Iordanning g‘arbiy sohilida taniqli jurnalist halok bo‘ldi. Isroilni qasddan qotillik sodir etishda ayblashmoqda
Chorshanba kuni Iordan daryosining g‘arbiy sohilida isroillik harbiylar amaliyoti chog‘ida Qatardagi «Al-Jazira» telekanalining taniqli jurnalisti Shirin Abu Akle halok bo‘ldi. Isroil manziliga OAV vakilini qasddan o‘ldirish bo‘yicha ayblovlar yangramoqda, Isroil TIV hodisani tekshirishni boshlagan.
51 yoshli Shirin Abu Akle isroillik harbiylarning Jyenindagi qochoqlar lageriga uyushtirgan ertalabki reydi vaqtida o‘ldirilgan, Isroil razvedkasiga ko‘ra bu yerda Falastindagi qurolli guruhlar vakillari yashiringan.
Abu Akle Jyenindagi vaziyatni yorib borayotgandi. «Ibn Sino» shifoxonasidagi falastinlik shifokorlar xulosasiga ko‘ra, u boshiga o‘qotar qurol bilan jarohat yetkazilishi oqibatida vafot etgan.
«Al Jazira» bayonotida jurnalist isroillik harbiylar tomonidan qasddan va sovuqqonlik bilan o‘ldirilgani aytiladi. Isroil bilan urush holatida bo‘lgan falastinliklarning HAMAS guruhi ham ushbu versiyaga qo‘shiladi.
Arab tilida faoliyat yurituvchi Maan nashrining tasdiqlashicha, isroillik harbiylar qochoqlar lageri hududidagi uyni o‘rab olishgan va tartibsiz ravishda o‘t ochishgan, natijada bir necha kishi, jumladan yana bir jurnali - «Al-Quds» gazetasi xodimi Ali Samudiy ham yaralangan.
Qatar hukumati ham bu hodisa bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib o‘tdi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Lolva al-Xaterning so‘zlariga ko‘ra, Abu Aklening ustida PRESS yozuvi tushirilgan zirhli nimcha bo‘lganiga qaramay unga qarata o‘t ochilgan.
Al-Xater Isroilning harakatini davlat terrorchiligi deb atagan va boshqa mamlakatlarni ushbu davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirgan.
Isroil tekshiruv o‘tkazishni taklif qilmoqda
Isroil tomoni mamlakat armiyasi maxsus amaliyotlar chog‘ida hech qachon tartibsiz ravishda o‘t ochmasligini, buni TsAXAL (Isroil mudofaa armiyasi) ko‘p yillar davomida o‘tkazib kelgan shu kabi reydlar ham tasdiqlashini bildirgan.
«Isroillik askarlar nishonga olinib o‘t ochilgan, ular tomonga granatalar otilishi boshlangan. TsAXAL bunga javoban o‘q uzgan», deyiladi Isroil mudofaa armiyasi bayonotida.
Isroildagilar hisoblashicha, Shirin Abu Akle falastinliklar o‘qlariga duchor bo‘lganini taxmin qilgan, shu bilan birga uning o‘limiga Isroil askarlari beixtiyor aloqador bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan va bu faqat birgalikdagi tekshiruvlar natijasida ma’lum bo‘lishini bildirgan.
Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapid Falastin tomoniga hodisa yuzasidan qo‘shma tekshiruv o‘tkazishni taklif etgan.
«Mojarolar hududidagi barcha jurnalistlar himoya qilinishi kerak va har bir tomon haqiqatning tubiga yetish uchun mas’uldir», degan Lapid.
Shu bilan birga, u Isroil armiyasi mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha joylarda amaliyotlarni davom ettirishini qayd etgan.
Isroil mudofaa armiyasi bir necha haftadan buyon Iordan daryosining g‘arbiy sohili shimolida «To‘lqinqaytargich» nomi ostida aksilterror amaliyot o‘tkazmoqda, bundan maqsad Quddus va uning atrofida sodir etilayotgan teraktlar to‘lqinini to‘xtatish hisoblanadi.
2022 yil mart-may oylarida bu hududlarda jami 19 hujum amalga oshirildi, natijada 20 nafardan ortiq isroillik halok bo‘ldi.
«Chegara bilmas muxbirlar» mustaqil tergov talab qildi
«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti 11 may, chorshanba kuni o‘z bayonotida jurnalistning o‘ldirilishini Jyeneva konvensiyalarining jiddiy buzilishi deb atadi va uning o‘limi holatlari yuzasidan zudlik bilan mustaqil tergov o‘tkazishni talab qildi.
«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapidning uning mamlakati jurnalist ayolning o‘ldirilishi bo‘yicha tergovda ishtirok etishi haqidagi taklifidan hafsalasi pir bo‘ldi: mustaqil xalqaro tergov zarur», deb yozdi tashkilot bosh direktori Kristof Deluar Twitter’dagi sahifasida.
Jurnalistika faxriysi
Shirin Abu Akle - falastinlik, 1971 yilda Quddusda tug‘ilgan. U xristianlar oilasidan bo‘lib, xristian dini odatlariga ko‘ra dafn etiladi.
Abu Akle Iordaniyada oliy ta’lim olgan. Birinchi diplomi bo‘yicha u arxitektor, ikkinchisi bo‘yicha - jurnalist.
U o‘z faoliyati davomida Iordaniyadagi bir necha nashrlarda va «Monte-Karlo» radiosida ishlashga ulgurgan, BMT va boshqa turli xayriya fondlari bilan hamkorlik qilgan.
1997 yildan buyon Abu Akle Qatardagi «Al-Jazira» telekanalida shtatdagi xodim edi. So‘nggi 20 yil mobaynida u Sharqiy Quddus va Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi voqealarni yoritib keldi.
Mavzuga oid
14:54
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:12 / 19.11.2024