Jahon | 20:32 / 11.05.2022
36627
8 daqiqa o‘qiladi

Ishg‘ol qilingan Xersonning «yangi rahbariyati» Putindan hududni Rossiyaga qo‘shib olishni so‘ramoqchi

Rossiya davlat nashrlari Xerson oblasti harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari o‘rinbosari deb atagan shaxs 11 may kuni okkupatsiya qilingan region hukumati Rossiya prezidentidan oblastni Rossiyaga qo‘shib olishni so‘ramoqchiligini aytdi. Avvalroq Rossiya Xersonda «xalq respublikasi» tashkil etish uchun referendum o‘tkazishi haqida xavotirlar yangragandi.

Foto: SERGEI MALGAVKO/TASS

Xerson urushning dastlabki davrida Rossiya armiyasi tomonidan ishg‘ol qilingandi.

Ukraina hukumati o‘tgan davr mobaynida okkupatsion hokimiyat hududda «Xerson xalq respublikasi» tashkil etish bo‘yicha referendum o‘tkazilishidan xavotir bildirib keldi.

Mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy agar yangi xalq respublikasi tuzish bo‘yicha referendum haqida e’lon qilinsa, Ukraina har qanday muzokaralardan chiqishini ma’lum qilgan.

27 aprel kuni RIA Novosti Xerson oblastida yangi ma’muriyat shakllantirilgani haqida xabar berdi. Unga 2002-2021 yillarda uch bor Xerson meri va «Regionlar partiyasi»dan Ukraina Oliy radasi deputati bo‘lgan 65 yoshli Vladimir Saldo rahbarlik qilishi ma’lum qilindi. 

Mahalliy aholi vakili, avvalgi ma’muriyatda ham ishlagan Kirill Stremousov esa o‘zini Saldoning o‘rinbosari sifatida e’lon qildi. «Xerson oblasti Rossiya Federatsiyasi nazoratida. Oblast va tumanlarda fuqarolik-harbiy ma’muriyatlar shakllantirilgan», degandi o‘shanda u.

Stremousov kim o‘zi?

Stremousov - mahalliy faol, Ukrainada koronavirusga qarshi emlashga qarshi harakat yetakchilaridan biri bo‘lgan, 2019 yilda Xerson gazetasi tahririyatiga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va travmatik qurollar bilan qilingan hujumda ishtirok etishda gumonlangan.

Stremousov bozorda sotuvchidan karam necha rubl turishini so‘ramoqda. Foto: VISNIK.KS.UA

Xersonda mer Igor Kolixayev rahbarligidagi Ukraina ma’muriyatida ko‘p yillar ishlagan. «Maishiy va kommunal masalalar bilan shug‘ullangan, undan ortig‘iga vakolati bo‘lmagan», degan BBC bilan suhbatda avvalgi ma’muriyatda ishlagan manba. Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 aprel kuni kechqurun binoga qurollangan shaxslar bostirib kirishgan va u yerda bo‘lgan barchani haydab chiqarib, kalitlarni olib qo‘yib, qurolli qo‘riqchilar joylashtirishgan.

So‘nggi haftalarda Kirill Stremousov Rossiya nashrlarida hudud kelajagi go‘yoki Rossiya bilan bog‘liqligi haqida muntazam bayonotlar bilan chiqmoqda.

28 aprel kuniyoq Stremousov Xerson oblasti 1 maydan rublli hududga o‘tishini ma’lum qildi. Uning g‘oyasiga ko‘ra, o‘tish davri to‘rt oygacha davom etadi va bu vaqt ichida viloyatda rubl va grivna muomalada bo‘ladi. «Keyin butunlay rublda hisob-kitob yuritamiz», degandi u.

Stremousov, shuningdek, Xerson oblastining Ukrainaga qaytarilishi istisno qilinganini aytadi. «Bu mumkin emas. Xerson oblasti iqtisodiy jihatdan rivojlanadi. Kiyev endi bizning yerimizda odamlar va ularning o‘ziga xosligini yo‘q qilishga qaratilgan o‘zining xunuk fashist siyosatini tatbiq eta olmaydi», degan Stremousov.

U shuningdek Xersonda Leninning haykalini tiklash va «ko‘chalarga tarixiy nomlarni qaytarish»ni va’da qilgan.

6 may kuni Xersonga kelgan «Yedinaya Rossiya» bosh kengashi kotibi Andrey Turchak Rossiya Xersonda butunlay qolishini va «o‘tmishga qaytish bo‘lmasligi»ni aytdi. «Biz birga yashab, bu tarixan boy, o‘z odamlari bilan boy bo‘lgan bu hududni birgalikda rivojlantiramiz».

Stremousov RIA Novostiga bergan keyingi intervyularida Xerson oblasti Ukraina nazoratiga qaytmasligi, Rossiya imperiyasi davridagi gerb qaytarilishi, Ukraina «qulashi muqarrarligi», shuningdek Odessa va Nikolayev ham «ozod etilishi»dan umidvorligi haqida gapirgan.

Mart oyidayoq Xerson oblasti prokuraturasi Xerson aholisi vakillaridan biri davlatga xiyonat qilishga oid jinoiy moddalar bo‘yicha gumonlanuvchiga aylanganini e’lon qilgandi. Bunga asos «Tinchlik va tartib uchun» nomli qutqaruv qo‘mitasining noqonuniy yig‘ilishi bo‘lgan. Ukrainalik jurnalistlar prokuratura tomonidan e’lon qilingan guruh fotosida Stremousovni tanishgan.

Stremousov Ukraina hukumatining «Xerson xalq respublikasi» tuzish bo‘yicha referendum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarini rad etgan. «Bizning harbiy-fuqarolik ma’muriyatimizda referendum masalalari muhokama qilinmagan, Xerson xalq respublikasini tuzish masalasi ham», degandi u Rossiyaning Birinchi kanali efirida.

8 may kuni RIA Novostiga bergan navbatdagi intervyusida Stremousov Xerson oblasti aholisiga katta ehtimol bilan «shu yilning o‘zidayoq» Rossiya pasportlari tarqatilishi haqida aytdi. 9 may kuni esa «Rossiya Federatsiyasi tarkibiga maksimal darajada integratsiya bo‘lish» rejalari haqida gapirdi.

«Hech qanday XXR bo‘lmaydi»

11 may kuni Rossiya nashrlari orqali ushbu faol navbatdagi qadamni tashladi - Rossiya rahbariyatiga Xerson oblastini qo‘shib olish bo‘yicha murojaat qilinishini anons qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xerson oblasti ma’muriyati yil oxiriga qadar Rossiya tarkibiga kirish uchun qonunchilik bazasini tayyorlaydi, qaror ham o‘shanda qabul qilinadi. 

«Xerson shahri - bu Rossiya. Xerson oblasti hududida hech qanday Xerson xalq respublikasi tashkil etilmaydi, referendumlar ham o‘tkazilmaydi. Bu Xerson oblasti rahbariyatining Rossiya prezidentiga murojaatiga asoslangan yagona farmon va hududni Rossiya Federatsiyasining to‘laqonli hududiga kiritish bo‘yicha so‘rov bo‘ladi», deya undan iqtibos keltirgan RIA Novosti va TASS.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Xerson oblastining Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi qaror region aholisi tomonidan qabul qilinishi kerakligini aytdi.

«Shubhasiz, bunday murojaat bilan chiqish-chiqmaslikni Xerson oblasti aholisi hal qilishi kerak. O‘z taqdirini ham Xerson oblasti aholisining o‘zi belgilashi kerak. Va albatta, bu masala yuristlar va huquqshunoslar tomonidan sinchiklab tekshirilishi va baholanishi lozim. Chunki taqdirni hal qiluvchi bunday qarorlar aniq yuridik asosga ega bo‘lishi, Krim bilan bo‘lgan holatdagi singari mutlaqo qonuniy bo‘lishi shart», dedi u. 

Xerson oblasti harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari sifatida e’lon qilingan Saldo shu kunlarda TASS uchun bergan intervyusida hozircha regionning annexia qilingan Qrimga qo‘shilish bo‘yicha rejasi yo‘qligini bildirgandi. «Ehtimol, bu mening taklifim, qandaydir federal okrug tuzilib, uning tarkibiga Qrim, Xerson, Zaporojye oblastlari kirishi mumkin, ammo oblast oblast bo‘lib qolishi kerak», degandi u.

Ukraina hukumati bayonotlariga ko‘ra, ular bosqin chog‘ida boy berilgan regionlarni qaytarib olmoqchi va okkupatsion hokimiyat bilan hamkorlik qilganlarni sudga tortmoqchi. «Ukrainskaya pravda» nashri yozishicha, Ukraina prokuraturasi Saldo davlatga xiyonatda gumon qilinishini ma’lum qilgan.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak tvitteri orqali Stremousovning so‘zlariga munosabat bildirib, Xersondagi kollaborantlar hukumati qilishi mumkin bo‘lgan yagona murojaat - sud hukmidan keyin afv so‘rab murojaat qilishi bo‘lishini yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular «xoh Marsga, xoh Yupiterga qo‘shilishi» mumkin, Ukraina armiyasi esa har qanday «so‘z o‘yinlari»ga qaramay Xersonni ozod etadi.

Mavzuga oid