Jahon | 10:06 / 11.05.2022
10508
3 daqiqa o‘qiladi

Chexiya BMT inson huquqlari kengashida Rossiyaning o‘rnini egalladi

Birlashgan millatlar tashkiloti bosh assambleyasi Rossiya o‘rniga Chexiyani inson huquqlari kengashiga (IHK) kiritish to‘g‘risidagi rezolyutsiya uchun ovoz berdi, tashabbus 157 ta ovozga ega bo‘ldi.

Foto: observatorial.com

Chexiya 2023 yil 31 dekabrgacha inson huquqlari kengashiga saylandi.

Rossiya bosh assambleyaning 7 aprel kuni Ukrainaning Bucha shahridagi voqealarga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida a’zolikni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilingandan so‘ng IHKdan chiqarib yuborilgandi. 

Birlashgan millatlar tashkilotining qayd etishicha, Rossiya kengashdagi o‘rnini saqlab qolgan, biroq ovoz berish va chiqish qilish huquqidan mahrum etilgan. 

Rossiya 2006 yildan 2012 yilgacha BMT inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi bo‘lgan, 2014 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan davrda kengashga qaytgan. 2016 yil 28 oktyabrda Rossiya Xorvatiya va Vengriyaga yutqazib, 2017-2019 yillar uchun IHKga kiritilmagan. Rossiya 112 ovoz, Vengriya 144, Xorvatiya 114 ovoz olgan. O‘sha yilning boshida 80 dan ortiq inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Rossiyani Suriyadagi siyosati tufayli kengashdan chiqarishni talab qilib petitsiyani imzolagan. 

To‘rt yillik tanaffusdan so‘ng Rossiya 2020 yilda BMT inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylandi. O‘shanda kengashga Kuba, Pokiston va Xitoy ham kirgan, shundan so‘ng AQShning o‘sha paytdagi davlat kotibi Mayk Pompeo bu mamlakatlarning saylanishi «AQShning 2018 yilda kengashdan chiqish haqidagi qarori to‘g‘ri bo‘lganini tasdiqlashi» haqida gapirgandi.

Shu nomdagi komissiya o‘rniga BMT inson huquqlari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror 2005 yilda BMT sammitida qabul qilingan. Bu BMT bosh assambleyasining organi bo‘lib, yiliga kamida uch marta muntazam ravishda yig‘iladi. BMT IHK 47 davlatdan iborat. Agar kengash a’zosi inson huquqlarini ommaviy va muntazam ravishda buzganlikda ayblansa, uning a’zoligi BMT bosh assambleyasi a’zolarining uchdan ikki qismi ovozi bilan to‘xtatilishi mumkin.

Kengash a’zolari uch yil muddatga saylanadi va ketma-ket ikki marta vakolat muddati tugagandan so‘ng darhol qayta saylanish huquqiga ega emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid