Jahon | 12:50 / 18.05.2022
28597
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning Shvetsiya va Finlandiya NATOga kirishiga rozi bo‘lishi uchun shartlari ma’lum bo‘ldi

Ro‘yxatda yangi qiruvchilar yetkazib berish va Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchi tashkilot deb tan olish ham bor.

Foto: Kenzo Tribouillard/AFP via Getty Images

Turkiya hukumati Shvetsiya va Finlandiya NATOga a’zo bo‘lib kirishiga qarshilik ko‘rsatmasligi uchun o‘z talablari aks etgan ro‘yxatni tuzdi.

Bloomberg agentligi yuqori doiralardagi uch manbasiga tayanib xabar berishicha, Turkiyaning talablari qatorida Shvetsiya va Finlandiya Kurdiston ishchilar partiyasi va u bilan aloqador tuzilmalarni terrorchilik tashkilotlari sifatida tan olishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, agentlik suhbatdoshlari ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya F-16 qiruvchi samolyotlarining yangi partiyasini olishni hamda o‘z armiyasi ixtiyoridagi shu kabi samolyotlar modernizatsiya qilib berilishini istamoqda.

Bundan tashqari, Turkiya hukumati mamlakat yana F-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish dasturiga qaytarilishini kutmoqda, mamlakat 2019 yilda Rossiyadan S-400 zenit-raketa tizimlarini olganidan keyin bu dasturdan chiqarilgandi.  Anqaradagilar bu kelishuv tufayli qo‘llangan boshqa cheklov choralari ham bekor qilinishiga erishmoqchi.

  • Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an avvalroq Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lib kirishidan «ijobiylik» ko‘rmayotganini aytgandi. Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo esa Turkiyaning bu masala bo‘yicha pozitsiyasini «muhokama qilish» istiqbollarini «optimistik» baholashini bildirgandi.
  • 18 may kuni Shvetsiya va Finlandiyaning Belgiyadagi elchilari NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergga alyansga qo‘shilish istagi bitilgan rasmiy hujjatni topshirishdi.

Mavzuga oid