash uchun ketgan, men esa davolanishda bo‘lganman. O‘sha odam bo‘lmaganida faoliyatimni ancha erta yakunlashim ham mumkin edi. Jarrohlik amaliyoti yaxshi natija bilan tugashi kafolatlanmagandi va menga qandaydir qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib olishgandi. Avvaliga, rozi bo‘lmadim, ammo shifokor menga ularda shunday qoida borligini aytdi. Yarim yilni tiklanish uchun sarflagandim.
— «Alaniya»dan ko‘pchilikni Yevropaga taklif qilishgandi: Tetradze «Roma»ga, Yanovskiy «PSJ»ga, Kavelashvili «Manchester Siti»ga. Sizga ham taklif bo‘lganmi?
— Jarohatim tufayli 1996 yilda qolishga qaror qilganman. Yarim mavsum o‘ynamagandim, tiklanib bo‘lgach, kelgusi mavsumni «Paxtakor»da o‘tkazdim. 1998 yilda chempion bo‘ldik, keyingi yilda «Alaniya»ga qaytdim. 2000 yilda Gazzayev «Dinamo»ga o‘tib ketdi, meni esa Aleksandr Tarxanov «Krilya Sovetov»ga taklif qildi. 2 mavsum u yerda o‘ynadim. Tixonov, Borodyuk, Ignashevich — qanday ajoyib jamoa edi?! 2001 yilda 5-o‘rinni olgandik. Bunday natijani «Krilya Sovetov» orzu ham qilolmasdi.
— 2000 yilda yosh Sergey Ignashevich bilan 4-raqamni talashib qolgan ekansiz?
— 2000 yilda milliy jamoa qandaydir turnirda ishtirok etdi va men 1 oy klubda bo‘lmadim. Kelsam, 4-raqam unda turibdi. «Torpedo» bilan o‘yinning oxiriga yetib kelgandim. O‘shanda tortishib qolgandik. U yosh va jizzaki edi. «Agar bugun gol ursam, 4-raqamga yaqin kelmaysan», — dedim. O‘sha o‘yinda 2ta gol urdim, 3:1 hisobida g‘alaba qozongandik. Shundan keyin, u raqam uchun kurashmadi.
Ignashevich 40 yoshigacha futbol o‘ynadi, Rossiya milliy jamoasi tarkibida hammadan ko‘p uchrashuvda maydonga tushdi. Sergey bilan haligacha ko‘rishmadik, Borodyukni 2-3 yil avval ko‘rib qoldim.
— Jahon chempionatiga murabbiy sifatida bordingizmi?
— 2014 yilda Braziliyaga borgandim. 2018 yilda Rossiyadagi jahon chempionati bilan birga bizning milliy birinchilik ham davom ettirilayotgandi. Televizor orqali musobaqani ko‘rgandim. Rossiyaga muxlislik qildim. Bundan tashqari, jahon chempionatlarida 11ta o‘yin boshqarib, rekord o‘rnatgan Ravshan Ermatovga muxlislik qildik. Bundan tashqari, personal ravishda Ignashevichga muxlislik qildim. Seryogaga tasanno! 38 yoshida JChda jamoasining eng yaxshi himoyachisi bo‘lib JCh chorakfinalida o‘ynagan futbolchi bilan 18 yoshligida birga o‘ynaganimdan faxrlandim.
«O‘shanda ko‘pchilik Xirosimaga borishimizni ham istamagandi»
— 1994 yilda sizning yetakchiligingizdagi O‘zbekiston olimpiya milliy jamoasi Xirosimada o‘z tarixidagi yagona titulini qo‘lga kiritgandi. Madaniy joylar, to‘g‘rimi?
— Biz olimpiya shaharchasidan tashqariga chiqa olmagandik. Bu to‘laqonli futbol musobaqasi emasdi, kichik Olimpiada edi. Haligacha yodimdan chiqmagan.
SSSR parchalangach, O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk bor rasmiy musobaqada ishtirok etayotgandi. U paytlarda ko‘pchilik bizning mamlakat qayerda joylashganini ham bilmasdi. Futbol ko‘p narsalarni o‘zgartira oladi — musobaqadagi g‘alabamizdan so‘ng, barcha bizning davlat qayerda joylashganini bilib oldi. Bir nafasda butun musobaqani yutib qo‘ygandik. Saudiya Arabistoni, Koreya, Xitoy – barchani mag‘lub etgandik.
O‘shanda ko‘pchilik bizning musobaqaga borishimizni ham istashmagandi. Yakkalik sport turlarini rivojlantirgan ma’qul, deb hisoblashgan. Butun jamoaga pul sarflashdan ko‘ra, alohida sportchilarga mablag‘ ajratishni afzal ko‘ruvchilar bo‘lgan. Oltin u yoqda tursin, Yaponiyadan qandaydir medal bilan qaytishimizga ham ishonishmagan. Boshqa davlatlar uchun bizning natijamiz kutilmagan holat bo‘lib tuyulgan.
— Sizning qo‘l ostingizda O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanma olishga juda yaqin kelgandi. Saralash pley-offida Iordaniyaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgandingiz. Shundan so‘ng, iste’foga chiqib ketdingiz…
— Chunki, oldimga qo‘yilgan vazifani bajara olmadim. Harakat qildik, mundialga chiqishimiz ham kerak edi. Koreyaliklar va eronliklar bilan durang o‘ynasak, avtomatik tarzda JChga borardik. Hozir afsuslanishdan foyda yo‘q. Hammasi o‘tmishda qoldi. Iste’foga JCh saralashidan keyin emas, undan 1,5 yil o‘tib chiqqanman.
— Jamoangizga doim yetishmagan kichkina omil nima deb o‘ylaysiz?
— O‘zbeklarda doim imkoniyat bo‘lgan. Ammo so‘nggi chegarani bosib o‘tishda qiynalamiz. Axir bizdan qanday futbolchilar chiqdi?! Ulardan biri Maksim Shatskix. «Rotor»da ishlagan vaqtida ko‘rishgandik, Xatskevichga yordam berayotgandi. Toshkentga kelsa, ko‘rishamiz, gaplashamiz. Mana hozir Eldor o‘sib kelyapti. «Bunyodkor»dan «Rostov»ga mening qo‘l ostimdan o‘tgandi.
Shomurodov, Mourino va Oston O‘runov haqida
— Eldorning shunday darajaga chiqa olishini, Italiyada o‘ynashini tasavvur qilganmidingiz?
— Yolg‘on gapirmayman, Italiya haqida o‘ylamaganman. Lekin Rossiyada o‘ynab keta olishiga ishonganman. Juda iqtidorli futbolchi, ochiqko‘ngil, xotirjam va o‘sadigan bola. Mening qo‘l ostimda o‘ynaganda ham markazda, ham qanotda o‘ynardi. To‘p bilan yaxshi o‘ynardi.
— O‘sha paytda maoshi 500 dollar bo‘lgani rostmi?
— Yo‘q, ko‘proq edi, 1000 dollarlar chamasi, adashmasam. Italiyadagi o‘yinlarini ham ko‘ryapman, afsuski, Mourino uni kam maydonga tushiryapti. Xudo sog‘lig‘ini bersin. Ajoyib futbolchi.
— O‘zbekistondan kimdir uning taqdirini takrorlashi mumkinmi?
— Eldorga o‘xshashini ko‘rganim yo‘q. Iqtidorli futbolchilar ko‘p, ammo mentalitetni o‘zgartirish kerak. Qattiqroq ishlash kerak.
— Oston O‘runov haqida nima deysiz?
— Uning faoliyatidagi vaziyatlar haqida to‘liq bilmayman, buni muhokama qilolmayman. Menimcha, u «Ufa»dan «Spartak»ka o‘tmasligi kerak edi, hali erta edi.
Milliy jamoa va Odil Jalolov haqida
— Milliy jamoada yana ishlashni istaysizmi?
— Hozir buni istamayman. OKMK bilan ishlayapman. Olmaliq — kichkina shahar. U yerning odamlari ochiqko‘ngil, mehnatkash. Rahbariyat futbolni juda yaxshi ko‘radi.
— Siz Rivaldo kabi yulduzlar to‘p tepgan «Bunyodkor»da ishlagandingiz. Klub rahbari Odil Jalolov haqida nimalar deya olasiz?
— U futbolni juda yaxshi tushunardi. 1956 — 1975 yillardagi futbol haqida so‘rasangiz, barchasi esida qolgan. Va futbolni qattiq sevardi. Messi 17 yoshligidayoq u buyuk futbolchi bo‘lishini aytgandi. Odil aka «Barselona»ning ashaddiy muxlisi edi. Mening o‘zimga ham Gvardiolaning o‘yin uslubi juda yoqadi, hozir Xavining taktikasi ham manzur bo‘lyapti. «Barsa» «Real»ni 4:0 hisobida yenggan o‘yinni Toshkent vaqti bilan tungi soat 3gacha ko‘rib chiqdim. Jalolov O‘zbekistondagi futbol rivojiga va uning odamlar qalbiga kirib borishiga katta hissa qo‘shdi. Rivaldodek afsonalarni olib keldi, mamlakatdagi eng zo‘r stadionni qurdi va eng muhimi, klub akademiyasini barpo etdi.
— Eto’Oga «Ferrari» sovg‘a qilib, Samyuel u bilan avtohalokatga uchragach, mashinani Italiyada tuzatib bergani rostmi?
— Samyuel mashinani urib olganmi yoki yo‘q — bilmayman. Ammo unga «Ferrari» sovg‘a qilingani rost.
«Bu mamlakat prezidentining topshirig‘i bilan bo‘lgan deyishadi...»
— Siz buyuk Rivaldo bilan ishlagansiz. Undan qanday taassurotlar qolgan?
— Juda yaxshi, u harakat qilgan. Uning yoshidan kelib chiqib, ayrim vaqtlarda mashg‘ulotlarda yengillik yaratib berardik. Ammo u o‘z ishiga sidqidildan, professionallardek yondashgan. Doim yoshlarga o‘rnak bo‘lishga intilgan.
— Siz jamoani Osiyo Chempionlar Ligasi yarimfinaliga olib kelgandingiz, ammo ushbu bosqichdan ularni Ziko boshqara boshladi. Buning sababi nimada edi?
— Rahbariyat shunday qarorga kelgandi. O‘sha vaqtda boshqacha majburiyatlar bor edi, afsuski. Bu mamlakat prezidentining topshirig‘i bilan bo‘lgan ham deyishadi (Mening ma’lumotlarimga ko‘ra, Ziko, dastavval, O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyligiga taklif qilingan. Kelishuvga erishib bo‘lingach, bundan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xabar topgan va milliy jamoaga hech qanday xorijlikni murabbiy qilmaslik haqida gapirgan. Natijada, Ziko «Bunyodkor»ga, Qosimov esa O‘zbekiston milliy jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan. Ziko boshchiligidagi «Bunyodkor» OChL yarimfinalida «Adelaida»ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan — muallif Igor Rabiner fikri).
— Ziko Toshkentda uzoq qolmadi, tez orada u TsSKA bosh murabbiyligida ish boshladi. «Bunyodkor»ni esa Lus Felipe Skolari boshqarishga kirishdi. Siz milliy jamoada ishlasangiz-da, braziliyalik murabbiy bilan gaplashgan bo‘lsangiz kerak?
— U juda ham tartibli murabbiy. U bilan tez-tez gaplashib turardik. Men chekardim, u menga hayron bo‘lib qarasa, bu mening shartnomamda qayd etilganini aytardim (kuladi).
Koreyaga «Bunyodkor»ning OChL o‘yiniga borganimizni eslayman. Bizni mashg‘ulot maydoniga boshlab borishdi. Mezbonlar bizga 100 metr naridagi maydonda mashg‘ulot o‘tkazishimizni aytishdi, ammo Skolari aynan o‘sha yerda shug‘ullanishini ma’lum qildi. Shu bilan u menga ba’zida o‘z so‘zida turib olish kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi.
— 2010 yillar boshida «Bunyodkor»ning sobiq rahbari jamoadan ketishga majbur bo‘ldi, siz esa jamoani boshqarishda davom etdingiz…
— Klub davlat tasarrufiga o‘tdi va shundan so‘ng, uni 14 futbolchi tark etdi. Ammo biz o‘z darajamizda qoldik, keyingi 2 yil ichida OChLda guruh bosqichidan chiqdik, 2012 yilda klub tarixida ikkinchi marta yarimfinalda o‘ynadik. Sharoitlar butkul boshqacha edi. 2013 yilda ham mamlakat chempioni va kubok sohibi bo‘ldik. Jamoada poydevor yaxshi qurilgandi.
— Jalolov bilan hali ham gaplashib turasizmi?
— Ha, doim suhbatlashib turamiz.
— Xayrlashuv o‘yinini ajoyib o‘tkazgansiz, deyishadi. Misol uchun, eronlik afsonaviy futbolchi Ali Dayi bilan tushgan rasmingizni ko‘rgandim?
— U Osiyo futboli afsonasi. Biz tez-tez o‘zaro qarama-qarshiliklarda o‘ynardik. Unga va boshqalarga federatsiyamiz tomonidan aloqaga chiqilgan. Mirabror Usmonov — o‘zbek futboli uchun katta xizmat qilgan insonlardan biri edi. Infrastruktura va talablarni joriy etgandi. Uning iltimosi bilan o‘yinga tezda kelishilgan. Juda ajoyib bo‘lgandi, stadion to‘lgan, ko‘pchilikka chipta yetmay ham qolgandi.
— OKMKga qanday kelib qoldingiz? Jamoani noldan 2 marta bronza medal sohibiga aylantirdingiz…
— «Bunyodkor»da yangi shartnoma taklif qilishmadi — bor-yo‘g‘i shu. Bo‘lmasa, ketmasdim. 2019 yilda OKMK o‘rta pog‘onalarda o‘ynab yurardi, keyinroq biroz kuchayishdi. Kamida, 40 foiz tarkibni olmaliqliklardan tuzishimiz kerak edi. Futbolchi o‘z ona shahri uchun maydonga tushishi muhim narsa. Ammo buning uchun talablarni joriy etish kerak — akademiya, maktab. Hammasi kelgusi avlodga qoladi.
«Rossiya klubidan taklif bo‘lgan, borishni xohlamadim»
— Rossiyada anchadan beri bo‘lmadingizmi? U yerlarni sog‘inasizmi?
— Sog‘inishga vaqt yo‘q — ish, oila, do‘stlar. Vladikavkazda bundan 5 yilcha oldin bo‘lgandim. Undan avval 2010 yilda «Alaniya» va «Spartak» faxriylari o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazganida borgandim. Vaqt tez o‘tib ketadi. Lekin xorijdagi yig‘inlarda sobiq jamoadoshlarimiz bilan tez-tez uchrashib turamiz. Vlad Radimov bilan ko‘rishdim, 1992 yilda murabbiyligida birinchi Rossiya chempionatida kumush medal olganimiz Aleksandr Novikov bilan uchrashdim. Gazzayev bilan bir necha yil oldin Dubayda ko‘rishdim, oilasi bilan dam olgani borgan ekan.
— Rossiyada ishlashni taklif qilishmaganmi?
— 12-13 yil oldin Samaradan taklif bo‘lgandi. Lekin borishni xohlamadim. Endi hech narsani isbotlashim shart emas. Bir marta yashaysan. Yaratgan bergan narsalarga shukr qilib, xursand bo‘lib yashash kerak.
— O‘zbeklarning to‘ylariga minglarcha odamlar kelishi haqida eshitganman. Sizda qanday bo‘lgan?
— Men 90-yillarda uylanganman. To‘yim hovlida bo‘lgan, qancha odam kelganini hisoblash ham qiyin edi. 2012 yilda o‘g‘limni uylaganman, o‘shanda oqshomdagi to‘yga 750tacha odam kelgan. Nahorda osh ham berganmiz, umumiy hisobda 2-3 ming atrofidagi odam ishtirok etgan. O‘zbekistonda och qolmaysan!
— Ko‘rib turibmanki, O‘zbekistonda vazningizni me’yorda ushlab turish ancha qiyin kechgan…
— Menda u qadar katta muammo bo‘lmasdi. Futbolchilik paytimda ham ta’tilda uyga kelsam, ota-onamdan menga ortiqcha hech narsa tayyorlamaslikni so‘rardim. Nima yesam, o‘zim tayyorlay olardim.
— Nimadandir afsuslanasizmi?
— Boshqa futbol o‘ynay olmasligimdan afsuslanaman, lekin ichimdagi futbolchi ruhi so‘nmagan.
Mavzuga oid
18:08 / 08.01.2024
Shatskixning Xitoyga bormagani, Qosimov va Geynrixdan supergol va Bahrayndan alamli mag‘lubiyat. Osiyo kubogi-2004ni qanday eslaymiz?
08:03 / 22.08.2023
«Barselona» afsonalari Qirg‘izistonda o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi
13:00 / 12.11.2022
Poytaxt klublarining 21 yillik hukmronligi davom etadimi? Toshkentda derbi, Kapadze – Berdiyev, Qosimov Babayanga qarshi
21:35 / 06.05.2022